Achinarlisi, yetarli dunyoqarashga ega bo‘lmagan, diniy savodxonligi haminqadar bo‘lgan, oqni qoradan ajratolmaydigan yoshlarimiz ularning tuzog‘iga tushib, o‘z atrofidagilarni, hatto yaqin qarindoshlarini ham jinoyatga ko‘chasiga olib kirishmoqda.
Jumladan, Buxoro shahrida yashovchi, 1999 y.t. shaxs yot g‘oyalar ta’sirida 2019-yilda Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shildi. U jangarilar safida faoliyat olib borish bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli bahonalar bilan boshqalardan pul yig‘ib, terroristik tashkilotning moliyaviy ta’minotini yaxshilashga ko‘maklashdi.
2021-2025-yillar davomida mazkur shaxs internet orqali o‘zbekistonlik fuqarolar bilan muloqotga kirishib, ularni kriptovalyuta ko‘rinishida pul mablag‘lari yuborishga da’vat qildi va natijada katta miqdorda pul yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.
Hozirda uning aldovlariga uchib, pul yuborgan 8 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 155³-moddasi, ya’ni terrorizmni moliyalashtirish aybi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, u o‘zining qabih ishlariga Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi, 1965 y.t. o‘z otasini ham jalb qildi. Ota esa o‘g‘lining aytganlarini bajardi.
Xususan, 2022-2025 yillar davomida ota “BINANCE” xalqaro kripto-birjasi orqali jami 13 597 USDT kripto-valyutasini o‘g‘liga yubordi.
Ta’kidlash lozimki, ota muqaddam diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatish bilan shug‘ullanganligi uchun 2019-yilda huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, Jinoyat Kodeksining 244¹-moddasiga asosan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Keyinroq esa Buxoro shahar sudining ajrimi bilan, u shartli ravishda ozod qilingan.
Lekin, u davlat tomonidan o‘ziga nisbatan ko‘rsatilgan insonparvarlikning qadriga yetmasdan, bildirilgan ishonchni suiiste’mol qildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uning harakatlariga chek qo‘yilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Buxoro shahar sudining hukmi bilan 1965 y.t. mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining 155³-moddasi 2-qismi “a” bandi va 278⁸-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Uning 1999 y.t. o‘g‘li esa Jinoyat Kodeksining 244¹, 244², 155², 155³-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun, unga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.