Joriy yilda aholi va ijtimoiy soha obyektlari ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish koʻzda tutilgan. Ayni vazifa yangicha tartibda bajarilishi kutilyapti. Boisi, ushbu yoʻnalishda mutlaqo yangi tizim joriy etilmoqda.

Yurtimizda ana shu tizimni tubdan yangi­lab, doimiy rivojlantirib borish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri­ga aylangani boisi shunda. Xususan, aholini suyultirilgan gaz bilan sifatli va uzluksiz taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yurtimizda tabiiy gaz tarmogʻi yetib bor­magan hududlar mavjud. Bunday xonadonlar aholisi, asosan, suyultirilgan gazdan foy­dalanadi. Ammo baʼzan gaz yetkazib berishda muammolar kuzatilmoqda.

Bundan oʻn yil oldingi vaziyatni koʻpchi­lik yaxshi eslaydi. Suyultirilgan gaz bilan bogʻliq muammolar deyarli har bir oilaga daxldor edi. Yillar davomida yangilanmagan infratuzilma ortib borayotgan yuklamani koʻ­tara olmay qolgandi. Ayrim xonadonlar gaz kelishini haftalab kutishga majbur boʻlgan. Ayniqsa, qish oylarida muammo yaqqol koʻri­nib qolardi. Gaz ballonlarini sotib olish u yoqda tursin, ularni topishning oʻzi mahol boʻlgan. Tanqislik asta-sekin odamlar hayoti­ning odatiy qismiga aylanib qolgandi.

Hozir bu muammolardan asar ham qolma­gan deyishdan yiroqmiz. Ammo keyingi yil­larda sohadagi oʻzgarishlar bevosita odamlar turmush tarziga kirib borgani rost. Tizim tubdan yangilanib, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotida mutlaqo zamonaviy, ra­qamlashgan yondashuvlarga oʻtilgani samarasi yurtdoshlarimiz hayotida yaqqol sezilmoqda. Yirik koʻlamdagi modernizatsiya ishlari sa­bab aholini gaz bilan taʼminlash qamrovi oshib boryapti.

Shunga qaramay, hali qilinishi kerak boʻlgan vazifalar koʻp. Aholiga suyultiril­gan gazni oʻz vaqtida yetkazib berishda baʼzi muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, ayrim hududlarda suyultirilgan gaz isteʼ­molchilarga belgilangan muddatlarda yetib bormayotgani bois, aholi zarur manbani avto­mobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxlarida xarid qilishga majbur boʻlyapti. Bu odamlar uchun ortiqcha harakat va xarajat degani. Qish eshik qoqayotgan bir vaqtda shu kabi masalalarni hal etish zarur.

Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 3,8 mil­lionga yaqin aholi hamda qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi. Joriy yilda aholi va ijtimoiy soha obyektlari ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish koʻzda tutilgan. Ayni vazifa yangi­cha tartibda bajarilishi kutilyapti. Boisi, ushbu yoʻnalishda mutlaqo yangi tizim joriy etilmoqda.

Shu yil 7-sentyabrda davlatimiz rahbariga aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish yuzasidan takliflar taqdimot qilindi. Unda bir qancha yoʻnalish­lar belgilangan boʻlib, asosiy maqsad suyul­tirilgan gazning odamlarga oʻz vaqtida yetib borishi, taʼminotda uzilishlarga yoʻl qoʻ­yilmasligiga qaratilgan. Davlatimiz rahba­ri qoʻyayotgan talab ham shu — ayni masalada, eng avvalo, aholi manfaati ustuvor boʻlishi zarur.

— Suyultirilgan gaz taʼminotida bos­qichma-bosqich bozor tamoyillariga oʻtilyapti, — deydi energetika vaziri Sherzod Xoʻjayev. — Buning uchun sohaga xususiy sektorni keng jalb etish va raqobat mu­hitini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan. Yangi yondashuvni, avvalo, Andijon viloyatida pilot loyiha sifati­da amalga oshirish belgilandi. Unga koʻra, hududda “Hududgaztaʼminot” bilan bir qa­torda xususiy tadbirkorlarga ham gazni aho­liga erkin narxlarda sotish imkoniyati be­riladi. Buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, baʼzi qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritiladi, maqsad sohada tadbirkorlarni kengroq ragʻbatlantirishga qaratilgan.

Bu odamlarning tanlov va xizmatdan foy­dalanish imkoniyatini ham oshiradi. Ma­salan, bugungi kunda aholi orasida belgi­langan normadan ortiqcha suyultirilgan gaz isteʼmoliga ehtiyoji boʻlsa, oʻz shaxsiy avto­mobillarida gaz toʻldirish shoxobchalariga borib, gaz ballonlarini toʻldirib, notoʻgʻri tarzda foydalanish holatlari uchrab turib­di. Ana shunday xavfli holatlarga yoʻl qoʻy­maslik uchun kerak boʻlsa har bir mahallada suyultirilgan gaz ballonlari sotiladigan, barcha texnik talablarga javob beradigan xususiy shoxobchalarni ochish koʻzda tutilgan. Sohaga xususiy sektor kirib kelishi esa ra­qobat muhitini yaratib, aholiga koʻrsatila­digan xizmatlar sifatini oshiradi.

Isteʼmolchilarda tanlov imkoniyati boʻladi

Gap endi odamlar “uyimizga qachon suyul­tirilgan gaz yetkazib berishar ekan”, deb kutib oʻtirmasdan, yaqin atrofdagi xususiy shoxobchadan istalgancha gaz sotib olishi mumkinligi haqida boryapti. Andijonda boshlanadigan pilot loyiha asosiy tajri­baga aylanishi kutilyapti. Loyiha doirasi­da jarayonga kamida ikkita xususiy opera­tor jalb etiladi. Ular zarur litsenziya va ruxsatnomalar, malakali muhandis-texnik xodimlarga ega boʻlishi kerak. Hududlarda shoxobchalar tashkil qilinib, suyultirilgan gazni yetkazib berishning aniq jadvali boʻla­di, hisob-kitoblar raqamlashtirilib, taqsi­mot shaffofligi taʼminlanadi.

Isteʼmolchilar uchun mobil ilova va on­layn xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi. Odamlar suyultirilgan gazni onlayn buyurtma beri­shi, oʻzi istagan vaqtda istalgan hajmda so­tib olishi kabi qulayliklar yuzaga keladi. Bu esa ilgari mavjud boʻlgan “gaz qachon kela­di?” kabi savollar oʻrniga “buyurtmam qachon yetkazib beriladi?” degan zamonaviy xizmat modelini shakllantiradi. Asosiysi, odam­larda tanlov imkoniyati oshadi. Masalan, ayni paytda “Hududgaztaʼminot” tomonidan asosan 20 kilogrammli ballonlardan foy­dalanilmoqda. Yangi modelda esa tadbirkor­larga zamonaviy gaz ballonlaridan foydala­nish, ularni isteʼmolchilarga oʻz ehtiyojidan kelib chiqib taklif etish imkoniyati berila­di. Raqobat muhitida sifat va tezkor xizmat turlari ortadi.

Xususiy sektorni jalb qilish borasida dastlabki tajriba sifatida Andijon vi­loyati tanlangani bejiz emas. Bugungi kunda viloyat tadbirkorlari xorijdan suyultiril­gan gaz xarid qilib, ichki bozorda sotmoq­da. “Shirin” punktida boshlangan tajriba natijalari yangi yondashuv samaradorligini koʻrsatdi. Endi ayni tajribani yanada tako­millashtirish va natijadorligini oshirish ishlari davom ettiriladi. Yangi tajriba bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham jo­riy etiladi.

— Tizimda shaffoflikni taʼminlash­dagi muhim jihatlardan yana biri suyulti­rilgan gazning chakana narxini belgilashda iqtisodiy asoslangan bozor mexanizmlari­ga oʻtilayotganidir, — deydi iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Xurshid Musta­foyev. — Gap shundaki, suyultirilgan gaz ish­lab chiqarish, import, xarid va yetkazib be­rish xarajatlari oʻrtasidagi tafovut yildan yilga ortib, byudjetdan ajratiladigan subsidiyalarga talab koʻpaymoqda. Katta hajmdagi mavjud ehtiyojni qondirish uchun faqat tizimni boshqarishning oʻzi yetarli emas. Resurslarni xarid qilishdan tortib, yetkazib berishgacha boʻlgan barcha boʻgʻinlarni bir butun tizim sifatida takomillashtirish zarur. Shu bois, “Hududgaztaʼminot” taʼsis­chiligida “LPG-Trade” MCHJni tashkil etish taklif qilindi. Ushbu tuzilma suyultiril­gan gazni birja orqali xarid qilib, bel­gilangan tartibda odamlarga yetkazib berish bilan shugʻullanadi. Jarayonda narx siyosati bosqichma-bosqich tartibga solinib, ehtiyoj­mand oilalar uchun manzilli qoʻllab-quvvat­lash mexanizmi joriy etiladi. Ijtimoiy soha obyektlarining ehtiyojlari uchun suyul­tirilgan gazni birja narxlarida yetkazib be­rish, aholiga belgilangan narxda sotish na­tijasida yuzaga keladigan salbiy tafovutni respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplash tartibi ham koʻzda tutilmoqda.

Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar manfaatlari alohida eʼtiborga olinadi. Yagona ijtimoiy himoya reestriga kiritil­gan oilalarga gaz xaridi uchun subsidiyalar ajratish belgilanyapti. Bu, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholining yordamga muhtoj qatla­mi uchun qoʻshimcha koʻmak boʻladi.

Yangi tizimga koʻra, xizmat narxlarini bosqichma-bosqich bozor mexanizmlari aso­sida, yetkazib berish xarajatlari va infra­tuzilmani rivojlantirish ehtiyojlarini hisobga olgan holda shakllantirish reja­lashtirilyapti. Har kim isteʼmolga yarasha toʻlov qiladigan shunday sharoitda, qola­versa, sovuq mavsum sabab gazga talab oshgan vaqtda ayrim oilalar uchun isteʼmol eh­tiyojini qondirish qiyinchilik tugʻdiradi. Shu bois, davlat tomonidan yordam umumiy imtiyoz shaklida emas, aynan ehtiyojmand oilalarga yoʻnaltiriladi. Suyultirilgan gazni import qiluvchi korxonalar uchun bir­ja savdolarida qonunchilik asosida ayrim imtiyoz va chegirmalar berilishi esa resurs taʼminotini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Shunday qilib, suyultirilgan gaz taʼ­minotida yangi bosqichga oʻtilyapti. Bundan, avvalo, aholi manfaatdor boʻlishi kerak. Belgilangan choralar natijasi, ayniqsa, kuz- qish mavsumida odamlarning uyi issiq, gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammosi boʻlmaga­nida koʻrinadi. Qolaversa, ushbu yoʻnalishda aholiga qulay, xavfsiz va barqaror xizmat koʻrsatishni taʼminlash maqsad qilingan. Isteʼmolchi suyultirilgan gazni qayerdan topishni emas, uni qanchalik tez va sifatli olishni oʻylaydigan, oʻziga mosini tanlaydi­gan tizim yaratilyapti.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri