2024-yilning 2-iyul kunida Avtomobil yoʻllari qoʻmitasidan Ekologiya vazirligiga Surxondaryo viloyatida “4R105 «Darband-Boysun-Elbayon” va 4R100 “Mangʻuzor-Jarqoʻrgʻon-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yoʻllarining baʼzi qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish jarayoniga toʻsqinlik qilayotgan 9405 tup daraxtni koʻchirib oʻtkazishga doir tegishli koʻrsatma soʻralgan xat yoʻllangan.

Vazirlik bunga javoban Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yildagi 46-son Farmoniga muvofiq davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy amal qilingani hamda 2023-yildagi 81-son Farmoniga koʻra ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, oʻsimlik va hayvonot olami dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bogʻliq jinoyatlarni ogʻir jinoyatlar toifasiga kiritish belgilanganini eslatgan.

Yuqorida qayd etilgan hududdagi daraxtlarning koʻp yillik yoshi va hajmidan hamda ularning hozirda tinim (vegetatsiya) davrida ekanligidan kelib chiqib, Ekologiya vazirligi daraxtlarni koʻchirishga rad javobini bergan. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirishda daraxtlardan xoli hududni tanlash va bu borada loyihaga tegishli oʻzgartirishlar kiritishni tavsiya qilgan.

Shunday boʻlsa-da, mazkur loyihaning amalga oshish masalasi ayni damda Hukumat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilmoqda, zero Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan inson hayoti xavfsizligini taʼminlash nuqtayi nazaridan ushbu yoʻnalishdagi yoʻl infratuzilmasi takomillashtiruvga muhtojligi qayd etilmoqda. Kuchli yomgʻir yogʻishi va sel kelishi oqibatida yoʻl va koʻpriklar taʼmirtalab holatga kelib qolgan. Avtomobillar sonining kundan kunga oshishi esa yoʻllarda tirbandliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada avtomobillarning xarakatlanishida qiyinchiliklar yuzaga kelib, avtoholakat hodisalari kupaymoqda. Jumladan, 2022-2024-yillar mobaynida bu yerda 54 ta avtoholakat hodisasi sodir boʻlgan, buning natijasida esa 19 nafar fuqaro vafot etgan, 31 nafar fuqaro turli tan jarohat olgan.

Shu bois ayni damda loyiha doirasidagi hududda mavjud daraxtlar holati, soni, turi, oʻlchami va qiymatini aniqlash boʻyicha Surxondaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.