Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga zarur konsullik va huquqiy yordam koʻrsatish maqsadida mamlakatimizning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi hamda “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati vakillari “StroyKraft” korxonasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi.

Bugungi kunda mazkur korxonada 400 dan ortiq yurtdoshlarimiz mehnat qilyapti. Ularning 200 dan ortigʻi joriy yil yanvar-fevral oylarida tashkillashtirilgan holda ishga jalb etilgan.

Fuqarolar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxona, Tashqi mehnat migratsiya agentligi va “Uzbekistan airways” vakolatxonalari faoliyati haqida maʼlumot berildi va ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.

Shuningdek, joriy yil oktyabr oyida oʻtkaziladigan Prezident saylovlarida Bosh konsulxonada tashkil etiladigan saylov uchastkasi va unda ovoz berish tartibi tushuntirildi. Rossiya Federatsiyasining qonun-qoidalariga rioya qilish va turli diniy oqimlar, taqiqlangan ommaviy namoyishlarga qoʻshilmaslik toʻgʻrisida tavsiyalar berildi.

Korxona rahbariyati bilan u yerda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga Prezident saylovlarida nomzodlarga munosib ovoz berish uchun qulaylik yaratish maqsadida korxona hududida saylov uchastkalarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.