Soxta “SES xodimlari”dan ehtiyot bo‘ling!

    Poytaxtimizda oʻzlarini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining tuman boʻlimi xodimimiz (SES) deya tanishtirib, turli hasharotlarga qarshi dorilarni pullayotgan shaxslar paydo boʻlgani aytilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasining "Aholining sanitariya epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisidagi qonunining 34-moddasida:

    Dezinfeksiya tadbirlari yuqumli va parazitar kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishining oldini olish, ularning doirasini kamaytirish hamda ularni bartaraf etish maqsadida olib borilishi koʻrsatib oʻtilgan. Unga koʻra:

    • Epidemik koʻrsatkichlar boʻyicha dezinfeksiya tadbirlari-davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlar tomonidan;
    • Profilaktik dezinfeksiya tadbirlari-yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar asosida dezinfeksiya stansiyalari tomonidan oʻtkazilishi belgilab berilgan.

    Taʼkidlash joizki, oʻzlarini “SES xodimlari” deya tanishtirayotgan firibgarlar kelib chiqishi nomaʼlum dorilarni sotmoqda.

    Hurmatli fuqarolar, Siz ham shunday soxta “SES xodimlari” ni uchratsangiz, avvalo, zararsizlantiruvchi vosita sotayotgan fuqarolardan:

    • xizmat guvohnomasi;
    • qaysi tashkilot yoki boshqarmada faoliyat yuritishi;
    • zararsizlantiruvchi vosita sotishi va sotib olishingizga asos soʻrashga haqli ekanligingizni unutmang.

    Siz talab qilgan maʼlumotlarni berishdan boʻyin tovlagan firibgarlarga aldanib qolmang.

    Shunday vaziyatda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 78 8880101 (050) Ishonch telefoni, Toshkent shahar boshqarmasining 71 248-12-43 telefon raqami yoki Toshkent shahar IIB va hududiy boʻlimlariga zudlik bilan xabar berishingizni soʻraymiz, — deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi rasmiy bayonotida.