Dunyo iqlimi o‘zgarib borayotgani yangilik emas. Jazirama kunlar ortib, yog‘ingarchilik kamayib ketgani ham bor gap. Qurg‘oqchil maydonlar kengayib, bir paytlar ko‘kalamzor yerlar ham suvsizlikdan cho‘lga aylana boshladi. Ayni paytda oziq-ovqat xavfsizligi, suv tanqisligi, ekologiya masalasi o‘zaro chambarchas bog‘lanib ketgan.

Oziq-ovqat xavfsizligini hal etishda aynan issiqxonalar o‘ziga xos o‘ringa ega. Biroq suv va yer resurslarini ishlatish issiqxonalardan foydalanishda ham qator talablarni keltirib chiqarayotir. Xususan, shaharlashuv (urbanizatsiya) jarayonida issiqxonalarning qulay va xavfsiz manzillarga joylashtirish ham muhim. Shu sabab ham yirik shaharlar va ular atrofidagi ishlab chiqarish hamda mahsulot tayyorlash korxonalarini boshqa maqbul joylarga ko‘chirish masalasi bejiz ko‘tarilmagan.

Zarurat va jarayon

Keyingi bir necha yilda poytaxt ob-havosining keskin buzilayotgani keng jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi. Xususan, 2024 yili Toshkent atrofida “yashil” halqa o‘rniga amalda ko‘mirda ishlaydigan va havoni ifloslantiradigan issiqxonalardan iborat “kulrang” halqa shakllangani haqida xabar berilgan. O‘shanda issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir yoqib, isitilishi ma’lum qilingan. Mas’ul tashkilotlar poytaxt va uning atrofidagi issiqxonalar xaritasini ham ­e’lon qilgan. Yirik aholi yashash manzillarida toza, musaffo muhit yaratish maqsadida issiqxonalarni hududlarga ko‘chirish tashabbusi ilgari surildi.

Endi Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida 2026 yil 1 iyundan boshlab ko‘mir, mazut va atmosferaga zararli yoqilg‘ilaridan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat berish to‘xtatildi. 2026 yil 1 avgustdan boshlab esa mavjud issiqxonalar faoliyatining iqtisodiy samaradorligini qayta ko‘rib chiqish va ularni shaharsozlik hamda ekologik talablarga moslashtirish maqsadida qator chek­lov va oshirilgan tariflar joriy etiladi. Issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi va mavjud shartnomalar belgilangan tartibda gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan bekor qilinadi.

Issiqxonalar tomonidan iste’mol qilinadigan suv resurslari uchun to‘lovlar (soliq stavkasi) sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tariflarning 5 baravari miqdorida hisoblanadi.

2026-yil 1-avgustdan boshlab esa issiqxonalarda yoqilg‘i sifatida ko‘mir, shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi hamda shunga o‘xshash komponentlardan iborat materiallarni yoqish natijasida atrof tabiiy muhitni ifloslantirgani va chiqindilar joylashtirgani uchun kompensatsiya to‘lovlari yigirma baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi.

Mazkur loyiha doirasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini zamonaviy talablar asosida yangilash va kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va texnik suv ta’minoti, avtomobil yo‘llari hamda raqamli aloqa tarmoqlari bosqichma-bosqich takomillashtiriladi. Xususan, yangi elektr uzatish tarmoqlarining tortilishi va zamonaviy transformator punktlarining o‘rnatilishi ishlab chiqarish quvvatlarini uzluksiz ishlatish, zamonaviy issiqxona majmualari va sanoat obyektlari uchun to‘liq quvvatda fao­liyat yuritish imkoniyatini beradi. Natijada tadbirkorlar uchun ishonchli energetik muhit shakllanadi, yangi loyihalarni joylashtirishda qulaylik ortadi va umumiy investitsiyaviy jozibadorlik sezilarli darajada oshadi.

— Sherobod tumanida “Surxon-Agro” iqtisodiy zonasini bunyod etish jarayoni boshlab yuborildi. Bu yerda elektr energiyasi bilan ta’minlash guruhlari ishlayapti. Maqsadimiz — tadbirkorlar uchun poytaxt va Toshkent viloyatidagidan kam bo‘lmagan shart-sharoit yaratish, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo filiali direktori Ma’rufjon Shamsiddinov.

Keyingi yillarda viloyatning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirish hamda agrosanoat tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshiril­yapti. Bu borada Prezidentimizning 2026-yil 25-martdagi “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturulamal vazifasini o‘tamoqda.

Mazkur hujjatga muvofiq, Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, bu yerdagi kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini tashkil etish belgilangan. Bundan tashqari, amaliy hisob-kitoblar va istiqbolli rejalar asosida Qiziriq tumanidagi 220 gektar yer ham ushbu tashabbus doirasidagi loyihaga -qo‘shiladi. ¬Natijada “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi jami 1160 gektarni qamrab oladi.

Mutaxassislarning aytishicha, mazkur loyi¬ha oddiy agrar tashabbus emas, balki Surxondaryoning iqtisodiy qiyofasini tubdan o‘zgartirishga xizmat qiladigan strategik das¬tur. Zamonaviy energiya tejamkor issiqxonalarning barpo etilishi yil davomida yuqori hosil olish, eksport geografiyasini kengaytirish va qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatini beradi. Eng muhimi, minglab yangi ish o‘rinlari ochilib, aholining doimiy bandligi oshadi va daromad manbalari kengayadi. Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng yillik 126,8 ming tonna mahsulot yetishtiriladi va 18 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvati yaratiladi. Bu yerda 6300 ta doimiy va 8000 dan ortiq mavsumiy ish o‘rinlarini ochish ko‘zda tutilgan.

— Bugun Surxondaryo viloyatida zamonaviy issiqxonalar ko‘payib, energiya tejamkor texnologiyalar, tomchilatib sug‘orish tizimi va yuqori hosilli urug‘lardan samarali foydalanilmoqda. Bu esa kam yerda ham yuqori hosil olish imkonini beryapti, — deydi uzoq yillardan buyon shu yo‘nalishda xizmat qilayotgan O‘tkir Shaymanov. — Endi Sherobodda ish boshlayotgan yangi loyiha ortidan Surxon vohasining iliq va qulay iqlim sharoiti dehqonlar uchun yil davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi. Kuz-qish mavsumida issiqxonalarda pomidor, bodring, qalampir, ko‘kat kabi eksportbop mahsulotlar ko‘p miqdorda yetishtiriladi. Sherobodga borib, ajratilgan maydonni ko‘zdan kechirdik. Serunum yer, suv muammosi yo‘q, logistika uchun ma’qul lokatsiya.

Rag‘bat

Toshkent shahri, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlari hududidan Surxondaryo viloyatiga ko‘chiriladigan issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida vohadagi “Surxon-Agro” zonasi hududida faoliyatini davom ettirgan tadbirkorlik subyektlariga milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga, shundan imtiyozli davri 3 yilgacha uzaytiriladi.

2028 yil 1 apreligacha “Surxon-Agro” zonasi hududiga ko‘chadigan issiqxonalar uchun issiqxona konstruksiyasi va uskunalarini demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar 1 sotix yer maydoni uchun bir martalik, biroq 500 ming so‘mgacha miqdorda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Issiqxona xo‘jaliklarini ko‘chirishdan bo‘shagan yer uchastkalarida hudud ixtisosligidan kelib chiqib, intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va ko‘chatchilik yo‘nalishlarida faoliyatini davom ettirish yoki “yashil bog‘lar”ni barpo etishga ruxsat beriladi.

Bu tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi barobarida viloyatlarning iqtisodiy salohiyati o‘sishiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

— Qarorga muvofiq, tadbirkorlar uchun barcha sharoit yaratish ko‘zda tutilgan. Elektr energiyasi, suv, gaz, yo‘l infratuzilmasi shakl¬lantirilmoqda. Tadbirkorlar kelib, holat, vaziyat bilan tanishib ishni boshlab yuboryapti. Chunki ular vaqtni besamar o‘tkazmaslik zarurligini yaxshi biladi, — deydi Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatilla G‘afforov.

“Surxon-Agro” iqtisodiy zonasi bilan tanishuv

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ijrosini ta’minlash, tadbirkorlarga hududning investitsiyaviy va agrar salohiyatini yaqindan tanishtirish maqsadida Surxondaryo viloyatida tanishuv tadbirlari o‘tkazildi. Seminarlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, Toshkent viloyatidagi tuman hokimlari hamda o‘rinbosarlari, tadbirkorlar, fermerlar qatnashdi.

Surxondaryoda aholining tomorqadan unumli foydalanishini ta’minlash maqsadida “Tomorqachilik maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu maktabda tajribali mutaxassislar yer egalariga urug‘ tanlash, ko‘chat parvarishi, mineral ozuqa berish, zararkunandalarga qarshi kurashish va mahsulotni bozorga chiqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tab kelmoqda.

Seminar ishtirokchilariga ushbu maskanda parvarish qilinayotgan ekinlarni yetishtirish texnologiyasi, agrotexnik tadbirlar va hosildorlikni oshirish usullari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Sherobod tumanida barpo etilayotgan “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida mehmonlarga issiqxona loyihalarini amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar, muhandislik ¬kommunikatsiyalari va investorlar uchun yaratilgan qulay muhit haqida ham zarur ma’lumotlar taqdim etildi.

Shu bilan birga, davlat tomonidan taqdim etilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, jumladan, imtiyoz va preferensiyalar xususida ham atroflicha so‘z yuritildi.

Prezidentimizning mazkur qarori bilan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida davlat muassasasi shaklida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Natijada tumanda kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualari joylashtiriladi. Energiya tejovchi va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushi kamida 50 foizga yetkaziladi, atmosfera havosiga zararli tashlamalar chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining faoliyati bosqichma-bosqich qisqartiriladi.

“Surxon-Agro” zonasining faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi. Uning ishtirokchilariga EIZ ishtirokchilari uchun belgilangan ayrim soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi.

Erkin iqtisodiy zona doirasida zamonaviy logistika, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash infratuzilmalarini shakllantirish rejalashtirilgan. Bu mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga tez va raqobatbardosh tarzda yetkazib berish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytiradi. Hududning iqtisodiy taraqqiyoti va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan ushbu tashabbus bilan bir qatorda avtomobil yo‘llari infratuzilmasini yaxshilash, yangi yo‘llar barpo etish hamda mavjud yo‘llarni ta’mirlash ishlari ham bajarilmoqda. Bu esa logistika jarayonini yengillashtirib, yuk tashish va mahsulot yetkazib berish samaradorligini oshiradi. Ushbu loyiha hududni zamonaviy infratuzilmaga ega, iqtisodiy faolligi yuqori sanoat va agrar markazga aylantirishi kutilmoqda. Bugun viloyatda jami 7800 gektarga yaqin issiqxona mavjud bo‘lib, Sherobod tumanida Toshkent shahri va unga tutash hududlarda faoliyat yuritayotgan issiqxonalarni ko‘chirish uchun ajratilayotgan yana 940 gektar yer hisobiga voha issiqxonachilikda katta istiqbolli manzilga aylanadi.

Sarvar TO‘RAYEV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri