Ona vatanimiz yuksalishi va ravnaqiga ulkan hissa qoʻshayotgan mirishkor dehqonlarimizni fidokorona mehnati evaziga har qaysi oilaning, el-yurtimizning rizq-roʻzi, dasturxonini toʻkinligi, odamlarimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchi mustahkamlanmoqda.
Yangi Oʻzbekistonning barcha sohalaridagi kabi, qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi – gʻallachilikdagi tub islohotlar ham oʻzining samarasini bermoqda. Eng muhimi, gʻalla yetishtiruvchilar manfaati taʼminlanib, yuqori daromadga erishilmoqda.
Bu yilgi mavsumda ham qisqa fursatlarda suvli maydonlarga ekilgan gʻallazorlardan 2 mln 550 ming tonnadan ortiq yoki har gektar hisobiga 2,5 tonna bugʻdoy jamgʻarilib, davlat haridi toʻliq amalga oshirildi va birjalarda sotish uchun omborlarda zahira qilindi, mirishkor fermerlarimiz yuzi yorugʻ boʻldi. Bunda, 40 mingga yaqin gʻallachilik fermer xoʻjaliklarining munosib hissasi bor.
Ana shunday yuqori koʻrsatkichga erishayotgan usta dehqonlarimiz soni yildan-yilga oshayotgani albatta, quvonchli. Joriy mavsumda 4,5 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklari 100 sentnerdan yuqori xirmon yaratdi.
Romitandagi “Gʻafurobod Zulfiya”, Olotdagi “Shukurullo oʻrin” Koson tumanidagi “Togʻayev Anvar”, Paxtachidagi “Oʻzagro sahovat yerlari”, “Aziz bobo dalalari”, Narpaydagi “Paxtakor”, Ishtixondagi “Tojiyev Qurbon ota”, Angordagi “Xamkon tilla buloq”, Jarqoʻrgʻondagi “Dilshod Ravshanqulovich”, Qumqoʻrgʻondagi “Elobod ziyosi”, Sheroboddagi “Shayman ota”, Beshariqdagi “Ilxojon Olimov”, Toshloqdagi “Boymat Shermatov sahovati”, “Ziroatchi”, Uchkoʻprikdagi “Saxovatlik hamkorlik”, Yozyovondagi “Var Zulfiqor”, Gurlandagi “Sevara Feruza”, “Sanjarbek Ergashbek”, Yangibozordagi “Davronbek oltin diyori” va “Tojiboy” kabi fermer xoʻjaliklari ana shunday peshqadamlar qatorida ekani quvonchli.
Taʼkidlash joizki, belgilangan hajmdagi bugʻdoy barcha hududlarda 15-16 ish kunida jamgʻarildi. Shu bilan birga, dalalarda hosil moʻl, oʻrim-yigʻim ishlari koʻtarinkilik bilan davom etmoqda.
Bu yilgi mavsum haqida soʻz yuritganda qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan tub islohot va oʻzgarishlarning samarasiga alohida toʻxtalib oʻtishimiz shart. Xususan, joriy yil hosili uchun biologik eskirgan navlar oʻrniga yangi serhosil va ob-havoning noqulay sharoitlariga chidamli kuzgi bugʻdoy navlarining maydoni 585 ming gektarga kengaytirildi.
Soha texnika parki modernizatsiyasini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hisobiga ekish mavsumida 105 ming gektar maydon lazerli tekislandi hamda 300 ming gektardan ortiq ochiq maydonlar zamonaviy don ekish seyalkalarida ekildi.
2020-yil hosilidan boshlab davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyotini bekor qilish, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillarini joriy etish yutuqlar omili boʻlmoqda.
Fermer xoʻjaliklariga gʻalla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablagʻlaridan erkin foydalanish hamda xizmat koʻrsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish va sotishda birja mexanizmining joriy etilishi yuqori manfaatdorlikni taʼminlamoqda. Shuningdek, joriy yilda qariyb 5 mingga yaqin fermer 285 ming gektarda oʻz mablagʻlari hisobiga gʻalla yetishtirgani ham islohotlarning yorqin ifodasidir.
Gʻallachilikdagi bunday yuqori natijalar, avvalo, dehqon va fermerlar, gʻalla klasterlari ishchi-xodimlari hamda soha fidoiylari tomonidan tunu kun qilingan mashaqqatli mehnatining, shuningdek, puxta oʻylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlarning munosib samarasidir.
Zamonaviy texnikalardan foydalanish natijasida ekish ishlarini oʻtgan yillarga nisbatan 10-12 kun erta yakunlash imkonini berdi, oktyabrning uchinchi 10 kunligi va noyabr oyidagi yogʻingarchiliklar esa asosiy maydonlarda gʻallani tuproqning tabiiy namiga undirib olishga qulay sharoit yaratdi. Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun subsidiya ajratilishi natijasida yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari oʻrnatilgan gʻalla maydonlari kengaytirildi.
Xalqimiz rizq-roʻzi boʻlgan ulkan gʻalla xirmonini yaratgan barcha dala mehnatkashlari - fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar, gʻallachilik klasterlari rahbarlari va ishchi-xodimlari, sohaning fidoiy olimlari va mutaxassislarini peshona teri, ogʻir va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli mehnati evaziga qoʻlga kiritilgan gʻalaba hammamizga muborak boʻlsin.
Eng quvonchlisi, hali dalalarimizda gʻalla oʻrim-yigʻim ishlari qizgʻin davom etmoqda. Qolgan suvli maydonlar hamda lalmi va chorvachilik xoʻjaliklari maydonlarida yetishtirilgan hosil hisobidan 9 mln tonnadan ortiq ulkan gʻalla xirmoni yaratildi, uni soha fidoiylari qisqa muddatlarda toʻliq yigʻib olish uchun astoydil mehnat qilmoqda.
Gʻalladan boʻshagan maydonlarda peshma-pesh takroriy ekinlar ekilmoqda, bu qishloq aholisi, yoshlar va ayollarni mavsumiy bandligi taʼminlashda va daromad topishda muhim omil boʻladi.
Oʻzbekiston fermer,
dehqon xoʻjaliklari va
tomorqa yer egalari kengashi