Sunʼiy tafakkur – taʼlim tizimida innovatsion inqilob

    Sunʼiy tafakkur tizimlarini ayniqsa taʼlim tizimiga joriy etilishi mamlakatda inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Sunʼiy tafakkur atamasi odatda insonlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlar doirasidagi vazifalarni bajaradigan hamda uning yordamida boshqariladigan tizimlar, zamonaviy tahlillar va katta maʼlumotlarga ega dasturlarni oʻz ichiga oladi. Sunʼiy tafakkur tizimlari ushbu bilimlar zaxirasidan kognitiv funksiyalarga yaqin qarorlar qabul qilish va chora-tadbirlar belgilashda, shu jumladan sohalarni oʻrganish va muammolarni hal qilishda foydalaniladi.

    Bugungi kunda jahon amaliyotida Kanada, Singapur, Birlashgan Arab Amirliklari, Finlyandiya, Yaponiya, Xitoy, Italiya, Tunis, Buyuk Britaniya, AQSH, Shvetsiya, Meksika, Yevropa Ittifoqi, Keniya, Daniya, Fransiya, Avstraliya, Koreya Respublikasi, Hindiston va Germaniya kabi davlatlar sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyalarini eʼlon qilgan.

    Sunʼiy tafakkur tizimlarini ayniqsa taʼlim tizimiga joriy etilishi mamlakatda inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Jumladan, Rossiya Federatsiyasi 2021-yildan 2024-yilga qadar “Sunʼiy tafakkur” modullaridan foydalanishni maktablarda oʻrgatish vazifasi belgilangan boʻlsa, Xitoy maktablarida 2018-yilda sinov tariqasida sunʼiy tafakkurga asoslangan darslar tashkil etilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tizimiga ham dastlabki sunʼiy tafakkur tizimlari Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Fargʻona shahridagi maktablarda joriy etilgan “Aqlli maktab” dasturi orqali kirib kelganligi barchamiz uchun quvonarli holatdir.

    Taʼkidlash lozimki sunʼiy tafakkur tizimlari asosida ishlab chiqilgan “Aqlli maktab” dasturining taʼlim tizimiga joriy etilishi bir qancha afzalliklarni beradi:

    Bilim sifatini avtomatik tarzda baholash. Anʼanaviy shakldagi (qogʻoz shaklida) jurnallarga baholarni kiritish va ularni tahlil qilish sezilarli darajada koʻp vaqtni oladi. Vaholanki, ushbu vaqtlardan oʻqituvchilar oʻquvchilar bilan mashgʻulotlarga tayyorgarlik koʻrish hamda professional rivojlanishlari ustida ishlashlari mumkin. Sunʼiy tafakkur garchi insonlar tomonidan baholashning oʻrnini toʻliq bosa olmasa-da, sifat jihatidan unga yaqinroq boʻla oladi.

    Sunʼiy tafakkur tizimlariga asoslangan “Aqlli maktab” dasturiy taʼminoti ham maktablarda oʻqituvchilarning vaqtlarini tejash; qisqa fursatda oʻquvchilar, fanlar, mavzular, sinflar kesimida taʼlimdagi boʻshliqlarni aniqlash; oʻquvchilarning aqliy va jismoniy rivojlanishlarini tahlil qilib borish va boshqa bir qancha imkoniyatlarni yaratib bermoqda.

    Dasturning tahliliy maʼlumotlarga asosan aniqlangan kamchiliklari oʻz vaqtida bartaraf etib borilsa, bu maktablarning taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qiladi.

    Unutilgan maʼlumotlarni yodga soladi. Inson xotirasi mukammal emas va dastur oʻqituvchilar, ota-onalarga oʻquvchilarning taʼlimiga oid maʼlumotlarni eslatib turadi va hatto darslarda faol ishtirok etmayotgan, oʻzlashtirishi pasaygan holatlar boʻyicha alohida ogohlantirishlar beradi.

    Oʻquvchilarning xulq-atvorini kuzatib borish. Mazkur tahlil oʻquvchilarning maʼnaviy, ruhiy, axloqiy jarayonlarini ham bilimlarni oʻzlashtirishi bilan bir vaqtda kuzatib borish imkonini beradi. Buning natijasida dastur oʻquvchilarni nafaqat aqlan va jismonan, balki maʼnaviy kamolotini ham shakllanib borishiga oʻz hissasini qoʻshadi.

    Har bir oʻquvchining taʼlimiga individual tarzda eʼtibor. Taʼkidlash lozimki, bugungi kundagi anʼanaviy taʼlim uslubi orqali taʼlimga barcha oʻquvchilarni oʻzlashtirish ahvolini toʻliq qamrab olishning imkoni yoʻq. «Aqlli maktab» dasturi aynan oʻquvchilarning oʻzlashtirishi jarayonida hosil boʻlgan boʻshliqlarni, oʻzlashtirishida mavzular kesimida uzilishlarni, oʻzlashtirish darajasi past oʻquvchilar va fanlardan qobiliyatli oʻquvchilarni grafik va boshqa koʻrinishlarda chiqarib berishi orqali aynan qaysi oʻquvchi bilan va qaysi mavzular boʻyicha individual tarzda shugʻullanish lozimligini aniqlab beradi.

    Bundan tashqari, sunʼiy tafakkurning taʼlimga aralashuvi oʻqituvchilarni ham oʻzgarishga majbur qiladi. Jumladan, oʻqituvchilarning “Aqlli maktab” dasturi bilan hamkorligi natijasida maktablarda oʻquvchilarni tezkor, samarali va yaxshiroq oʻqitishga koʻmaklashadi. Bu oʻqituvchilarning oʻz ustilarida ishlashlariga va taʼlim berish sifatini oshirishlariga olib keladi.

    Xususan, “Aqlli maktab” dasturi tomonidan maktab darsliklaridagi oʻqitilayotgan mavzularning qiyinlik darajasini aniqlab berishi, har bir novator oʻqituvchi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlib, bu masalaning qay darajada dolzarbligini bildiradi. Mavzuning qiyinlik darajasini aniqlash orqali oʻqituvchilar salohiyatiga ham baho berish mumkin boʻladi.

    Umuman olganda sunʼiy tafakkur tizimlarining maktablarga joriy etilishi oʻqituvchilarning koʻplab ishlarini optimallashtiradi va avtomatlashtiradi. Bu esa oʻqituvchilarga oʻzining oʻquvchilari bilan ishlash va taʼlim sifatini oshirish uchun koʻproq vaqt ajratishlariga olib keladi. Pirovard natijada taʼlim tizimining sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

    Habibulla MADATOV,

    Urganch davlat universiteti axborot

    texnologiyalari kafedrasi mudiri,

    fizika-matematika fanlari nomzodi