Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida “Suv xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy etish” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda vazirlik mutasaddilari, soha mutaxassislari va olimlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) tamoyillari asosida 2020-yilda 5 ta, 2025-yilgacha 25 ta va 2030-yilgacha 50 ta loyihalarni amalga oshirish vazifasi belgilangan.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib, suv xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni joriy etish, alohida suv xoʻjaligi obyektlarini fermer, klaster va boshqa tashkilotlarga foydalanish uchun berish, tejalgan mablagʻlarni suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish hamda xodimlar mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish bilan bogʻliq chora-tadbirlar amalga oshirilayapti.
Ayni paytda vazirlik tomonidan 2020-2021-yillar davomida DXSH shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish yuzasidan 29 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Shundan 10 tasini klaster tizimida faoliyat yuritib kelayotgan xoʻjaliklar bilan amalga oshirish koʻzda tutilgan. Ulardan 5 tasi yakunlandi, qolgan 5 tasi boʻyicha ishlar 2020-yil yakuniga qadar tugallanadi.
DXSH boʻyicha dastlabki loyihalar allaqachon samarasini bera boshladi. Xususan, 2020-yil iyun oyida Sirdaryo meliorativ ekspeditsiyasi bilan “Sirdaryo meliorativ qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida imzolangan qiymati 9 mlrd. soʻmlik DXSH bitimi boʻyicha ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun 1,5 millard soʻmlik vositalar keltirilgan.
Beton zavodi, beton qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda texnikalarni taʼmirlashni yoʻlga qoʻyish natijasida 50 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, 27-oktyabr kuni Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli “Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini “TCT AGRO CLASTER” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga DXSH asosida boshqaruvga berish” loyihasi boʻyicha bitim imzolandi, ushbu loyiha boʻyicha barcha tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi.
Bir qator loyihalar yuzasidan ishlar davom ettirilmoqda. Misol uchun, Samarqand viloyati Narpay tumani irrigatsiya va melioratsiya obyektlari hamda nasos stansiyalarini, Toshkent viloyati nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tarkibidagi “Xondayliq”, “Soyliq-1”, “Soyliq-2” nasos stansiyalarini DXSH asosida boshqaruvga berish boʻyicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilyapti.
Fargʻona viloyati Yozyovon tumani “Tolquduqqum” nasos stansiyasini DXSH asosida boshqaruvga berish loyihasi boʻyicha konsepsiya tasdiqlangan va texnik-iqtisodiy hisob-kitob ishlab chiqilgan hamda moliyaviy xulosa olish uchun Moliya vazirligiga taqdim qilingan.
Bir soʻz bilan aytganda, suv xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarining tatbiq etilishi iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy vazifalarni hal etish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etish, ilgʻor boshqaruv tajribasini joriy etishga xizmat qilmoqda.