Shu munosabat bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligi ekinlarni sovuqdan asrash boʻyicha dehqon va fermerlarga qator tavsiyalar berdi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda tizimdagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari tomonidan, ayniqsa, toqsonbosti usulida yetishtirilayotgan piyoz va boshqa ekinlarni sovuqdan himoya qilish boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, ekinlarning sovuqqa chidamliligiga qarab ularni toʻgʻri parvarishlash katta ahamiyatga ega. Sabzavot ekinlari sovuqbardoshligiga koʻra bir necha guruhga ajratiladi.

Xususan, sovuqbardosh va qishga chidamli ekinlar qatoriga piyoz, sarimsoqpiyoz, shovul, rovoch va yerqalampir kiradi. Bu ekinlar -10°C dan -15°C gacha, qor ostida esa -20°C dan -25°C gacha boʻlgan sovuqqa chidam bera oladi.

Shuningdek, ayrim sabzavot turlari qisqa muddatli sovuqdan alohida himoya talab qilmaydi va tabiiy sharoitda ham nisbatan bardoshli hisoblanadi.

Mutaxassislar sovuq kunlardan keyin ekinlarni “stress” holatidan chiqarish uchun bir qator agrotexnik choralarni amalga oshirishni tavsiya etmoqda.

Jumladan, ekinlarni mikroelementlar va aminokislotalarga boy preparatlar bilan qoʻshimcha oziqlantirish, bargdan oziqlantirish uchun bor elementi mavjud vositalardan foydalanish yaxshi samara beradi.

Shuningdek, oʻsimliklar oʻsishini tezlashtirish maqsadida sulfat ammoniy kabi azotli mineral oʻgʻitlar qoʻllash tavsiya etiladi.

Sovuq taʼsirini kamaytirish uchun ekinlarni egat ustiga shaffof plyonka yopish, tuproq namligini saqlash maqsadida esa muntazam sugʻorish ishlarini amalga oshirish ham muhim hisoblanadi.

Mutaxassislar barcha agrotexnik tadbirlarni qisqa muddatda va intensiv tarzda bajarish zarurligini taʼkidlamoqda. Bunday choralar ekinlarni sovuqdan himoya qilish bilan birga, hosildorlikni saqlab qolishda ham muhim ahamiyatga ega.