Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, Qishloq xo'jaligi uchun ob-havo noqulay kelgan bu yilgi sharoitda 89,3 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar g'alla navlarini parvarishlagan voha mirishkorlari shu kungacha qabul punktlariga 209 ming 185 tonna sara tovar don topshirib, shartnomaviy rejani 101,1 foizga bajardilar.
Jumladan, Angor tumanida “Saidnosirxon”, “Ikki do'st Surxon-Angor”, Termiz tumanidagi “Namuna Qahramon gavhari”, “Sherzod Salavot”, Denov tumanidagi “Bog'bon”, “Bilol Mirzo”, Sho'rchi tumanidagi “Shavkat Abdurahmonov”, “Iqbol-1”, Jarqo'rg'on tumanidagi “Nurli Diyor Oqoltini”, “Surxon Sabosi” kabi fermer xo'jaliklari 95-100 sentnerdan hosil olib, viloyat xirmoniga o'zlarining munosib hissasini qo'shdi.
Viloyat g'allachiligidagi bu muvaffaqiyat qishloq xo'jaligida iqtisodiy islohotlarning jadallashganligi, klaster faoliyatining yo'lga qo'yilganligi, fermerlarning moddiy manfaatdorligi, yerga, mulkka egalik hissining oshganligi, zamonaviy usullarning izchillik bilan joriy etilganligi samarasidir.
Joriy yilda voha g'allakorlari gektarlar hosildorligini o'rtacha 76,6 sentnerga yetkazib, mavjud maydonlardan 695 ming 500 tonna sara don ishlab chiqarishni mo'ljallamoqda.