Ushbu hujjat bilan sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlaridan foydalanishda quyidagi etika tamoyillari belgilanmoqda:

  • qonuniylik;
  • shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari hamda atrof-muhitni himoya qilishning ustuvorligi;
  • tushunarlilik;
  • masʼuliyat, javobgarlik va nazorat;
  • adolatlilik va kamsitishga yoʻl qoʻymaslik;
  • ochiqlik va shaffoflik;
  • maʼlumotlar himoyasi;
  • ishonchlilik va xavfsizlik.

Quyidagi qarorlarni qabul qilishda faqat sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanmaslik talabi belgilanmoqda:

  • inson huquq va erkinliklariga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlar;
  • sogʻliqni saqlash (kasalliklarni tashxislash, davolash usullarini belgilash va boshqalar) va boshqa sohalardagi qarorlar.

Sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlarini ishlab chiquvchi va joriy etuvchi foydalanuvchilarga:

  • ulardan qanday maqsadda foydalanish mumkinligi yoki taqiqlanishi,
  • sunʼiy intellektga asoslangan yechimlar yoki qarorlar doim toʻgʻri boʻlmasligi;
  • ularning natijalaridan tavsiyaviy yoki maʼlumot uchun foydalanish mumkinligi haqida maʼlumot berishi lozim.

Shu bilan birga, qoidalarda sunʼiy intellekt ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi.