Yurtimizda tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlarning davolash samaradorligi 91 foizga yetdi

    Salomatlik 20 Oktabr 2022 1599

    Bugun poytaxtimizda “Oʻzbekiston ftiziatriyasi asosi – profilaktika, diagnostika va davolashdagi innovatsiyalarning yaratilishi hamda istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻz ishini boshladi.

    Tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari U. Sabirov, JSST Yevropa mintaqaviy byurosi, “Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro muruvvat tashkiloti London idorasi, Silni toʻxtatish (Stop-TB Partnership) tashkiloti, AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID), OITS, sil va bezgakka qarshi kurash Global jamgʻarmasi vakillari, ftiziatriya va pulmonologiya sohasiga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari mutaxassislari ishtirok etyapti.

    Anjumanning ochilish marosimida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston ftiziatriya xizmati roppa-rosa bir asrlik tarixga ega. Ayniqsa, keyingi yillarda izchil profilaktik chora-tadbirlar tufayli yurtimizda tuberkulyoz, gepatit va shu kabi epidemiologik xastaliklarga chalinish holatlari sezilarli darajada kamaydi.

    Xususan, bugun jahon miqyosida dorilarga sezuvchan tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlarning davolash samaradorligi 85 foizni tashkil etadi. Yurtimizda esa bu koʻrsatkich 91 foizga teng. Albatta, bunday ijobiy oʻzgarishlarga oʻz-oʻzidan erishilayotgani yoʻq.

    Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yurtimizda ushbu xizmatni takomillashtirish, tuberkulyoz va surunkali nospetsifik oʻpka kasalliklariga qarshi kurashish, ularni eng zamonaviy usullar asosida samarali davolashga xizmat qiluvchi yetakchi ilmiy muassasa hisoblanadi.

    Eʼtirof etish joiz, avvallari mazkur xastalikka chalingan bemorlar 8-10 oylab shifoxonada davolangan boʻlsa, bugun bu jarayon oʻrta hisobda 60 kunni tashkil etadi. Boisi, markaz mutaxassislari muolaja jarayonida yuqori texnologiyalarga asoslangan ilgʻor jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli bajarayotir.

    Anjumanda xavf guruhiga kiruvchi aholi, xususan, fertil yoshidagi ayollar va oʻsmir qizlar flyuorografik tekshiruvlardan muntazam oʻtkazilayotgani mamlakatimizda tuberkulyoz bilan kasallanish 2 marotaba, xastalik tufayli oʻlim holatlari esa 6 marotabaga kamayishiga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

    Shuningdek, tadbirda Sogʻliqni saqlash vazirligi “Chegara bilmas shifokorlar” bilan hamkorlikda ushbu kasallikni davolashda eng soʻnggi ilm-fan yutuqlarini qoʻllagan holda qisqa, samarali va xavfsiz yangi dastur amalga oshirilayotgani eʼlon qilindi. Mazkur yangi loyiha SMARRTT (rifampitsinga rezistent tuberkulyoz kasalligi uchun olti oylik peroral rejimlari) deb nomlanib, dunyoning bir qator mamlakatlarida oʻtkaziladi.

    Aytish kerak, bunday davolanish muddati avvalgidek ikki yil yoki undan koʻp vaqt emas, balki atigi olti oyni tashkil qiladi. Quvonarlisi, yurtimizda oʻtkazilgan klinik tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ushbu muolaja rejimini oʻzining yangilangan davolash koʻrsatmalariga kiritilishini eʼlon qildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    Anjuman oʻz ishini davom ettiradi.