Suvni hayotimiz manbaiga qiyos etamiz. Bu noyob neʼmatni qadim ajdodlarimiz ham muqaddas bilib, juda qadrlagan. Nafaqat insoniyatning yashash tarzi, balki butun mavjudot olamining yashnatuvchisi va yashartiruvchisi ham suv ekanligi barchamizga kunday ravshan. Alalxusus, taʼrifu tavsifning bundan-da ortiq izohi boʻlmasa kerak.

Sharq va gʻarb hakimlari suvni “halovat manbai” yoki “salomatlik malikasi”ga qiyos etganlar. Ularning aytishlaricha, suv badanni pok qilibgina qolmay, balki terining “koʻzi”ni ochadi. Suv taʼsiridan bosh miya hushyor tortadi, chuqur nafas oladi, yurak dadil uradi, mushaklar tanobi tortiladi.

Afsuski, toza ichimlik suvining behuda nobud boʻlayotganini har qadamda koʻrganmiz yoki eshitganmiz. Negadir bunga jiddiy eʼtibor ham bermaymiz va “menga nima” qabilida ish tutamiz. Biroq bu loqaydliklarimiz ertaga qimmatga tushishini xayolimizga ham keltirmaymiz.

Shuni ham alohida eʼtirof etish joizki, bugungi kunda jahon matbuoti chuchuk suv muammosi eng dolzarb masalalardan biri boʻlib qolayotgani xususida bong urmoqda. Chuchuk suv zahiralari yildan-yilga kamayib borayotgani, aholining isteʼmol suviga boʻlgan talabi kun sayin oshayotgani tufayli tanqislik kelib chiqayotgani haqida yozishmoqda. Xorij matbuotida taʼkidlanishicha, bunday holat yuzaga kelishining asosiy sababi, yer yuzining 71 foizini daryo va okean suvlari ishgʻol qilgan boʻlsa-da, undagi chuchuk suv miqdori atigi 2,5 foizni tashkil etar ekan. Umuman olganda, yerdagi suvning jami zahirasi 1385984610 kub km.ni tashkil qiladi. Jami suvning 96,5 foizi dengiz yoki okeanlarda boʻlib, shoʻr suvdan iborat.

Chuchuk suvning 70 foizi muz qoplamalarida, 30 foizi esa tuproqdagi nam yoki olish qiyin boʻlgan yer osti qatlamlarida joylashgan. Yer yuzida mavjud boʻlgan chuchuk suv zahiralarining bir foizidan insoniyat foydalanishi mumkinligi manbalarda qayd etilgan.

Xolisanillo aytganda, toza ichimlik suvi muammosi mamlakatimizni ham chetlab oʻtgani yoʻq. Respublikamizning ayrim joylarida isteʼmolga yaroqli boʻlgan suvning tanqisligi hozirdanoq sezilmoqda.

Darvoqe, toza ichimlik suvi haqida gap ketar ekan, bu bebaho neʼmatdan oqilona foydalanib, uni tejash xususida respublikamiz matbuotida dolzarb maqolalar chop etilyapti. Radio-televideniye ham befarq qarab turgani yoʻq. Biroq bu chiqishlar nazarimizda hali yetarlicha emasday yoki yoki uning samarasi behuda ketayotganday tuyuladi. Xususan, ommaviy axborot vositalarida ayrim xonadon egalari tarvuzni sovutish maqsadida joʻmrakni katta ochib qoʻyib, toza ichimlik suvini nobud qilayotgani yoki tomorqasini sugʻorishda, hatto baʼzi haydovchilar mashinalarni yuvishda ham isteʼmol suvlaridan tartibsizlarcha foydalanayotgani haqida yozgʻirishdi.

Albatta, xizmat taqozosi bilan koʻpgina korxona va tashkilotlarga kirib chiqishimizga toʻgʻri keladi. Taajjubki, ana shu muassasalarning oshxona yoki yuvinish xonalariga biror yumush bilan kirib qolgudek boʻlsak, ajib manzaraga duch kelgan hollarimiz koʻp boʻlgan. Bino ichidagi quvurlarga oʻrnatib qoʻyilgan joʻmraklarning nosozligidan issiq yoki sovuq suv behuda oqib yotganini bir necha bor kuzatganmiz.

Suv taqsimlagich idoralarning mutasaddi xodimlariga ham jinday eʼtirozimiz yoʻq emas. Axir ular suvni behuda nobud boʻlishiga yoʻl qoʻyayotgan davlat tashkilotlari yoki xususiy korxonalarning rahbarlarini yaxshigina jarimaga tortsalar maqsadga muvofiq boʻlmasmikan? Yoki suv oʻlchagich asboblarini oʻrnatib qoʻyish shunchalar qiyinmikan?!

Shuningdek, ariq suvlarini ifloslanishiga yoʻl qoʻyayotganlarga ham nazorat organlari tomonidan keskin choralar koʻrish kerak. Bunday shaxslar faqat maʼmuriy javobgarlikka tortilibgina qolmay, balki ularga jarima solinadigan boʻlsin...

— Suv manbalarini ifloslanishdan muhofaza qilishning eng yaxshi yoʻli markazlashgan suv taʼminotini tashkil qilishdan iborat. Ochiq suv havzalaridan suv olinadigan joyni tanlashda suvning ifloslanmasligi, havzaga yetarli miqdorda suv tushib turishini, uning atrofini toʻsilganini va qirgʻoqning buzilmasligini hisobga olish kerak, — deydi taniqli olim I. Ilinskiy.

Ona tabiatga boʻlgan qaltis munosabatimizning salbiy taʼsiri oʻlaroq, sayyoramizning barcha kengliklarida iqlim oʻzgarishlari roʻy berayotgani sezilyapti. Shuningdek, oʻrmonlar bilan qoplangan maydonlar keskin qisqarayotgani, suvlar, atmosfera va litosferaning ifloslanishi, oʻsimlik va hayvonlarning ayrim noyob turlari yoʻqolib borayotgani hech kimga sir emas.

Shaharlarni-ku qoʻya turaylik. Qishloq va ovullarda ham suvlarni tejab-asrashga boʻlgan munosabat koʻngildagidek, deb boʻlmaydi. Tabiiyki, respublikamiz aholisining yarmidan koʻprogʻi qishloq joylarida istiqomat qiladi. Shu bois, qishloq aholisining aksariyati toza ichimlik suvini olish uchun ariq va chashmalardan foydalanadi. Agar kuzatayotgan boʻlsangiz, togʻlardan quyi tomon oqib tushayotgan ariq va soylarning suvlari yildan-yilga kamayib borayotganiga ishonch hosil qilasiz.

Ehtimol, bu — togʻ yon bagʻrida oʻsayotgan dov-daraxtlarning ayovsiz kesilayotgani sabab tabiatning asta-sekin bizdan oʻch olayotgani emasmikin? Mutaxassislarning fikricha, odamzodni toza, shaffof obi hayot bilan taʼminlashda togʻu adirlarda oʻsayotgan daraxtlarning-da ahamiyati beqiyos ekan.

Hoynahoy, togʻlardan jildirab oqayotgan chashmalarga koʻzingiz tushgandir? Nihoyatda zilol va shirin, bir necha bor “filtr”dan oʻtib, toshdan-toshga urilib “pishgan” bu shaffof suvdan sipqorganmisiz? Agar kuzatgan boʻlsangiz, archa va boshqa daraxtlar koʻp boʻlgan togʻ yoki adirdan enib tushayotgan soyning chashmasida suv moʻlroq, daraxt kam joyning chashmasida esa suv kamroq boʻladi. Shunday ekan, serdaraxt oʻrmonlarimiz biologik suv tutgich vazifasini ham oʻtabgina qolmay, havoning moʻtadilligini saqlashda ham asosiy vosita hisoblanadi. Oʻrmonlarning yana bir xususiyati suvning yer ostiga oʻtib ketishini, parlanishini birmuncha kamaytiradi. Katta-kichik soylar hajmini rivojlantirib, suv manbaini meʼyorida saqlashga xizmat qiladi.

Oddiy misol. Ilgari, aniqrogʻi bundan 20-30 yil avval Kitob tumanining sharqiy qismidan boshlanadigan, togʻ yon bagʻridagi yuzlab chashma va ariq suvlaridan tarkib topgan Qashqa daryosi ikki qirgʻogʻini toʻldirib, hayqirib oqqanicha Amudaryoga qadar yetib borganiga guvoh boʻlganmiz. Daryo suvlaridan nafaqat Kitob tumani, balki Shahrisabz, Yakkabogʻ, Chiroqchi, Qamashidan tortib Qarshi tumanidagi dehqonlar ham keragicha foydalanishgan. Bugungi kunda ayrim chashmalarning koʻzi bekilib qolganidanmi yoki boshqa sababmi butun boshli viloyatning nomi bilan ataladigan bu daryoning suvlari ancha kamayib ketgan.

Yana bir gap. Baland togʻlardagi egri-bugri irmoqchalardan oʻynoqlab quyi tomon enib tushayotgan suvlarga nazaringiz tushgandir. Bunday toza, shifobaxsh, bamisoli gavharni eslatuvchi obi hayotdan bir hoʻplam boʻlsa-da, sipqorganmisiz? Zero, xalqimizda “Suvni boshlanishdan ichgan asal yutadi, oxiridan ichgan zahar yutadi” degan gap bejiz toʻqilmagan. Afsuski, suvlar quyi tomon qanchalik pastlab oqavermasin, shunchalik ifloslanib boraveradi. Sababi barchamizga ayon.

Bu ham yetmagandek, yer osti suvlari ham yildan-yilga kamayib borayapti. Nazarimizda bu hol artezian quduqlari orqali olinayotgan suvlardan ham samarasiz foydalanish oqibati boʻlsa kerak.

Suv moʻl boʻlgan joylarning iqlimi hamisha moʻtadil boʻlgan. Chunonchi, suv havzalari, ariq va soylar oʻtgan hududlar hamisha obod va koʻrkam boʻlishidan tashqari, ekologik jihatdan ham sofligicha qoladi. Suvsiz joylar esa... buyogʻi oʻzingizga maʼlum. Shu bois, dam olish oromgohlari, sanatoriylar va boshqa koʻngilochar inshootlar ana shunday bahavo, salqin hududlarda barpo etiladi. Toza havodan bahra olgan organizm ancha tetiklashib, faolligi yanada oshishi barchamizga maʼlum.

Shuning uchun ham jahon ommaviy axborot vositalari ekologik muvozanat yildan-yilga yomonlashib borayotgani, bunga asosan oʻzimiz sababchi boʻlayotganimiz xususida kuyunib yozayotgani bejiz emas.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, har yili yer qaʼridan 100 milliard tonna foydali qazilmalar va tabiiy gaz, 2 milliard tonna koʻmir qazib olinmoqda. Dalalarga 92 million tonna maʼdanli oʻgʻit va 2 million tonna zaharli ximikat sepilyapti. Atmosfera havosiga 200 million tonna uglerod oksidi, 50 million tonna uglevodorod, 146 million tonna oltingugurt dioksidi, 53 million tonna azot oksidi, 250 million tonna chang chiqariladi. Suv havzalarida 32 milliard tonna kub metr tozalanmagan suv tashlab yuborilayotgan boʻlsa, dunyo okeanlariga har yili 10 million tonna neft oqib tushadi. Har yili 6-7 million gektardagi tuproq ziroatchilik uchun yaroqsiz holga kelmoqda.

Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, hozirgi kunda dunyo aholisining uchdan bir qismi suv zahiralari yetishmasligi sezilmaydigan yoki qisman seziladigan mamlakatlarda yashaydi. 2025-yilga borib dunyo aholisining uchdan ikki qismi yuqoridagi muammo bilan toʻqnash kelishi taxmin qilinmoqda. 1990-yilning oʻrtalaridan boshlab dunyo aholisining 40 foizi yashaydigan 80 ga yaqin mamlakat suv taqchilligidan aziyat cheka boshlagan. Yer sharida istiqomat qiladigan 1,1 milliard kishi yoki jami aholining 18 foizi toza suv olish, 2,2 milliard kishi esa kanalizatsiya tizimlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Bu asosan Osiyo va Afrika qitʼasiga tegishli muammodir. Toza ichimlik suvining taqchilligi yoki yoʻqligi natijasida turli yuqumli kasalliklar paydo boʻlmoqda va yiliga 3-5 milliondan ortiq kishi mana shu kasalliklar tufayli hayot bilan vidolashmoqda.

Biz yuqorida sanab oʻtgan raqamlarni chakki keltirmadik. Bundan har birimiz ogoh boʻlishimiz, yetarli xulosa chiqarishimiz joiz. Shunga oʻxshash muammolar respublikamizning ham ayrim hududlarini chetlab oʻtgani yoʻq. Mamlakatimiz joʻgʻrofiy joylashuviga koʻra, issiq mintaqalar sirasiga kiradi. Aholi sonining yil sayin ortib borishi, sanoatning keskin oʻsishi, qishloq xoʻjaligining rivojlanishi suvga boʻlgan ehtiyojning yanada oshishiga sabab boʻlmoqda.

Taʼkidlash joizki, hukumatimiz tomonidan tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga oid amalga oshirilayotgan qator chora-tadbirlar eʼtiborga molik ishlardandir.

Shuningdek, yagona ummonimiz — Orol dengizi muammosi ham barchamizni tashvishlantirmay qoʻymaydi. 1992-yili Orol dengizi mintaqasi BMT tomonidan “Ekologik halokat hududi” deb eʼlon qilingani bejiz emas. Ayni paytda Orol dengizi muammosini bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Holbuki, ona-tabiatga boʻlgan har qanday nomutanosib xatti-harakatlar iqlim oʻzgarishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmasdan qolmaydi.

Pirovardida shuni ham alohida taʼkidlab oʻtmoqchimanki, toza ichimlik suvini behuda nobud qilayotgan shaxslarga nisbatan keskinroq choralar koʻrish vaqti allaqachon yetgan. Axir har bir narsaning ham hisob-kitobi, cheki-chegarasi bor. Isteʼmol suvlari ham bitmas-tuganmas xazina emas. “Nimani xor qilsang, shunga zor boʻlasan”, degan naql bejiz aytilmagan. Shu bois, Olloh inʼom etgan bebaho neʼmatning qadriga yetish har bir inson uchun ham qarz, ham farzdir.

Azamat SUYUNOV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi