Sovuq ta’sirida “shok” holatiga tushgan ekinlarga qanday agrotexnik  ishlov beriladi?

    Toʻqsonbosti usulidagi piyoz va boshqa ekinlarini shu kunlarda kuzatilayotgan sovuqdan asrash boʻyicha zarur agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish yuzasidan olimlar tomonidan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqdi.

    Joriy yilning 17-20-fevral kunlari mamlakatimizda hududida ob-havo harorati tushib, sovuq bo‘lishi haqida Gidrometeorologiya mutaxassislari ma’lumot berganidan xabaringiz bor.

    Ayni paytda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi ilmiy tadqiqot institutlari olimlari tomonidan to‘qsonbosti usulidagi piyoz va boshqa ekinlarini sovuqdan asrash bo‘yicha zarur agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilib, joylarga yuborilgan.

    Bundan tashqari ko‘pni ko‘rgan dehqon va fermerlar qishloq xo‘jaligi ekinlarini sovuqdan asrash bo‘yicha ko‘p yillik tajribalardan kelib chiqqan holda zarur-chora tadbirlarni ko‘rishmoqda.

    Sovuq va issiqqa bo‘lgan talabidan kelib chiqqan holda sabzavot ekinlarini 5-guruhga bo‘lish mumkin. Shuning I-guruhida eng sovuqbardosh va qishga chidamli o‘simliklar (piyoz, sarimsoqpiyoz, shovul, rovoch, yerqalampir (xren) kiradi. Bu guruhga mansub o‘simliklar qishda -10-15°C va qor ostida bo‘lsa,-20-25°C sovuqqa bardosh beradi, ularning yer ostidagi qismlari yaxshi qishlaydi.

    Qish-fasli ko‘pgina sabzavot o‘simliklari uchun tinim davri hisoblanadi, lekin ayrim sovuqqa chidamli sabzavotlar hatto juda qattiq sovuqqa ham yaxshi bardosh beradi. Sabzavotlarning ko‘p turlari sovuqqa chidamli bo‘lib, sovuqdan himoya qilishga ham ehtiyoj bo‘lmaydi.

    Qisqa muddatli sovuq kunlar bo‘lib o‘tgandan so‘ng, sabzavot ekinlarini “stress” va “shok” holatidan olib chiqish uchun quyidagi agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi.

    1. O‘simlikni qo‘shimcha oziqlantirishga katta e’tibor qaratish lozim, bunda turli mikroelement, aminokislotalarga boy preparatlar (Viusid, Biotrac singari tarkibida bor elementi mavjud bo‘lgan ozuqalar) bilan bargidan oziqlantirish yaxshi samara beradi.

    2. O‘simlikning o‘sish va rivojlanish jarayonini tezlashtirish maqsadida azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish zarur, bunda tez ta’sir etuvchi (Sulfat ammoniya) mineral o‘g‘itlardan foydalaniladi.

    3. Havo harorati o‘simlik uchun past bo‘lsa, egat ustini simbag‘az usulida shaffof plyonka bilan vaqtincha yopib turish maqsadga muvofiq.

    4. Barcha agrotexnik tadbirlarini intensiv usulda, qisqa muddatlarda amalga oshirish, tuproq namligini saqlab turish uchun sug‘orish lozim.