Til — millatning oʻziga xosligini koʻrsatuvchi eng asosiy vosita. Oʻtgan yillar davomida oʻzbek tilining davlat tili sifatida nufuzini oshirish yoʻlida koʻplab amaliy ishlar qilindi. Xususan, 2019-yil 4-oktyabrda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining 30 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtardi. Bugun Vazirlar Mahkamasida bevosita til masalalari bilan shugʻullanuvchi departamentning tashkil qilingani, qolaversa, har bir tashkilot va idora rahbarining ayni davlat tili haqidagi qonunga rioya etilishida koʻmaklashuvchi maslahatchilar lavozimi joriy etilishi biz yuqorida taʼkidlagan amaliy ishlardan bir namunadir. Ustoz ijodkorlarning til himoyasiga bagʻishlangan, davlat tilining mavqeini mustahkamlashga xizmat qiluvchi asarlarni oʻquvchilar hukmiga havola etishi ham quvonarli, albatta. Ana shunday ogʻir, ammo juda sharafli vazifani yelkasiga olib, til targʻiboti yoʻlida yangi yoʻlni boshlab bergan ustozlarimizdan biri hech shubhasiz Erkin Vohidovdir. Quyida oʻzbek tilining jonkuyar himoyachisi, faol targʻibotchisi boʻlgan ustozimiz Erkin Vohidov haqida koʻnglimdagi gaplarni yozdim.

Tangri Taologa oʻzbek xalqining qaysidir hislati maʼqul tushgan boʻlsa kerak, toleiga Erkin Vohidovdek buyuk shoirni, mutafakkirni, tengi yoʻq soʻz zargarini tuhfa qildi. Men oʻzbekning oddiy bir havasmand ijodkori sifatida shukurlar qilamanki, oʻquvchilik kezlarim darsligimda suratini koʻrganim, sheʼrlarini yod olib imtihonlarda “besh” olganim insonning nazariga tushdim, mehrini qozondim.

Qiziq bir holatni koʻp kuzatganman, jurnal yoki gazetda biror ijodkorning suratini ilk bor koʻrganingdayoq koʻnglingda qanday taassurot uygʻonsa, keyinchalik oʻzi bilan koʻrishgan paytingda ham haqiqatan tasavvuringga mos inson ekanligiga guvoh boʻlarkansan. Gohida shunday boʻladiki, baʼzi kishilar oʻqishli asarlar yozgan taqdirda ham, suratini koʻrgan paytingda qandaydir noxush kayfiyat uygʻonadi, negadir koʻngil gʻash tortaveradi. Xuddi shunaqa ijodkorlar bilan keyinchalik birga ishlashga, safarlarda sherik tushishga, baʼzilari bilan qoʻshni boʻlib yashashga toʻgʻri kelgach, bu fikrimga yaqqol amin boʻlganman. Ammo Erkin Vohidovning yorugʻ yuzi, oʻziga yarashgan salobati, teran nigohini suratlarida yoki televizionda ilk bor koʻrgan paytimdayoq yaxshi inson ekanligiga ishonch beruvchi kayfiyat paydo boʻlgan. “Erkinjon chiqqan gazetaning oʻsha sahifasi nur taratib turadi”, derdi ustoz Yoʻldosh Sulaymon.

Keyinchalik Erkin Vohidov bilan yaqin hamsuhbat boʻlib, betim qotib, uncha-muncha gapni bemalolroq aytadigan boʻlganimda, oʻsha birinchi taassurotimni eslab, ustozga soʻzlab berdim. U kishi, oʻziga yarashgan alfozda, boshlarini ozgina orqaga tashlab, kulib, “Ha, suratda odamning koʻngli aks etadi, buni ilgʻagan ilgʻaydi. Lekin baʼzi insonlar suratga tushishni qotiradi, bir qarashda pokdomon, farishta boʻlib koʻrinadi, – dedi va jiddiy tortib, misol tariqasida Stalinni esladi, – uning rasmiga odamlar mahliyo edi, haligacha uyining toʻrida asraydiganlar bor, lekin ular u odamning qanday razil, vahshiy boʻlganini tasavvuriga ham sigʻdirolmaydi”, dedi va yana kulimsib qoʻshimcha qildi: “Bunaqa nusxalar bugun ham uchrab turadi”.

Ulugʻlar haqida gap ketganida baʼzilar “guruch bahona suv ichib qolaylik” degan maqsadda oʻzining shaxsiyatini targʻib qilib qoladi, shunga xushyor boʻlish kerak deyishadi. Lekin, buyuk shaxslar toʻgʻrisida koʻzing bilan koʻrib, oʻz qulogʻing bilan eshitganlaringni yozmasang, koʻz koʻrib, quloq eshitmagan oldi-qochdi hangomaga aylanib ketishi ham hech gapmas.

Alqissa, ustoz bilan birinchi koʻrishuvim bundoq boʻlgan. “Qoʻngʻiroq” nomli maqolamda bu haqda eslaganman, talabalik paytimda Toshkentga “sheʼr tarqatgani” kelib, Hamza teatri yonidan chiqib qoldim. Bir pas angrayib, atrofni tomosha qilib tursam, birdan, yoʻl chetida mashina toʻxtab, kimsan naq Erkin Vohidovning oʻzginasi tushib turibdi! Xuddi kutilmaganda boshidan baxt qushi uchib oʻtgan odamday angda qoldim. Kimdir kutib olishi kerak boʻlgan shekilli, ustoz avval atrofga koʻz yugurtirib, soʻng oʻzlariga xos mahobat bilan ohista yurib, zinadan bir-bir bosib, ichkariga kirib ketdi. Angraygancha qoldim. “Eh, nimaga dastxat olib qolmadim, nimaga borib soʻrashmadim”, deyman hushimni yigʻib olgach. Keyinchalik Erkin akaga shu voqeani eslatganimda, oʻziga xos lutf bilan: “Yugurib borib, qoʻlimni ushlamabsiz-da, men Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo boʻlaman!” demagan ekansiz-da, dedi. Shu gapdayam ikki maʼno borligini qarang: boʻlaman – men oʻshaman; boʻlaman – men hali boʻlaman...

1991-yil Toshkentga kelib, “Vatan” gazetasida ish boshladim. 1994-yil ustoz Xayriddin Sultonov chaqirib, Erkin Vohidov meni soʻrayotganini, “Koʻngil” nomli kitobim maʼqul boʻlganini, Gulchehra opaga (Erkin Vohidovning turmush oʻrtogʻi) Davlat Standartlash agentligiga yordamchi xodim kerak ekanligini aytdi. Xayriddin akaning stolida ham oʻsha shapaloqdek kitobcha turganini koʻrib xursand boʻldim...

Ertasiga qoʻmitaga bordim, telefon qilib bogʻlanolmadim, ancha payt kutdim. Keyin bilsam, opaning toblari qochib kasalxonaga tushib qolib, ishga kelolmabdi. Shunday qilib, opaga yordamchi boʻlish tolemizga yozilmagan ekan. Lekin, keyinchalik oilaviy bordi-keldi asnosida opaga oʻgʻil, Xurshidbek bilan aka-uka boʻlib ketdik. Gulchehra opam qoʻli gul uy bekasi boʻlishi bilan birga, ham soʻzga chechan, noziktaʼb sheʼrshunos ekanligiga koʻp guvoh boʻlganman. Buyuklarni suyab turadigan togʻi boʻladi, ilhom beradigan chamanzor bogʻi boʻladi deyishadi. Oybekning Zarifaxonimi, Hamid Olimjonning Zulfiyasi, Qahhorning Kibriyosi haqida koʻp hikoyalar bor. Men ana shunday timsollar qatoridda Opaning qiyofasini ham koʻraman.

Ustoz bilan birinchi suhbatimizdan tortib, statsionardagi oxirgi uchrashuvimiz paytida ham ul zot soʻzni qanchalik eʼzozlagani, tilga qanchalik mehr va muhabbat ila munosabatda boʻlganliklari, soʻzni yosh boladay, jujuqday erkalaganliklariga shohid boʻlganman.

Adabiy “gap”imiz bor edi. Oʻtkir Hoshimov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Ibrohim Gʻofurov, Umarali Normatov, Neʼmatullo Ibrohimov, Abdugʻofur Rasulov, Shuhrat Rizayev, Hamidullo Boltaboyev, Xurshid Doʻstmuhammad kabi adib-olimlar ishtirokida kun boʻyi adabiy suhbatlar boʻlardi. Suhbatlarda gap Navoiyga borib taqalaverar, soʻzlarning tarixiga, rivojiga, harakatiga taalluqli mushohadalar qizigandan qizirdi. Erkin aka mening “Devonu lugʻati-t-turk”ka qiziqishimni ragʻbatlantirib, “Shoir odam olim, tilshunos boʻlishi kerak, shoirning ilmi shiraliroq boʻladi”, derdi.

“Alp Er Toʻnga oʻldimi?

Esiz, ajun qaldimi?

Oʻdlak oʻchin aldimi?

Emdi yurak yirtilur!” — toʻrtligini oʻqisam, “Voh, mana buni sharhlash kerak, sheʼrni qarang, turkning qilichidek keskir, ham ritorik soʻroq, ham odam qaygʻudan oʻz ichiga sigʻmayotgani ifodasi! Mana shu haqiqiy sheʼr, voh-voh”, deb toʻlqinlanib ketardi.

Alisher Navoiyning “Insonni soʻz ayladi judo hayvondin, Bilkim, guhare sharifroq yoʻq ondin”, baytini keltirib, ustoz: “Navoiy hazratlari ikki maʼnoga ishora qiladi, birinchisi, “Hayvonga til ato etilmadi, faqat ovoz berildi”, ikkinchisi, “Insonni hayvondan judo qilgan jihat – tilning nazokati, goʻzalligi, latofati, soʻzni ishlatish mahorati. Inson boʻla turib tilni toʻgʻri ishlata olmasa, hayvondan farqi boʻlmaydi, til latofatiga ega boʻlishi — insonni hayvonsifat odamdan farqlaydi”, degan maʼnoni ham ifodalaydi...”

Bir kuni Erkin aka Abdulla Qahhorning “Nima uchun koʻcha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?” degan gapini eslab, “Agar til qoidasini buzib, bulgʻab, oyoqosti qilayotganlar jarimaga tortilganda, bizdan koʻra boy davlat boʻlmasdi, buncha pulni qayoqqa qoʻyishni bilmay qolardik”, deb lutf qilgandi...

“Til uchun faqat Til qoʻmitasi yoki boshqa masʼul idoralarmas, xalq kurashishi kerak, chunki bu bir tashkilotning emas, xalqning boyligi”, – deb taʼkidlardi. “Soʻz latofati” kitobida yozganidek: “Ona tili umummillat mulki. Demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy. Men oʻzbekman, degan har bir inson oʻzbek tili uchun kaygʻurmogʻi kerak. Unutilgan soʻzlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolgʻiz tilshunoslarning emas, millatning ishidir”.

Erkin akaning:

El – ustozim, men esa – tolib,

Soʻz durlarin termoqdir ishim.

Odamlarning oʻzidan olib,

Odamlarga bermoqdir ishim, – degan misralari oʻzlarining hayot shiorlariday jaranglab, yashash prinsipiga aylangan edi. Erkin aka oxirgi paytlaridayam tilning goʻzalligiga suyanib, shundan zavq-shavq, quvvat olib yashadi. “Soʻz latofati” kitobidagi hikmatlarining juda koʻplarini oʻsha suhbatlarda bizga gapirib, pishitib olgandi.

Daholarning hikmati shundaki, odamlar bilgan, ammo idrokiga yetmagan mulohazalarni sodda qilib tushuntirib qoʻyadi. Qarang, qarsak bilan chapakni qanday sharhlayapti: “Kaftni kaftga urish – olqish belgisi. Chiqqan tovush chapillasa chapakqarsillasa qarsak boʻladi. Agar birov gʻaflatda, angda, biror narsadan gʻofil qolsa, chapak chalgancha qoldi, deyiladi”. Yoki uzum haqidagi fikrlariga eʼtibor qiling: “Uzum yedim, “uzum” dedim, bilsam, tokdan uzib yedim, degandek, oʻz koʻlim bilan ishkomdan uzum uzaturib, bu soʻzning uzmoqdan olingani xayolimga kelgan edi. Axir ungan narsani unumgʻuj oʻsgan mevani gʻujumjamiyat tuzilishini tuzumchoʻgʻning qoʻridan kolgan kulni qurum deymiz. Ogʻizga solib yutganimiz yutumtomoqdan qult etib oʻtgan suv qultum boʻlganidek, ishkomdan uzib yeganimiz uzum boʻladi-da, deya oʻz sodda kashfiyotimdan suyungan edim..”

Erkin akaning tilga boʻlgan munosabati haqida soʻz ketganda, yana bir jihatga eʼtibor qilishni istardim. Tilimizni yaxshi koʻradigan akalarimiz, doʻstlarimiz, xudoga shukur, koʻp. Lekin ularning qarashlarida baʼzida mahdudlik, cheklanish jihatlarini ham koʻramiz. Masalan, kimdir forscha soʻz kerakmas, deydi. Kimdir arabchani, kimdir turkchani-da ishlatishga qarshi, oʻzbek tili “sof” boʻlishi tarafdori. Erkin aka aytardilarki, “Tilimiz shakllangan muhit, jugʻrofiy hudud forsiy, arabiy va turkiy daryolardan suv ichgan, shuning uchun ham ifoda imkoniyati keng. Shunaqa tovlanishlar borki, boshqa turkiy tillarda topilmaydi bu. Qodiriy tilini, Bobur tilini koʻring, soʻzning qanday goʻzal ifoda topishiga eʼtibor qiling. Xalqona soʻzlarni aytmaysizmi. “Qani, oʻzlaridan boʻlsin”, degan ifodani qaysi tildan topish mumkin?”

Bugungi umumlashuv davrida dunyodagi hech bir faol til xorij soʻzlaridan oʻzini butunlay muhofaza qila olgan emas. Inglizmi, yaponmi, turkmi, hammasida ham minglab, oʻn minglab boshqa tillardan kirib kelayotgan soʻzlar borligini kuzatish mumkin.

Darhaqiqat, Erkin aka tilga nisbatan juda bagʻrikeng edi. “Tilimizdan boshqa soʻzlarni haydab chiqaramiz, deyish notoʻgʻri, chunki xalqimizning qon-qoniga singib boʻlgan baynalmilal, internatsional soʻzlarni ham qabul qilishimiz kerak. Din nuqtayi nazaridan, arabcha ham tilimiz hisoblanadi. Yaqin hamkorlikda boʻlib singishib ketgani uchun fors tiliyam oʻzimizning tilimiz”, derdi. “Soʻz – zabarjad, zoʻr – gavhar, oltin...” Shu ifodaning oʻzida ham uchta tildan foydalangani tilga boʻlgan munosabatini anglatadi. Erkin akaning gaplaridan xulosa qilamanki, Temur bobomiz dunyoni qanday bosib olib, ega chiqqan boʻlsa, biz ham ularning tillariga qaysidir maʼnoda egamiz. Navoiy bobomiz fors tiliniyam, arab tiliniyam mukammal oʻzlashtirib, bizga meros qilib qoldirgan...

“Men butun insoniyatni, koinotni yaxshi koʻraman, jonimni fido qilaman”, deyishimiz mumkin. Lekin bu sevgimiz xalqqa naf keltirmasa, balandparvoz gapligicha qolaveradi. Erkin aka shu maʼnoda oʻz xalqining adabiyotiga, tiliga cheksiz sadoqati, muhabbati yaraqlab koʻrinib turadigan, goʻzallikni ardoqlaydigan, dunyo tillarini hurmat qiladigan kengyurak inson edi. Agar kishi oʻzini hurmat qilmasa, boshqalar ham uni hurmat qilmaydi, oʻz tilini hurmat qilmasa, boshqalar ham uning tilini hurmat qilmaydi. Agar inson oʻz xalqini boshiga koʻtarmasa, boshqa xalq vakillari hech qachon bu ishni qilmaydi. Erkin aka: “Menga Pushkin bir jahonu, menga Bayron bir jahon”, – deya ularning hurmatlarini joyiga qoʻyib, – Lek Navoiydek bobom bor, koʻksim osmon, oʻzbegim”, satrlariga bir umr sadoqat bilan yashab oʻtdilar. Mana shu bagʻrikenglik, insoniyatga boʻlgan muhabbat Erkin akaning ijodida oʻz aksini topgan. Gʻazallarida, sheʼrlarida soʻzni oʻynatib, xuddi tilla tangani otib quyoshning nurida tovlantirganday ifoda jilvalarida aks ettirargan. Sodda satrlari bilan soʻz sanʼatining goʻzal va mukammal namunalarini yaratib ketdi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida Oliy Majlisda Til qoʻmitasiga rais boʻlib faoliyat olib borgani ham tasodif emas. Bu vazifaga tilni yaxshi koʻradigan, hurmat qiladigan va oʻzi ham hurmatga loyiq boʻlgan inson bosh boʻlishi kerak edi va bu juda toʻgʻri tanlov boʻlgandi. Oʻsha paytda birga ishlagan safdoshlari Erkin akaning qanchadan-qancha atamalarni oʻzbekchalashtirib bergani, oʻzbekcha qonun tilining yaratilishida qoʻshgan beqiyos hissalarini eslashadi. Bunda elsevar bir shaxsning ijodi va shaxsi, tili va dili naqadar birligini koʻrishimiz mumkin.

Erkin akaning soʻzga nisbatan masʼuliyati, qatʼiyatiga, ayniqsa bugun katta ehtiyoj sezilyapti. Til haqidagi qonun yangi tahrir topayotgan, tilimizga yangi imkonlar ochilayotgan bir paytda Erkin aka bergan saboqlar hammamiz uchun oʻta muhim.

Soʻz, soʻzning masʼuliyati haqida koʻp gapirish mumkin, ammo Erkin akaning hikmatlaridan, “Devonu lugʻati-t-turk”dagi maqollardan xulosa qilib aytish mumkinki, soʻz haqida gapirganda soʻzni tejagan, til haqida ogʻiz ochganda tilni vaqtida tiygan durust.

Ustozimizning oxiratlari obod, ruhlari shod boʻlsin!

Zero, Erkin aka lutf etganidek: “Oʻz ona tilini sevmagan, til zamirida yotgan tarixni bilmagan, qiziqmagan odam barkamol sanalmas. U kim, qaysi yurt va qaysi millatga mansub ekanidan, oʻz ona tilining boyu kambagʻalligi, mayin yo dagʻalligidan qatʼi nazar. Oʻz tiling oʻz vataningdek aziz, oʻz onangdek tabarruk...”

Iqbol MIRZO,
Oʻzbekiston xalq shoiri,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fan, taʼlim, madaniyat va sport qoʻmitasi raisi oʻrinbosari