Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi tegishli (PF-6024) Farmoni ijrosi doirasida 2021-yilda jami 515,2 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 197,5 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish joriy qilingan. Natijada suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan jami yerlar 917 ming gektarga yoki sugʻoriladigan maydonlarning 20 foiziga yetkazilgan.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish orqali paxta xomashyosini yetishtirish, intensiv bogʻlarning 30,4 ming gektarida tomchilatib sugʻorish tizimini tashkil qilish, yangi uzumzorlar barpo etish va ularni suv bilan taʼminlash uchun burgʻulangan quduqlar qazish va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga jami 1,1 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan.
Shu bilan birga, muhokama davomida senatorlar tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish, yangi uzumzorlarni barpo etish uchun burgʻulangan quduqlar qazish va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga davlat byudjeti hisobidan ajratilgan mablagʻlardan, suv resurslari hamda suvni tejaydigan texnologiyalardan samarali foydalanishda qator muammolar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, joriy qilingan suv tejovchi texnologiyalarni foydalanish uchun qabul qilish va subsidiya mablagʻlari ajratish boʻyicha ayrim tuman ishchi guruhlari tomonidan nosoz holdagi texnologiyalarga ijobiy xulosalar berilib, byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarflanishiga yoʻl qoʻyilgan.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan boʻlsa-da, yerlarni anʼanaviy usulda sugʻorish va suvdan samarasiz foydalanish holatlarining oldi olinmagan.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda hududiy va tuman ishchi guruhlari masʼuliyatsizligi oqibatida texnik talablarga javob bermaydigan 848 ta suvni tejaydigan texnologiyaning loyihalari joriy etilgan hamda qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilgan.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni quruvchi aksariyat pudrat tashkilotlari tomonidan hududlarning turli tabiiy iqlim, tuproq, gidrogeolog-meliorativ sharoitlari toʻliq inobatga olinmaganligi, qurilish-montaj ishlari bir xil parametrli loyihalar asosida olib borilganligi natijasida sugʻorish tizimlari nosoz holatga kelgan.
Senatorlar tomonidan koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman hokimliklari tomonidan zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini qoʻllash hamda ushbu maqsadlar uchun byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning samaradorligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish va masʼuliyatni oshirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.
Senatning qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati