Mamlakatimizda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, malakali kadrlarni tanlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, sud tizimiga yetarli bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan munosib kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlash hamda sudyalar faoliyatini xolis baholash jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmaganligi bu boradagi ishlar shaffofligining yetarlicha ta’minlanmay qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur o‘rganish va tahlil qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda.
Sud tizimini malakali va halol pok kadrlar bilan to‘ldirish, sud organlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi PF–5729-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha kasbiy faoliyatini har qanday ko‘rinishdagi tashqi ta’sirlardan samarali muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratish;
sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish;
sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo‘lga qo‘yish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash;
sudyalarning kasbiy malakasi, ma’naviyati va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali yuksak professional sudyalar korpusini shakllantirish.
2. Sudyalar oliy kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash) va Oliy sudning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2021 yil 1 fevraldan boshlab sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Kengash va sud tizimi faoliyatida ochiqlik
va shaffoflikni ta’minlash borasida:
ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini Internet tarmog‘i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borishni yo‘lga qo‘yish;
sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish;
sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi munosabati bilan 2021 yil
1 yanvardan ushbu sudlarning malaka hay’atlarini shakllantirish.
3. Sudyalarning yuridik javobgarligi masalasini hal etish paytida ularning odil sudlov bilan bog‘liq faoliyatiga har qanday aralashuvning oldini olish maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021 yildan boshlab:
sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holatlari yuzasidan
Kengash raisi tomonidan kiritilgan taqdimnoma prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda ko‘rib chiqilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi yoki qo‘zg‘atish rad etilganligi haqida Kengashga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan xabar beriladi;
sudyalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chaqirishga tegishli malaka hay’atlari roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi;
sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish holati yuzasidan Kengash raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni bo‘yicha axborot taqdim etib boriladi.
4. Kengashning sudlarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni tizimli ravishda bartaraf qilish va unga qarshi kurashish samaradorligini oshirish borasidagi quyidagi takliflari ma’qullansin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan, faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradigan Kengash raisining o‘rinbosari lavozimini joriy qilish;
Sudyalar daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha sud inspeksiyasi negizida Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasini tuzish;
Sudyalar kasbiy tayyorgarligini tashkillashtirish sho‘’basini tugatish;
Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish sho‘’basi negizida matbuot xizmati va birinchi bo‘lim, shuningdek, ijro apparati negizida axborot-tahlil, murojaatlar bilan ishlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash tuzilmalari hamda arxiv va devonxona tashkil etish;
Kengashga kelib tushayotgan shikoyatlarni umumlashma tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida sudyalar malaka hay’atlari bilan birgalikda aniq choralar belgilash vazifasini yuklash;
sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish, “Ibratli sudya” mukofotini, odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib pensiyaga chiqqan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishonini joriy etish;
Kengash huzurida amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llanilishi yuzasidan so‘rovlariga tushuntirishlar berish vakolatiga ega bo‘lgan jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubini (keyingi o‘rinlarda – Klub) tashkil etish.
Belgilansinki, Klub o‘z faoliyatini Kengash tomonidan tasdiqlanadigan Nizom asosida amalga oshiradi va uning doimiy mas’ul a’zolari tarkibi ko‘p yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantiriladi.
5. Kengash (X.B.Yodgorov) bir oy muddatda:
Sudyalar assotsiatsiyasi (U.Q.Mingboyev) va Oliy sud (K.F.Kamilov) bilan birgalikda Klub tashkil etilishi va faoliyatini boshlashi
bo‘yicha choralar ko‘rsin;
“Ibratli sudya” mukofoti hamda “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlasin.
6. Kengash raisining doimiy asosda faoliyat yurituvchi o‘rinbosari lavozimi joriy etilishi munosabati bilan Sudyalar oliy maktabining Ilmiy va axborot-tahliliy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimi tugatilsin.
7. Kengash huzurida sudyalar hamjamiyati organi bo‘lgan va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan sudyalikka nomzodlarning Sudyalar oliy maktabiga kirish va yakunlash imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lib bergan murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha imtihon komissiyasi tuzilsin hamda uning qarorlari ustidan Kengashga shikoyat qilish tartibi belgilansin.
8. Quyidagilar:
Sud hokimiyati mustaqilligini yanada kuchaytirish, sudyalar daxlsizligini ta’minlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Sudyalar oliy kengashining yangi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Kengashda tashkil etilayotgan yangi tuzilmalar va lavozimlarning shakllantirilishi Kengash tuzilmasini maqbullashtirish natijasida bo‘shayotgan 4 ta shtat birliklari hisobidan amalga oshiriladi.
9. Kengash (X.B.Yodgorov) Oliy sud (K.F.Kamilov) va Sudyalar assotsiatsiyasi (U.Q.Mingboyev) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda sud organlari tizimida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasizlik immunitetini shakllantirish borasida kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
10. Kengash manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.R.Inoyatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2020 yil 7 dekabr