Bu kabi yolgʻon axborotlar avval ham kuzatilgan va vaziyat boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻz munosabatini bildirgan edi. Mazkur holat boʻyicha vazirlik quyidagilarni maʼlum qiladi.
Haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan va rasmiy manbalar orqali tasdiqlanmagan bu kabi uydirma xabarlarni tarqatuvchilar endilikda internetda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi nomidan maxsus sahifa ochib, odamlarni oʻz tuzogʻiga ilintirishga intilmoqda.
Xususan, vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlanib, uning asosiy fonida vaksina olganlarga 750 ming soʻm miqdorida pul mablagʻi berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy maʼlumotlarni kiritish soʻralgan.
Yuqoridagi axborot firibgarlik maqsadida tarqatilgan boʻlib, u hech qanday rasmiy asosga ega emas.
Shu bois vazirlik aholidan bu kabi feyk xabarlarga ishonmaslikni, vaksinatsiya jarayonlari bilan bogʻliq eng toʻgʻri maʼlumotlarni Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy ssv.uz sayti hamda telegramdagi https://t.me/ssvuz, https://t.me/ssvmatbuotkotibi sahifalari orqali olishlari mumkinligini eslatib oʻtadi.
Unutmang, bu kabi yolgʻon xabarlarni tarqatish tegishli tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.