Eng yomoni, bu koʻrsatkichlar yil sayin ortib bormoqda.
Yurtimizda ham kuz-qish mavsumida aholining oʻz xonadonlaridagi isitish moslamalaridan notoʻgʻri foydalanishi, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida turli koʻngilsiz holatlar yuzaga keladi. Achinarlisi, ayrim fuqarolarning eʼtiborsizligi tufayli oʻnlab insonlar bevaqt hayotdan koʻz yumadi.
— Uglerod oksidi, yaʼni is gazi hidsiz va rangsiz boʻlib, inson oʻzida holsizlanish alomatlarini his qilmagunicha uning borligini sezmaydi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov. — Ushbu gazdan zaharlanish uchun esa uning eng kam miqdori yetarli hisoblanadi. Shu bois is gazi “koʻrinmas qotil” deb ham ataladi. Uglerod oksidi asosan tabiiy gaz, koʻmir, oʻtin choʻgʻlarining toʻliq yonmasligi natijasida hosil boʻladi.
Shuningdek:
yongʻin;
ishlab chiqarishda turli organik moddalarni sintezlashda is gazidan foydalanish;
yetarli havo aylanmaydigan sharoitda gazga moslashtirilgan qurilmalarning havoni tortish mexanizmi ishdan chiqishi yoki ventilyatsiya kanallariga havo yetarlicha kirib turishi;
uy sharoitida quvurlardan tabiiy gaz sizib chiqishi va pechlar qopqogʻini yopmaslik oqibatida ham hosil boʻladi.
U barcha muhitda yuzaga kelishi mumkin, hatto, gaz plita duxovkasida ham. Buning asosiy sababi yonish maydonida yetarli kislorod mavjud emasligida.
Is gazi organizmga nafas aʼzolari orqali taʼsir etib, avvalo, qonga kiradi va gemoglobin hujayralarini zararlaydi. Shundan soʻng gemoglobin kislorod tashish qobiliyatini yoʻqotadi. Odam bu gazdan qancha koʻp nafas olsa, uning qonida shunchalik gemoglobin kamayadi va tanada kislorod yetishmovchiligi paydo boʻladi. Is gazidan zaharlanishdan soʻng gemoglobin hujayralarini tiklash uchun koʻp vaqt talab etiladi.
Uglerod oksididan zaharlanish qisqa muddatda yoki sekinlik bilan yuzaga chiqishi mumkin. Bu esa oʻsha muhitda havo tarkibidagi gazning konsentratsiyasiga bogʻliq. Agar uning miqdori kam boʻlsa, insonda mushaklar boʻshashishi, bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, koʻngil aynishi, qusish, uyquchanlik kuzatiladi.
Yuqori konsentratsiyada zaharlanish tezda yuzaga chiqadi va hushdan ketish, tutqanoqlar va nafas toʻxtashi bilan namoyon boʻladi. Eng yomoni, nafas markazining falajlanishi oqibatida oʻlim holati yuz berishi mumkin. Baʼzida zaharlanishdan 2-3 hafta oʻtib ham bemorlarning vafot etish holatlari qayd etilgan.
Shu bois is gazi xavfidan doimo ogoh boʻlish, isitish moslamalaridan toʻgʻri foydalanish, eng muhimi, yuqoridagi sabablarning kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
(Davomi bor!)
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati