Maʼlum bo‘lishicha, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi 1987–1998 yillarda tug‘ilgan sakkiz nafar fuqaro internet orqali tarqatilgan murojaatlarga ishonib, Abdulmuhsin Usmonov nomiga rasmiylashtirilgan hisob raqamlariga pul mablag‘larini o‘tkazib kelgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, 1996 yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi Abdulmuhsin Abduvohidovich Usmonov Suriyada faoliyat yurituvchi terrorchilik tuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lib, terrorizmga oid jinoyatlarda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgan. U «Saad Muxtor» taxallusi bilan Telegram orqali Falastinda jabr ko‘rgan musulmonlarga yordam berish bahonasida xayriya mablag‘larini yig‘gan.
Aniqlanishicha, to‘plangan mablag‘lar muhtoj aholiга emas, balki Suriyadagi jangarilarning ehtiyojlari uchun sarflangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan aybdor deb topilgan yetti nafar shaxsga 3 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Yana bir nafar shaxsga esa 4 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi berildi.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali xayriya chaqiriqlariga ishonmaslikka chaqirib, mablag‘ o‘tkazishdan avval uning maqsadi va manbasini sinchiklab tekshirish zarurligini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining terrorizmni moliyalashtirishga oid moddalariga muvofiq, bunday jinoyatlar uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.