Unda senatorlar, deputatlar, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Jurnalistlar uyushmasi masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari F.Boqiyev, Jurnalistlar uyushmasi raisi O.Oʻsarov va boshqalar soʻngi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sohani rivojlantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Prezidentimizning 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu boradagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilgani qayd etildi.
Sohada taʼsirchan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi hamda amalga oshirilgan islohotlar natijasida ommaviy axborot vositalari soni keskin oʻsdi. Hozirgi kunda respublikamizda 2082 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat koʻrsatyapti. Jumladan, 629 ta gazeta, 587 ta jurnal, 19 ta axborotnoma-byulleten, 78 ta telekanal, 37 ta radiokanal, 5 ta axborot agentligi, 727 ta internet nashr mamlakatimizda va dunyoda roʻy berayotgan yangiliklarni keng jamoatchilikka tezkor, xolis yetkazayotir. Ayniqsa, xususiy medialar va bloglar hayotimizdan keng oʻrin egallab borayotgani natijasida islohotlarga toʻsiq boʻlayotgan kamchilik va muammolar matbuot sahifalarida va ijtimoiy tarmoqlarda dadil koʻtarib chiqilib oʻz vaqtida hal etilmoqda.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish borasida izchil ish olib borilyapti. Buning natijasida 35 ta ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni davlat organlari rasmiy veb saytlari va ochiq maʼlumotlar portalida ochiqlab borish joriy qilindi.
Bu chora-tadbirlar yurtimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishi barobarida, xalqaro reyting va koʻrsatkichlarda ham mamlakatimiz nufuzini mustahkamlamoqda. Xususan, “Chegarasiz reportyorlar” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan soʻz erkinligi indeksining 2022-yilgi reytingida Oʻzbekiston oʻz koʻrsatkichlarini 24 pozitsiyaga yaxshilab, 133-oʻringa koʻtarildi.
Tadbirda bu yoʻnalishdagi islohotlarda sobitqadamlik, bardavomlik muhim ekani alohida qayd etildi va sohani yanada rivojlantirish uchun bir qator vazifalarni hal etish lozimligi taʼkidlandi. Xususan, media sohasini yanada rivojlantirish uchun ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning ish faoliyatida uchrayotgan turli toʻsiqlarni bartaraf etish lozim. Shu maqsadda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik yoki aralashganlik uchun javobgarlik masalasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotganiga toʻxtalib oʻtildi.
Bundan tashqari, davra suhbatida davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik boʻyicha amalga oshirayotgan ishlari samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan ochiqlik indeksi joriy etilgani qayd etildi. Bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar va koʻrilayotgan choralar ijrosi boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari hisobotlari har yarim yilda Oliy Majlis Senati majlislarida eshitilishi koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, qonunchilikdagi muhim oʻzgarishlardan biri sifatida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilangani ham muhokama qilindi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri