Shunisi aniqki, tartib-qoida qay holatda boʻlmasin — zarurat. Ular hayotimizni izga solib turadi. Masalan, suvdan foydalanishni olaylik. Mazkur masalada biz oʻziga xos tajribaga egamiz. Chunki suvni iflos va isrof qilmaslikni, avvalo, oilada oʻrganamiz. Suv masalasida nihoyatda ehtiyotkor boʻlish lozimligini bobo-buvi, ota-onamizdan juda koʻp eshitganmiz va shunga amal qilishga intilamiz.
Suv tengi yoʻq va bebaho neʼmat. Tiriklik manbai. Turmushimiz, sogʻligʻimiz, faoliyatimiz u bilan bogʻliq. Suvning muqobili ham yoʻq, uni hech nima bilan almashib boʻlmaydi. Sanab oʻtilgan ushbu omillar, qolaversa, hozirgi kunda dunyoda kuzatilayotgan qurgʻoqchilik, choʻllanish, iqlim oʻzgarishi kabi holatlar suv qadrini har qachongidan oshirmoqda.
Bu xususda kuni kecha Prezidentimizning suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishishi chogʻida ham alohida qayd etildi.
Chindan ham bugun suvni asrab-avaylash kechiktirib boʻlmaydigan vazifaga aylanmoqda. Bu masala biz uchun oʻta dolzarb ahamiyat kasb etadi. Nega?
Birinchidan, Oʻzbekiston geografik jihatdan dunyoning suv taqchil boʻlgan hududlaridan biri — Markaziy Osiyoda joylashgan. Qolaversa, mintaqa, shu jumladan, yurtimiz iqtisodiyoti, aholisi yil sayin oʻsib bormoqda. Oxirgi maʼlumotlarga qaraganda, Markaziy Osiyo aholisi 2050-yilgacha 100 milliondan oshadi. Eng katta koʻpayish, tabiiyki, Oʻzbekistonda boʻladi. Yurtimiz aholisi taxminan 50 million kishiga yetadi. Bular, oʻz navbatida, suvga ehtiyojni ham oshiradi.
Endi savol: yerimiz qurgʻoqchil, suvimiz taqchil va holat tobora yomonlashishi mumkin ekan, nima qilmoq kerak? Hozirgi tushunchamiz, amaliy ishlarimiz bilan holatni qanchalik yumshata olamiz?!
Albatta, hayot bir joyda toʻxtab turmaydi. Yozilgan va yozilmagan qoidalar asosida davom etaveradi. Lekin bugun anglab yetyapmizki, suvga endi avvalgidek munosabatda boʻla olmaymiz. Ayni paytda atrofimizda koʻrib, bilib turgan holat, ish tutumimiz bunga yoʻl qoʻymaydi.
Koʻpchilikning ongida oʻrnashib qolgan “suv — tekin” tushunchasi oʻzgarishi shart. Boshqa iloj yoʻq. Toʻgʻri, bugun joʻmraklar orqali xonadonimizgacha suv kirib kelmoqda. Ariqlarimiz ham suvsiz qolayotgani yoʻq. Lekin bu uni istagancha sarflash kerak degani emas. Aksincha, unga har qachongidan eʼtiborli boʻlish taqozo etilyapti.
Tizimlashgan huquqiy asos
Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish, undan foydalanish, sarflash va tejashga daxldor koʻplab hujjatlar qabul qilingan. Ularning ijrosi boʻyicha qilinayotgan ishlar ham kam emas. Jumladan, oʻtgan yili “Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindiki, bunga alohida toʻxtalib oʻtmasak boʻlmaydi. Chunki mazkur qonun mamlakatimizda bu borada qilinayotgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida ham, mavjud hujjatlarni bir tizimga jamlagani bilan ham ahamiyatli.
Suv kodeksi 2025-yilning 31-oktyabridan kuchga kirdi.
Aytdik, iqlim oʻzgaryapti, suvga talab ortyapti. Manba kam, ehtiyoj esa koʻp. Bunday sharoitda bu kabi hujjat oʻta zarur. Binobarin, unda iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga boʻlgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, infratuzilma hamda sugʻoriladigan yerlar holatini yaxshilash borasida tizimli masalalar qamrab olindi.
Mutaxassislar fikricha, bu bilan, avvalo, suv munosabatlari yoʻnalishida mamlakatimizdagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirildi. Yaʼni “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun, Prezidentimizning 8 ta farmoni, 14 ta qarori hamda hukumatning 26 ta qarori normalari birlashtirildi. Yangi kodeks suv, suv obyektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish hamda muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning yer usti va yer osti suv obyektlari, yurtimizda joylashgan va hududimizni kesib oʻtadigan transchegaraviy obyektlar belgilab berildi. Suv obyektlaridan yakka yoki birgalikda foydalanish mumkin. Kodeksning asosiy gʻoyasi suvning umummilliy boylik sifatida eʼtirof etilib, u davlat tomonidan muhofaza qilinishida namoyon boʻladi.
Kodeksda suv resurslarini boshqarishda maxsus vakolatli organlar aniq koʻrsatildi. Suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlari soddalashtirildi.
Qisqa qilib aytganda, ushbu kodeks suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni taʼminlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratadi. Davlat organlarining bir-birini takrorlovchi vakolatlari bilan bogʻliq masalalar hal qilinib, suv yetkazib beruvchilar va suvdan foydalanuvchilar masʼuliyatini oshiradi. Shu bilan birga, u mamlakatimizning suv xavfsizligiga erishishi uchun xizmat qiladi. Suv xoʻjaligini uzoq muddatli rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratiladi. Bunda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish va texnologik modernizatsiya qilish ragʻbatlantiriladi. Xalqaro suv huquqi normalarini milliy suv qonunchiligiga singdirish hamda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yaxshilashga xizmat qiladi.
Aniqlikka tayangan tejamkorlik
Keyingi paytlarda suv tejovchi texnologiyalar haqida tinmay gapiryapmiz. Maqola yozyapmiz, koʻrsatuv tayyorlayapmiz. Xullas, qanday targʻibot vositalari boʻlsa, barchasidan foydalanyapmiz. Jarayon bundan keyin kengaysa kengayadiki, aslo toʻxtamaydi. Maqsad bitta — suvni tejash, tamom, boshqa gap boʻlishi mumkin emas. Chunki bu bugungi kun talabi. Bugun shunday qilmasak, ertaga oʻzimiz jabr koʻramiz. Bu — hayotiy taqozo. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvni avvalgidek uzluksiz oqizib qoʻya olmaymiz, behuda sarflash katta xato.
Umuman, suv yoʻqotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga bir necha milliard dollar daromad boy berilyapti. Shu bois, keyingi yillarda ushbu masalaga eʼtibor yanada jiddiylashdi. Amaliy ishlar tezlashdi. Masala davlatimiz rahbari eʼtiborida. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024-yil “Suv xoʻjaligida kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil”, 2025-yil “Suv xoʻjaligida nasoslar samaradorligini oshirish yili” sifatida eʼlon qilinishini bejiz emas.
Yaqin-yaqingacha tomchilatib sugʻorish texnologiyasi Oʻzbekiston sharoitiga toʻgʻri kelmaydi, bizning issiq iqlimga ariqlardan anʼanaviy usulda sugʻorish mos degan notoʻgʻri qarash bor edi. Bu tushunchaning notoʻgʻriligini 4,3 million gektar sugʻoriladigan maydonning qariyb 60 foizi oxirgi besh-olti yil ichida suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olingani yaqqol isbotlaydi.
Xoʻsh, bunga nimaning evaziga erishildi? Albatta, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, subsidiyalar va ragʻbat hisobiga. 2018-yildan buyon suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Prezidentimizning 7 ta farmon va qarori qabul qilindi. Bu hujjatlar bilan subsidiyalar ajratish yildan yilga takomillashtirildi.
Bundan tashqari, ilgari suv tejamkor sugʻorish texnologiyalari uskuna va butlovchi qismlari xorijdan keltirilardi. 2019-yilda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni, uskuna va butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi bor-yoʻgʻi uchta korxona bor edi. Hozir esa ular soni 60 dan oshdi. Ishlab chiqarish mahalliylashtirilishi hisobiga yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tannarxi gektar hisobiga 20 foiz arzonlashdi. Joylarda shu yoʻnalishdagi servis xizmati va savdo shoxobchalari paydo boʻldi.
Prezidentimiz oʻtgan yil 1-2-may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida mahalliy fermerning nasos agregatini quyosh panellari orqali ishlatish tajribasini yuqori baholagan edi. Shundan soʻng respublikamiz boʻyicha fermer xoʻjaliklari hisobidagi 7500 ta nasos agregatiga ushbu tajribani joriy etish vazifasi belgilandi. Tajribaning muhimligi shundaki, suv tejovchi texnologiyadan foydalanilmagan paytda quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi umumiy tarmoqqa uzatiladi. Yaʼni davlatga sotiladi. Shu tariqa fermerlar qoʻshimcha daromadga ega boʻladi.
“Xorazm tajribasi” asosida 9559 ta subyektning nasos agregatlariga quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha hududlar kesimida dastur ishlab chiqilgan. Buning uchun zarur mablagʻ tijorat banki tomonidan kredit tarzida ajratiladi.
Umuman olganda, yurtimizda 2023-2025-yillarda suv resurslaridan samarali foydalanish, kanallarni betonlash hamda sohada raqamli va resurs tejamkor texnologiyalar joriy etish hisobiga 25 milliard kub metr suv iqtisod qilingani diqqatga sazovor. Nasos stansiyalariga tejamkor texnologiyalar oʻrnatilishi hisobiga esa 2024-yilda 300 million kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. Suv xoʻjaligi tizimi oldida 2030-yilgacha sugʻoriladigan ekin maydonlarini tejamkor texnologiyalar bilan toʻliq qamrab olish vazifasi turganini inobatga olsak, hali bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish kerakligi anglashiladi.
Tejamkorlik aniqlikka tayanadi. Yaʼni qachon hisob-kitob aniq, reja puxta boʻlsa, samaradorlik shuncha yuqori boʻladi. Shu maʼnoda, joriy yildan eʼtiboran dalada suv hisoblagich oʻrnatgan va tejamkor texnologiyalarni qoʻllayotgan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytirilgani, aksincha holatlarda esa oshirilishi belgilangani bu borada qoʻl keladi.
Keskin oʻzgarish qilish uchun raqamlashtirish shart
Darhaqiqat, endi ishga yangicha yondashilmasa, koʻp narsani boy berishimiz mumkin. Ayniqsa, suv masalasida. Nega deganda, endi ariqlarimizda suv bekorga oqib yotgani yoʻq. Foydalanishda meʼyor mavjud. Shunday ekan, suv xoʻjaligi sohasida keskin oʻzgarish qilishning birdan bir yoʻli — raqamlashtirish. Bu orqali shaffoflik, aniqlik taʼminlanadi, isrofgarchilikning oldi olinadi.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida ayni shu maqsadlar belgilab olingan. Shundan kelib chiqib, 2020-2025-yillarda 13 ming 254 ta suv ombori va irrigatsiya tizimining suv oʻlchash postlarida onlayn rejimda suv resurslarini kuzatib borish imkonini beruvchi “Aqlli suv”, 10 ming 453 ta meliorativ kuzatuv qudugʻida sizot suvlar koʻrsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini nazorat qilish, 1749 ta nasos stansiyasida suv sarfini monitoring qilish qurilmalari oʻrnatildi. 100 ta yirik suv xoʻjaligi obyektining boshqaruvi avtomatlashtirildi.
Suv xoʻjaligi vazirligi huzurida Vaziyatlar markazi tashkil etildi. “Uzinfocom” korxonasi bilan hamkorlikda sohada mavjud barcha axborot tizimlari maʼlumotlarini yigʻish, umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona platformasi ishlab chiqildi. Tumanlarda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etildi.
Respublikamizda suv resurslarining oʻrtacha 90 foizi qishloq xoʻjaligida, 4,5 foizi kommunal-maishiy xoʻjalik sohasida, 4,3 foizi sanoat va energetikada, 1,2 foizi baliqchilikda ishlatiladi.
Global iqlim oʻzgarishi natijasida Markaziy Osiyoda soʻnggi 50-60 yil davomida muzliklar maydoni taxminan 30 foiz qisqargan. Taxminlarga koʻra, harorat 20 darajaga ortganda muzliklar hajmi 50 foiz, 40 daraja isiganda esa 78 foiz kamayadi. Hisob-kitoblar 2050-yilgacha Sirdaryo havzasida suv resursi 5 foiz, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishini koʻrsatmoqda. Oʻzbekistonda 2015-yilgacha boʻlgan davrda suvning umumiy taqchilligi 3 milliard kub metrdan ortiqni tashkil qilgan boʻlsa, 2030-yilga borib, 7 milliard kub metrni, 2050-yilga borib esa 15 milliard kub metrni tashkil qilishi mumkin.
Mana shu raqamlardan ham suv biz uchun qanchalik eʼzozli ekani koʻrinadi. Uni nechogʻliq qadrlasak, shuncha yaxshi. Bu boʻyicha ishlar qilinyapti, amaliyot bor, natija ham yoʻq emas. Lekin suv bizga har kuni va har qachon kerak ekan, harakat ham toʻxtamasligi shart.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri