Poytaxtimizda Adliya vazirligi tomonidan ushbu mavzuda xalqaro anjuman tashkil etildi. Tadbirdan koʻzlangan maqsad strategik islohotlarning huquqiy taʼminlashni yakuniy tahlil qilish, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ijrosi doirasida yuridik hamjamiyat oldida turgan yangi vazifa va chaqiriqlarni muhokama qilishdan iborat.

Tadbirda Buyuk Britaniya, Xorvatiya, AQSH dan xorijiy ekspertlar, shuningdek BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili (UNDP), Yevropa Ittifoqi (EU) va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vakillari maʼruza qildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Sudyalar oliy maktabi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Huquqiy siyosat tadqiqot institutidan ekspertlar milliy huquq tizimining rivojlanishi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida maʼlumot berdi.

Anjuman ishtirokchilari diqqat eʼtiboriga soʻnggi besh yil davomida norma ijodkorligi sohasida miqdor va sifat oʻzgarishlariga, shuningdek 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishiga bagʻishlangan videoroliklar namoyish etildi.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi tomonidan oʻzbek va ingliz tillarida tayyorlangan “Islohotlarni huquqiy taʼminlash: Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” nomli toʻplam taqdimoti tashkil etildi.

Anjumanda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida oʻtgan davrda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh qilishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ortiq Prezident hujjatlari qabul qilinganligi taʼkidlab oʻtildi.

Qabul qilingan barcha hujjatlar ishlab chiqish bosqichida Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi. Norma ijodkorligi boʻyicha faollikning oshishiga qaramasdan, zamonaviy raqamli texnologiyalarning joriy etilishi strategik islohotlarni sifatli va oʻz vaqtida huquqiy jihatdan taʼminlab borish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratdi. Xususan, oʻtgan davr mobaynida Project.gov.uz, E-qaror.gov.uz, Regulation.gov.uz, Lex saytlarini ishga tushirish va modernizatsiya qilish orqali norma ijodkorligi jarayonining deyarli barcha bosqichlari elektron shaklga oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi loyihasi ham Regulation.gov.uz portalida keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazildi hamda qabul qilingandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari milliy bazasi Lex uz da rasman eʼlon qilindi.

2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi yettita ustuvor yoʻnalishlardan iborat boʻlib, mamlakatimizdagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va modernizatsiya qilishga oid aniq maqsadlar (jami 100 ta maqsad) belgilangan.

Adliya vazirligi deyarli barcha yoʻnalishlar va maqsadlarni amalga oshirishda masʼul ijrochilardan biri sifatida hamda huquqiy ekspertiza jarayonlarida ishtirok etadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Jumladan, “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirilishi lozim boʻlgan davlat dasturida 300 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, ular orasida 30 dan ortiq qonun loyihalari ishlab chiqish belgilangan. Bunday davlat dasturlari 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida har yili qabul qilinadi.

Shu munosabat bilan ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish, manfaatdor tomonlarning fikr-mulohazalaridan xabardor boʻlish, shuningdek strategik islohotlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik maslahatlarini oʻtkazish boʻyicha turli xalqaro institutlar bilan hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega.

Adliya vazirligi ilgʻor tajribani hisobga olgan holda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan strategik islohotlarni sifatli huquqiy jihatdan taʼminlab borish maqsadida xalqaro, xorijiy va milliy hamkorlar bilan aloqalarni yanada kengaytiradi.