Qayd etilishicha, viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish jarayonida Boysun davlat oʻrmon xoʻjaligiga qarashli Kengdala oʻrmon boʻlimining “Shappa“, “Movirli“, “Qora buloq“, “Chorshanbi“ va “Oʻrikli“ massivlarida olib borilgan nazorat tadbirlari davomida jami 53 tup turli diametrdagi Zarafshon archalari noqonuniy ravishda kesilgani, 3 tup archaga esa oʻsishdan toʻxtaydigan darajada zarar yetkazilgani aniqlandi.

Maʼlumotlarga koʻra, mazkur huquqbuzarliklar boʻyicha oʻrmon xoʻjaligi xodimlari tomonidan vakolat doirasida chora koʻrilmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktyabrdagi 290-sonli qaroriga (14-ilova) muvofiq, ushbu holat yuzasidan oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqildi.

Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori Bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobaridan ortiqligi sababli mazkur holat boʻyicha toʻplangan hujjatlar tegishli choralar koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.