Spin-off kompaniyalar: Eron tajribasi Oʻzbekistonda ham samara bermoqda

    Xalqaro hamkorlik 20 Iyun 2023 921

    Oʻzbekiston tashqi siyosatda doʻstlik va oʻzaro ishonchli hamkorlik aloqalarini faol kengaytirish tarafdori. Oxirgi yillarda oliy darajadagi tashriflar sonining ortgani, xorijiy davlatlar rahbarlarining yurtimizga tez-tez tashrifi ana shu hamkorlik munosabatlarining yanada rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

    Asosiysi, ushbu uchrashuvlarda barcha tomonlar uchun birdek manfaatli bitimlar imzolanyaptiki, natijada hamkorlik koʻlami bilan birga, erishilayotgan natijalar ham ortib boryapti.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 18-iyun kuni Eron Islom Respublikasiga tashrifi davomida hamkorlikni kengaytirishga doir loyihalarning keng paketi koʻrib chiqilgani bunga misol.

    Eron oxirgi oʻn yilliklarda fanning ilmiy-texnik rivojlanishi va tijoratlashtirish boʻyicha harakatlarini sezilarli darajada oshirganini alohida taʼkidlash joiz. Bu jarayonning asosiy drayveri esa yuqori texnologiyali, ilmiy hajmdor “Spin-off” kompaniyalari hisoblanadi. Mamlakatimizda ham ana shu tajriba asosida korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunda samarali ishlab kelmoqda.

    “Spin-off” ilm-fan va ishlab chiqarishga innovatsiyalarni joriy etish, yangi loyihalarni tijoratlashtirish kabilarni nazarda tutadi. Eronda spin-off kompaniyalarining aksariyati ilmiy-tadqiqot asosida faoliyat olib borgani bois, koʻpincha universitet va tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda ishlaydi. Ularning shakllanishi va oʻsishi davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, investitsiyalar, grantlar hamda moliyaviy instrumentlar bilan taʼminlanmoqda.

    Gap shundaki, spin-off kompaniyalari ilmiy kashfiyot va texnologik ishlanmalarni tijorat mahsulotlari hamda xizmatlariga aylantiradi. Ularning faoliyati innovatsiyalarning keng tarqalishi, yuqori sifatli ish oʻrinlari yaratilishi va innovatsion tadbirkorlikning rivojlanishiga xizmat qiladi. Ayni vaqtda, ular Eronda ilmiy kashfiyotlarni tijoratlashtirish va texnologik rivojlanishning manbasiga aylangan. Akademik tadqiqotlarni sanoat texnologiyalariga aylantirgan holda, innovatsiyalar katalizatori vazifasini ham bajarmoqda.

    Yuqori texnologiyali spin-off kompaniyalari mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga katta hissa qoʻshyapti. Eksportni koʻpaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari mahsuldorligi va texnologik darajasini oshirishga yordam bermoqda. Bundan tashqari, ular yangi texnologiyalarni joriy etib borishi tufayli ijtimoiy va ekologik muammolarni hal qilishda ham katta tayanchga aylangan.

    Masalan, Eronning nanotexnologiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Fanavaran Nano-Meghyas” spin-off kompaniyasini olaylik. U yerda energiya, atrof-muhit va sogʻliqni saqlash sohalarida ishlatiladigan noyob nanokompozitlar va nanomateriallar ishlab chiqariladi. Kompaniya oʻzining innovatsion mahsulotlari va texnologiyalari tufayli xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashga erishdi va hozir nanotexnologiya sohasida jahonda yetakchilardan hisoblanadi.

    Mamlakatdagi yana bir spin-off korxona — “Sodour Ahrar Shargh Co” esa tibbiyot jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ular keng turdagi mahsulotlar, jumladan, yurak-qon tomir kasalliklariga tashxis qoʻyish va davolash tizimlarini tayyorlab, dunyoning koʻplab mamlakatlariga eksport qilmoqda.

    Eronning telekommunikatsiya sohasida yetakchi kompaniyalaridan biri “Iran Telecommunication Manufacturing Company” ham spin-off texnologiyasi asosida ish olib boradi. Kompaniya keng turdagi aloqa mahsulotlari va uskunalari, xususan, raqamli telefon stansiyalari, optik maʼlumotlarni uzatish tizimlari va mobil aloqa vositalarini ishlab chiqarib, jahon bozorida ancha tanilgan.

    Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Oʻzbekiston bu yoʻnalishda Eron bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygani bejiz emas. Chunki yuqori texnologiyali spin-off kompaniyalarini rivojlantirish tajribasi ilmiy-tadqiqot faoliyati, texnologik taraqqiyot va fanni tijoratlashtirish drayveriga aylanibgina qolmay, ilmiy-texnologik rivojlanish iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni hal qilishga ham hissa qoʻshishi mumkinligining muhim namunasidir. Eronning bu boradagi muvaffaqiyati innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish uchun fan va texnologiyalar sohasining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi va ularga sarmoya kiritish muhimligini tasdiqlaydi.

    Mamlakatimizda esa oxirgi yillarda ayni shu jihatlar sezilarli faollashgan. Ilm-fan, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, sohani rivojlantirish orqali barcha sohalarni raqamlashtirishga erishish maqsadida katta moliyaviy sarmoyalar kiritilyapti. Eronning yuqoridagi ilgʻor tajribasini oʻzimizda qoʻllashdan koʻzlangan maqsad ham shundan iborat.

    Qisqa muddatlarda yurtimiz hududlarida farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, tibbiyot, arxitektura, turizm, veterinariya, energetika va metallurgiya sohalariga oid spin-off korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Joriy yil iyun oyi holatiga koʻra, mamlakatimizda 17 ta ana shunday korxona ish olib boryapti. Ular tomonidan 66 turdagi yangi mahsulot hamda xizmat koʻrsatish taklif etilgan boʻlib, 8 milliard soʻmlik sotuv amalga oshirilgan, 2,5 million dollarlik eksport shartnomalari tuzilgan. Asosiysi, mazkur korxonalarda 300 dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi.

    Masalan, Andijon viloyatida ish boshlagan “Ipak koʻchat klaster” (spin-off) korxonasi navdor tut koʻchatlari yetishtirmoqda. Korxonani tashkil etishdan maqsad ham aynan yurtimizda ipak qurti ozuqa bazasi sifati va hosildorligini oshirishdan iborat edi. Shu maqsadda innovatsion korxonada biotexnologiya laboratoriyasi ochildi. Oʻtgan yili “InnoWeek—2022” koʻrgazmasi doirasida mazkur korxona Qozogʻiston Respublikasining “ACBC OIL” korxonasi bilan umumiy qiymati 2,43 million dollarlik shartnoma imzolashga erishdi. Shartnoma boʻyicha xaridorga 2022—2027-yillar davomida jami 27 million tup navdor tut koʻchati yetkazib beriladi.

    Samarqand viloyatida esa “BioAgroVet” MCHJ (spin-off) korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ular import oʻrnini bosuvchi veterinariya vositalari ishlab chiqaradi. Yana bir spin-off korxona — “UNIGEN” MCHJ esa chorvachilik fermer xoʻjaliklariga tashxislash boʻyicha ilmiy-amaliy xizmatlar koʻrsatib kelmoqda.

    Toshkent viloyatidagi “BIOTON” MCHJ (spin-off) korxonasi dorivor oʻsimliklar xomashyosini chuqur qayta ishlash asosida ekstraktlar olish va biologik faol moddalar substansiyalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hozirgi kunda korxona tomonidan mahalliy isteʼmolchilarga 845,2 million soʻmlik mahsulot yetkazildi. Rossiya va Niderlandiyaga eksport yoʻlga qoʻyilgan.

    Umuman, bugungi kunda yurtimizning deyarli barcha hududlarida spin-off korxonalar faoliyatini koʻrish mumkin. Ular innovatsion texnologiyalar asosida mahsulot ishlab chiqarish samaradorligining yaqqol namunasidir. Tajribaning ilmiy va iqtisodiy natijadorligi ham yuqori. Mamlakatimizda ana shunday tajriba va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash faollashayotgani joylarda ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirishga xizmat qiladi.

    Jamoliddi BOBOXONOV,

    Innovatsion rivojlanish agentligi

    boshqarma boshligʻi