Buxoro viloyati IIBning maʼlum qilishicha, 2025-yil 28-dekabr kuni nomaʼlum shaxs Telegramʼda viloyatdagi tashkilot rahbarlaridan birining nomi va fotosuratlaridan foydalangan holda soxta akkaunt ochgan.

Ishonch uygʻotish maqsadida oʻzini mansabdor shaxs sifatida tanishtirgan va bir qator korxona hamda muassasa rahbarlariga “xizmat topshirigʻi” mazmunidagi xabarlar yuborgan.

Shundan soʻng, turli bahonalar bilan masalani tez hal qilish zarurligini aytib, pul mablagʻlarini bank plastik karta orqali oʻtkazishni soʻragan. Bunga laqqa ishongan tashkilot rahbarlaridan biri firibgarning kartasiga 8 million soʻm pul oʻtkazib bergan.

Ichki ishlar organlari mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs aniqlangan. U 1982-yilda Olot tumanida tugʻilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan, hozirda ishsiz boʻlgan va Kogon tumanida yashovchi fuqaro ekani maʼlum boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Dastlabki tergov harakatlari Buxoro viloyati IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan olib borilmoqda.