Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

    Mamlakatimizda 2 Iyun 2023 1153

    Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun senatorlar tomonidan qizgʻin muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish, shuningdek, muvofiqlikni baholash qoidalari buzilishlarining oldini olish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun qoʻllaniladigan taʼsir choralarini yanada tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.

    Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiqlikni baholash organlari tomonidan muvofiqlikni baholash qoidalarini texnik reglamentlar talablariga muvofiq boʻlmagan mahsulot chiqarilishiga yoki muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazilishiga sabab boʻladigan tarzda buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi oʻzgartishlar kiritilyapti.

    Qonun muhokamasi davomida Senat Raisi T.Narbayeva ayrim masalalarga toʻxtaldi.

    Unga koʻra, Texnik reglamentlar, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish alohida jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi.

    Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari muvofiqligi boʻyicha sodir etiladigan bunday huquqbuzarliklar nafaqat davlatga iqtisodiy zarar yetkazadi, balki fuqarolar hayoti va sogʻligʻi uchun jiddiy xavf solishi mumkin.

    Shu bilan birga, buning uchun belgilangan maʼmuriy javobgarlik sodir etilgan qilmishning ogʻirlik darajasiga va kelib chiqadigan oqibatlar koʻlamiga mutanosib emas, bu esa shunday huquqbuzarliklar profilaktikasiga toʻsqinlik qiladi.

    Mazkur Qonun sohada qonun buzilishi holatlarining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarning natijadorligini oshiradi va eng muhimi, fuqarolar hayoti hamda sogʻligʻini muhofaza qilishga xizmat qiladi.

    Bundan tashqari, Qonunda muvofiqlik sertifikati berilishi asossiz ravishda rad etilsa, muvofiqlik sertifikatining yoxud muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishini asossiz ravishda toʻxtatib turgan yoki tugatgan muvofiqlikni baholash organi va uning mansabdor shaxslarining javobgarligi ham nazarda tutadi.

    Xususan, ushbu huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanadi.

    Agar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida huquqbuzarlik takror sodir etilgan boʻlsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solish koʻzda tutiladi.

    Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlarga xizmat koʻrsatuvchi sinov laboratoriyalari va sertifikatlashtirish idoralarining masʼuliyatini oshirish va mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlarini toʻliq baholash orqali aholini sifatli mahsulot va xizmatlar bilan taʼminlashga olib keladi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.