Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi ta'minlanаdi(mi?)

    Fikr 28 Iyul 2020 3324

    Mamlakatimizda sud sohasini takomillashtirishga oid bir qator islohotlar amalga oshirildi. Muhtaram Prezidentimizning sohaga oid koʻplab farmon va qarorlari qabul qilindi. Shunga qaramay sud-huquq sohasini yana-da takomillashtirishni zamon taqozo etmoqda.

    Aynan “Adolat” sotsial demokratik partiyasining saylovoldi dasturida insonlar sarson boʻlishining oldini olish va sud faoliyati sifatini oshirish maqsadida amaldagi “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunni takomillashtirish orqali fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman, shahar va viloyat sudlari negizida umumiy yurisdiksiya sudlari tashkil qilishni, ularga “xalq sudlari” maqomi berishni, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga nazorat instansiyasi vakolatini yuklash taklifini berish borasidagi gʻoyalar ilgari surilgan edi.Haqiqatdan ham bugungi kunda mamlakatimizda jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarining tarqoqligi, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan koʻtarilgan ayrim masalalar qaysi sudlar tomonidan koʻrilishi kerakligi aniq belgilanmaganligi bois, odamlarning sarson boʻlishiga, ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflashlariga, shuningdek haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan edi.

    Joriy yilning 24-iyul kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni saylovoldi dasturda sud sohasini takomillashtirishga oid ilgari surilgan gʻoyalarni hayotga tatbiq etishga dasturilamal boʻldi desam adashmagan boʻlaman.

    Xususan Farmon bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab ;

    - viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;

    - maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazish;

    - maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etish;

    - fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari boʻyicha ayrim tumanlar sudlarini tashkil etish va boshqa tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar belgilandi.

    Bundan tashqari, Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish orqali sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatilmoqda.

    Shuningdek, sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etilmoqdaki, bu bilan kelgusida fuqarolar ovoragarchiliklarining oldini olish, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beradi.

    Shular bilan birga Farmonda tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning chiqargan qarorlarini esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish, eng asosiysi, endilikda prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflarning murojaatlari mavjud boʻlgandagina, suddan chaqirib olib oʻrganishi mumkinligi borasidagi tartiblarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

    Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, mazkur Farmon kelgusida sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash va odil sudlovni amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni barham topishiga xizmat qiladi.

    Inomjon Qudratov,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati