Darhaqiqat, korrupsiya illati jamiyat taraqqiyotining muhim omillari boʻlmish tinchlik, osoyishtalik, adolat, qonun ustuvorligi kabi ijtimoiy-huquqiy qadriyatlarga salbiy taʼsir oʻtkazadi, milliy xavfsizlikka tahdid soladi, mamlakat rivojiga toʻsiq boʻladi. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish, yaʼni uning oldini olishga qaratilgan harakatlar vaqt va natijadorlik nuqtayi nazaridan ancha samarali hisoblanadi.
“Halollik vaksinasi” bilan emlash barcha davlat tuzilmalari faoliyati, shu jumladan, sud tizimida ham korrupsiyaga qarshi qaratilgan yetarli tashkiliy va huquqiy mexanizmlarni yaratish, mavjudlarini zamon talablari asosida takomillashtirish va unga qatʼiy rioya qilish orqali uning oldini olish va unga qarshi samarali kurashishni anglatadi.
Korrupsiya odil sudlov sifati, fuqarolarning sud hokimiyatiga ishonchi va inson huquqlariga toʻgʻridan toʻgʻri salbiy taʼsir koʻrsatadi. Sudning asosiy vazifasi adolatni taʼminlash, huquqni himoya qilish va ijtimoiy barqarorlikni qaror toptirishdir. Shuning uchun odil sudlovni amalga oshirishda korrupsiyaning oldini olish muhim ahamiyatga ega.
Fikrimizcha, sud tizimida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar ichki va tashqi turlarga boʻlinadi. Bunda asosiy mezon sifatida ushbu omillarni keltirib chiqaruvchi subyektlar va sud organlari mustaqilligiga taʼsir koʻrsatuvchi holatlar eʼtiborga olinadi.
Ichki korrupsiyaviy omillar deganda, sudlarni shakllantirish va faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalarni hal etish boʻyicha sud raislari, sudyalar va sudyalar hamjamiyati organlarining sudyalar korpusini shakllantirish, sudya va sud xodimlari faoliyatini tashkil etish, boshqarish va nazorat qilish, ularni ragʻbatlantirish va javobgarlikka tortish kabi masalalardagi suiisteʼmolliklar, noxolis yondashuvlar, huquqqa xilof turli xatti-harakatlarning vujudga kelishiga zamin yaratuvchi huquqiy, tashkiliy va boshqa xarakterdagi holatlar tushuniladi.
Tashqi korrupsiyaviy omillarga esa davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan odil sudlovni amalga oshirishga aralashish, unga toʻsqinlik qilish, sud hokimiyati mustaqilligiga tajovuz qilishga qaratilgan, qonunga xilof harakatlarni amalga oshirishga imkoniyat tugʻdiruvchi holatlarni kiritish mumkin.
Demak, sud tizimida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlashga xavf soluvchi, sudlar mustaqilligiga salbiy taʼsir etuvchi xatti-harakatlar (harakatsizlik), holatlar, jarayonlardir.
Korrupsiyaga chek qoʻyish mavjud korrupsiya omillari hamda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni yoʻqotish, ularga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish, takror sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda salbiy oqibatlari bilan kurashishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar majmui. Sud tizimida korrupsiyaga chek qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlarni huquqiy va tashkiliy turlarga ajratish mumkin.
Korrupsiyaning oldini olish deganda, korrupsiyaviy omillarni aniqlash, cheklash yoki bartaraf etish, korrupsionerlar shaxsiyati, ijtimoiy xavfi, shuningdek, korrupsiyaning ayrim turlari va shakllarining paydo boʻlish hamda tarqalish omillarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui tushuniladi.
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida har bir davlat korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali amaliyotni oʻrnatishga va uni ragʻbatlantirishga harakat qilishi, bu sohada korrupsiyaning oldini olish boʻyicha maxsus organ yoki muayyan hollarda bir necha organlar faoliyat koʻrsatishini taʼminlashi belgilangan.
Mazkur konvensiyada ishtirokchi davlatlar odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilishni nazarda tutuvchi harakatlar uchun jinoiy javobgarlikni belgilash boʻyicha choralar koʻrishi qayd etilgan.
Shu nuqtayi nazardan, sudlar hamda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatiga aralashganlik, sudga nisbatan hurmatsizlik qilganlik, sudya va xalq maslahatchisi daxlsizligini buzganlik, ishning har tomonlama, toʻla va xolisona koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qilganlik yoki turli shaklda taʼsir oʻtkazganlik uchun tegishli yuridik javobgarlikni belgilovchi qonun hujjatlarini qabul qilish davr talabi hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda moliyaviy hisobdorlik muhim rol oʻynaydi.
Konvensiyada har bir ishtirokchi davlat ommaviy mansabdor shaxslarning tegishli organlarga xizmatdan tashqari faoliyati, mashgʻulotlari, investitsiyalari, aktivlari va vazifalari bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvi kelib chiqishi mumkin boʻlgan boshqa daromadlari va hadyalar haqida deklaratsiya taqdim etishi shartligini belgilovchi tartibni joriy qilishi qayd etilgan.
Niderlandiya, Xitoy, Singapur kabi davlatlar tajribasini eʼtiborga olgan holda sudyalar tomonidan oʻzi, turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining mol-mulki va mulkiy majburiyatlari haqida deklaratsiya toʻldirish va uni maxsus vakolatli organlarga har yili taqdim etib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish, sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash va tayinlash, sudyani navbatdagi muddatga yoki rahbarlik lavozimiga tavsiya qilishda uning mulkiy ahvolini taqdim etgan deklaratsiyalari asosida tekshirib, tahlil qilish taklif etiladi.
Sudlar faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash sud tizimida korrupsiyaga qarshi samarali kurashish hamda uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilishda muhim rol oʻynaydi. Bunda odil sudlovni amalga oshirish, sudyalar korpusini shakllantirish, sudlar faoliyatini tashkil qilish va boshqarish, sudlarni moliyalashtirish, sudyalar faoliyatini baholash, ularni boshqa sudyalik yoki rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish, ularni yuridik javobgarlikka tortish, ragʻbatlantirish va boshqa masalalarni hal qilish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali shaffoflikka erishish imkoniyatlaridan foydalanish talab etiladi.
Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish aksariyat hollarda sudyalar va sud xodimlarining maʼnaviy qiyofasi, yaʼni taʼlimi, tarbiyasi, halolligi, vijdonliligiga bogʻliq. Shunga koʻra, ushbu tizimga mazkur talablarga javob beradigan halol va masʼuliyatli kadrlarni tayinlash sudyalar hamjamiyati organlarining zimmasidagi birinchi navbatdagi vazifa hisoblanadi. Shu bois, sudyalikka nomzodlarning ushbu talablarga javob berishini aniqlovchi samarali mexanizmlar qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlishi zarur.
Bu borada Germaniyada nomzodlar psixologik va psixoemotsional tayyorgarlikdan, Portugaliya, Belgiya, Avstriya, Niderlandiya, Vengriya, Ruminiya, Singapurda psixologik imtihondan oʻtadi. Moldova va Qozogʻistonda esa nomzodlar poligrafologik tekshiruvdan ham oʻtishi mumkin, uning natijalari tavsiyaviy xarakterga ega boʻladi. Qirgʻizistonda esa sudyalikka nomzod qonunda belgilangan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda poligrafologik tekshiruv natijalarini ham taqdim etishi mumkin va u Sudyalar kengashi tomonidan baholanadi.
Psixologik tekshirish nomzodning korrupsiyaga moyilligi, tushkunlikka chidamliligi, ziddiyatsizligi, odamlar bilan ishlay olish qobiliyati, biror tobelik yoki yashirin ruhiy holati mavjud emasligi haqida maʼlumotga ega boʻlish imkonini beradi.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi qonunga asosan, sudyalarning sudyalik faoliyati davrida benuqson obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishi, halolligi, xolisligi, adolatliligi va layoqatliligi sudyalarni yangi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlariga tanlashning bosh mezonlari sanaladi.
Kengash yangi vakolat muddatiga tayinlanadigan sudyalik lavozimiga nomzodni koʻrib chiqishda ushbu nomzod tomonidan qabul qilingan sud qarorlarining barqarorligini, odil sudlovni amalga oshirish va qonun hujjatlari normalarini qoʻllash borasida yetarli tajribaga ega ekanini, shuningdek, kasbiy faoliyati haqida jamoatchilik fikrini inobatga oladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan yana biri aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdir. Bunda yosh avlodning taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish, ular ongiga halollik va poklik xislatlarini singdirish, korrupsiya illatlarining salbiy oqibatlari haqida aniq tushuntirishlar berish, bir soʻz bilan aytganda, ularning ushbu sohadagi huquqiy bilimlarga ega boʻlishini taʼminlash oʻta muhim vazifalardan biri.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunda davlat organlari va boshqa tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida aholi, shuningdek, oʻz mansabdor shaxslari hamda boshqa xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy tarbiya va taʼlimni, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish, oʻquv-uslubiy va ilmiy adabiyotlarni ishlab chiqish yoʻli bilan zarur chora-tadbirlar koʻrishi lozimligi, taʼlim muassasalari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini inobatga olgan holda taʼlim muassasalarida huquqiy taʼlim va tarbiyaga, mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning sifatini oshirishga, taʼlim dasturlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishi belgilangan.
Bu borada Sudyalar oliy maktabining ham oʻz oldidagi doimiy vazifa va majburiyatlari bor, albatta. Davlat taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasamiz sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlaydi, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlab, ularning malakasini oshiradi. Shu bois, sudya, sud xodimlari va sudyalikka nomzodlarning bilim va malakasi, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy bilimini oshirish boʻyicha maxsus vakolatli muassasa hisoblanadi.
Hoji-Murod ISOQOV,
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi direktori,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent