Buning uchun joriy narxlarda umumiy qiymati 5,8 milliard AQSH dollariga teng boʻlgan suv tejamkor texnologiya (STT) va uskunalar zarur boʻladi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlarining Oʻzbekistonning dunyo suv tejamkor texnologiyalar bozoridagi ishtirokini oʻrganishga doir oʻtkazgan tahlillariga koʻra, respublika boʻyicha STT qoʻllanilayotgan maydonlar soʻnggi besh yilda 7,7-marta ortgan. Agar STT qoʻllaniladigan maydonlar yana 10 baravar oshiriladigan boʻlsa, u holda turli xildagi gidrotexnik jihozlarga boʻlgan ehtiyoj 6,6 baravar ortadi. Respublikada STT uskunalarini ishlab chiqaruvchi sanoqli korxonalarning mavjudligi ichki raqobat muhitining shakllanmaganligi hamda ularning bu ehtiyojni toʻliq qondira olmasligini anglatadi.

Tadqiqotda mahalliy STTni ishlab chiqaruvchilar va xizmat koʻrsatuvchilarning bozordagi holatini baholash uchun Xerfindal - Xirshman indeksi (HHI) dan foydalanildi. U STT bozori qay darajada monopollashganini aniqlash imkonini beradi. Hisob-kitoblarga koʻra, 2021-yilda mahalliy STT bozorining HHI indeksi 3912 ni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 2518 ga pasaygan. Biroq STT bozorining hududiy jihatdan bitta yoki ikkita ishtirokchi va xizmat koʻrsatuvchiga bogʻlanib qolishi tufayli soʻnggi uch yil ichida bir gektar maydonga STT ni oʻrnatish narxi 1,6 baravar oshdi.

Ehtiyojni qondirish va samaradorlikka erishish uchun dunyo STT bozoriga integratsiyalashish va uning ilgʻor tajribalarini Oʻzbekistonda qoʻllash muhim ahamiyatga ega. Ushbu bozor yangi innovatsiyalarni jalb qilish orqali suv tejamkorligiga erishish, hosildorlikni yanada oshirish, STT oʻrnatuvchi isteʼmolchilar uchun tanlash, bozorda raqobat muhitini yaratish imkonini beradi.

Xalqaro ekspertlarning fikriga koʻra, dunyo STT bozorining hajmi 9,3 milliard AQSH dollariga teng. 2028-yilga borganda bu koʻrsatkich 23,3 milliardga yetadi. STTni qoʻllash boʻyicha Braziliya (77 foiz maydonga qoʻllagan), Ispaniya (73 foiz), Italiya (60 foiz), Janubiy Koreya (60 foiz), AQSH (56 foiz), Saudiya Arabistoni (56 foiz), Fransiya (41 foiz), Xitoy (41 foiz) yetakchi mamlakatlar hisoblanadi.

Oʻzbekistonning dunyo STT bozoriga integratsiyalashuvi mamlakat qishloq xoʻjaligida innovatsion texnologiyalardan foydalanishning kengayishi suv tejamkorligining 30 foiz, hosildorlikning 2 baravar ortishiga olib keladi. Shu bilan bir qatorda, bu sohada quyidagi imkoniyatlar ochiladi:

- tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi;

- aholining isteʼmoli uchun birlamchi zurur boʻlgan meva-sabzavotlar narxi barqarorligini taʼminlaydi;

- vegetatsiya davrida suv tanqisligi kamayadi va yerdan foydalanish samaradorligi oshadi;

- STT dan foydalanuvchilar (fermer va dehqonlar) da tanlash imkoniyati kengayadi va raqobat muhiti shakllanadi;

- tadbirkorlarda ushbu texnologiyani oʻrnatish uchun oʻz “biznes tashabbuslari” shakllanadi;

- sohalarda suv sarfini qatʼiy nazorat qilish imkoniyatlari ortadi;

- STT uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MIZ yoki KSZ larni tashkil etish imkoniyatlari ochiladi.