Mamlakatimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3250-son qarori, 2020-yil 3-sentabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4818-son qarorlari zamirida “2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish” Dasturi tasdiqlandi. Dastur asosida sudlarda ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash, sud ishtirokchilarini sud majlisining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish, sud qarorlarini onlayn tarzda taqdim etish kabi raqamlashtirish imkoniyatlari joriy etildi. Ochiqlik va shaffoflik borasida mamlakatimiz BMT tomonidan tuzilgan “Ochiq davlat ma’lumotlari indeksi”da 0.8085 Very High OGDI ko’rsatkichni qayd etib, “Open data watch”ning “Ochiq ma’lumotlar inventari”da 11-o‘rin bilan “O‘rta Osiyoda eng yaxshi” xalqaro e’tirofga sazovvor bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, sud-huquq islohotlari natijasida odil sudlov jarayonini “raqamli sud” kontseptsiyasi asosida tashkil etish boshlangan bo‘lib, navbatdagi ustuvor vazifa tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishdan iborat.
Raqamli (digital) texnologiyalar butun dunyoni, shu jumladan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmay, ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalariga, xususan sud-huquq tizimiga ham kirib keldi. Dunyoda jinoyatlarni tez va to‘la ochish, aybdorlarni fosh etishni ta’minlashda ish yurituvning zamonaviy talablarga mos raqamlashtirilgan shakllarini ishlab chiqish barcha demokratik huquqiy davlatlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri, sud-tergov sohasidagi davlat siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi. Xususan, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Gruziya, Estoniya, Rossiya, Gresiya, Daniya, Italiya, Fransiya, Angliya, BAA, Niderlandiya, Qozog‘istonda 300dan ortiq protsessual hujjatlar namunalarini qamrab olgan “Elektron raqamli jinoyat ishi” amaliyotga joriy etilib, bu tajriba jinoyat ishini elektron raqamli tarzda rasmiylashtirish, tergov va sud sifatini oshirish, jinoyat protsessi ishtirokchilarining vaqt va mablag‘larni tejash hamda barcha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchilar va ularning himoyachilari jinoyat ish materiallari bilan elektron tarzda tanishib borish imkonini bermoqda.
Jinoyat protsessining dastlabki bosqichini jinoyat to‘g‘risidagi ariza va xabarlarsiz tasavvur etib bo‘lmaganidek, ularsiz raqamli tizimga kirishning ham imkoni bo‘lmaydi. Shu bois, raqamlashtirishni murojaatlar bilan ishlash, aniqrog‘i tergovga qadar tekshiruv bosqichidan boshlash maqsadga muvofiq. Buning uchun jinoyat to‘g‘risida ariza, xabar va ma’lumotlarni raqamli qabul qilish, ro‘yxatga olish, xisobini yuritish, tekshirish va jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalalarini sun’iy intellekt texnologiyalari tomonidan hal etish maqsadida Respublika idoralararo markazlashgan “Jinoyat to‘g‘risida xabar” yagona raqamli smart (aqlli) dasturlar tizimini yaratishni taqozo etadi. Bu kelgusida barcha jinoyatlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarning o‘z vaqtida ro‘yxatga olinishi va har qanday qoidabuzarliklarning oldi olinishiga xizmat qiladi. Yagona raqamli axborot tizimi jinoyat to‘g‘risida murojaatlarni har bir davlat idorasida alohida emas, butun respublikada yagona ro‘yxatga olish va statistikasini yuritish qulayliklarini yaratib, u ro‘yxatga olingan jinoyat to‘risidagi xabarlarni avtomatik tarzda raqamli tekshiruvga qaratilishini va qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini “Elektron raqamli jinoyat ishi” yagona axborot tizimiga avtomatik tarzda yuklashni ta’minlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, islohotlar natijasida kelgusida sudgacha bosqichning raqamlashtirilishi inson huquqlari himoyasi yanada kuchaytirilishi, bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilishi va inson omilining qisqartirilishiga xizmat qiladi.
M.Kadirova, X.Mamatkulova,
TDYU professor-o‘qituvchilari