Tabassum ham yaxshilikdir

    Inson yaxshilik qilishni, avvalo, ota-onasi va yaqinlaridan boshlashi kerak.

    Insonning dunyoviy fazilati oʻzgalarga yaxshilik qilish boʻlsa, uxroviysi – Ollohga taqvodir. Yaxshilik inson martabasini oshiradi. Yurtimizdagi fayzu baraka, dasturxonlarimizdagi toʻkin-sochinlik – bularning barchasi shunday fazilatli insonlarning xayrli ishlari samarasidir. Xalqimiz azal-azaldan mehr-oqibatli, yaxshilik ulashuvchi millat boʻlib, hatto non yopganda ham muhtarama onalarimiz: “Bolam, mana shuni issiqligida qoʻshniga chiqarib ber, savob boʻladi”, deydi. Milliy qadriyatlarni oʻzida mujassam etib, chin insoniy fazilatlar ila kamol topgan har bir inson, avvalo, oʻz oilasi, yaqinlariga, qolaversa, oʻzi yashab turgan jamiyatdagi muhtojlarga imkon qadar yordam berishga, ularning tashvishlarini aritishga harakat qiladi. Inson bir xayrli ishga niyat qilib bel bogʻlasa, Olloh uning yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Qilgan yaxshiligidan oʻsha insonning qalbi rohatda boʻladi.

    Inson yaxshilik va taqvo yoʻlida bardavom boʻlishi toʻgʻrisida muqaddas manbalarda koʻplab maʼlumotlar keltirilgan. Olloh Qurʼoni karimda deydi: “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Olloh uni biluvchidir” (Oli Imron surasi, 92-oyat). Insonning bu dunyoda yaxshi koʻrgan va ehtiyoji uchun zarur boʻlgan narsalardan biri, albatta, bu moddiy boylikdir. Hayotda boy-badavlat baʼzi insonlar yaxshilik qilishga biroz qattiqliq qiladi. Qilgan xayru ehsonidan davlati kamayib qoladigandek his etadi. Aslida saxovat oʻzi uchun bir yaxshilik ekanini bilmaydi. Oyatda Olloh yaxshilikning mukofoti jannat ekanini taʼkidlamoqda. Xayrli ishimiz sababli Olloh taolo bizga jannatni vaʼda qilmoqda. Bu inson uchun juda katta baxtdir. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bizlarga bu borada ulkan namuna boʻlganlar. U zot bizni doimo shunday xayrli amallarga buyurganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan kelgan rivoyatda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Insonlarning ichida Olloh taologa eng sevimlisi insonlarga koʻproq nafi tegadiganidir. Amallarning ichida Olloh taologa eng sevimlisi musulmonning qalbiga xursandlik kiritish yoki undan biror tashvishni ketkazish yoki uning qarzini yopish yoki undan ochlikni quvishdir...”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati). Hadisi sharifdan shunday xulosa chiqarish mumkinki, muhtojlar, kam taʼminlangan oilalar holidan xabar olish, ularga qoʻldan kelgunicha moddiy yordam koʻrsatish, ularga chiroyli muomala qilish, qalbiga xursandlik olib kirish eng yuksak amallardan ekan.

    Inson yaxshilik qilishni, avvalo, ota-onasi va yaqinlaridan boshlashi kerak. Ota-onaga qilingan yaxshilik Ollohning roziligiga olib keladi. Ota-ona farzandni kichikligidan tarbiyalab, oʻqitib, el orasiga qoʻshadigan ulugʻ insonlardir. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Otalaringizga yaxshilik qilinglar, oʻgʻillaringiz ham sizlarga yaxshilik qiladilar...”, deganlar. (Imom Hokim rivoyat qilgan). Demak, ota-onani hurmat qilgan farzandidan hurmat topar ekan. Baʼzilar sadaqa, xayr-ehson qilishda biroz oʻylanib qoladi. Sababi “Men bu molu-davlatni oʻzim halol mehnat bilan, qiynalib topganman, qolganlar ham shunday qilsa boʻladi-ku. Nega men ehson qilishim kerak?” degan oʻyga boradi. Bu notoʻgʻri fikr boʻlib, xayr-ehsondan mol-davlat kamaymaydi, aksincha, koʻpayadi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Sadaqa qilish bilan mol kamaymaydi”, deganlar. Sadaqa qilish bilan kishining mol-mulki kamayib qolmaydi, balki Olloh taolo unga baraka berib, yomonliklardan asraydi, oxiratda esa mukofotini koʻpaytirib beradi. Kishi oʻz xayr-ehsoni va sadaqasini har xil riyokorlikdan xolis holda qilsa, savobi nihoyatda ulkan boʻladi.

    Yaxshilik insonlar oʻrtasida mehr-oqibat oshishiga, bir-biriga nisbatan oʻzaro hurmat va totuvlik hissi ortishiga xizmat qilish bilan birga, hayotdagi ishlarning rivoj topishiga ham sabab boʻladi. Insonlar bir-biriga yordam bersa, dunyo va oxiratda Olloh ulardan qiyinchiliklarni koʻtaradi. Zero, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday marhamat qilganlar: “Kim bir moʻmin birodarining dunyodagi qiyinchiligini yengillatsa, Olloh u bandaning qiyomat kunidagi qiyinchiligini oson qilib qoʻyadi” (Imom Muslim rivoyati).

    Yaxshilik sababidan Olloh taolo kasalliklarni aritadi, insondagi xato-kamchiliklarni kechiradi. Inson qoʻlidan kelgunicha yaxshilik qilsin. Imkoni boʻlmasa, jilla qursa, tabassum qilsin, bu ham yaxshilikdir. Inson yaxshilik qilishi uchun uning qalbi musaffo, taqvoni oʻziga lozim tutgan boʻlishi lozim. Olloh roziligini istab taqvo qilgan insongina birovlarga tili va qoʻli bilan ozor bermaydi.

    Parvardigor mehribonligi sababli bandasi oʻziga yaqin boʻlishi uchun koʻpgina yoʻllarni koʻrsatib qoʻygan. Olloh aytadi: “Ey iymon keltirganlar, Ollohdan qoʻrqingiz va Unga yaqin boʻlish yoʻllarini istangiz!(Moida surasi, 35-oyat). Oyati karimada Haq taolo iymon keltirgan bandalarni Oʻzidan qoʻrqishga, taqvoli hamda Oʻziga yaqin boʻlishga chaqirgan. Har bir inson imkoniyati doirasida oʻzini Olloh roziligiga olib boradigan shunday ishlarni bajarishga harakat qilmogʻi lozim. Avvalo, Ollohga iymon keltirish, namoz oʻqish, roʻza tutish, zakot berish, qodir boʻlsa, haj qilish shuning uchun farz boʻlgan. Bundan tashqari, Olloh taologa yaqinlashtiradigan amallar, boya aytilganidek, ota-onaga yaxshilik, qiyinchiliklarga sabr qilib, toatda bardavom boʻlish, neʼmatlarga shukrona, gunohlariga istigʻfor aytish, odamlarga ezgulik ulashish, xayr-sadaqa, mahzun dillarga shodlik olib kirish kabilardir. Bularning negizida taqvo yotadi.

    Taqvo esa, Olloh va rasulining koʻrsatmalariga amal qilmoqdir. Insonlarni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish ham taqvodir. Olloh taolo aytadi: “Moʻminlar va moʻminalar bir-birlariga doʻstdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar...”(Tavba surasi, 71-oyat).

    Taqvoning yana bir belgisi ota-ona, qarindosh-urugʻ, qoʻshnilarga doimo yaxshi muomalada boʻlishdir. Qurʼoni karimda marhamat qilinadi: “Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik(Niso surasi 36-oyat). Taqvodor boʻlgisi kelsa, insonlar ochiqyuz va shirinsoʻz boʻlsin. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Yaxshilikdan hech birini arzimagan, deb bilmagin, garchi birodaring bilan ochiq yuz bilan koʻrishishing boʻlsa ham”, dedilar. (Imom Muslim rivoyati).

    Goʻzal xulq ham taqvo alomati boʻladi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Sizlardan menga eng mahbubingiz va qiyomat kuni joyi eng yaqiningiz xulqi yaxshilaringizdir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

    Binobarin, inson ota-onaga yaxshilik qilsa, qarindosh-urugʻlar bilan aloqalarni mahkam qilsa, qoʻshnilarga chiroyli muomalada boʻlsa, yaxshilik va ehsonlarni bardavom etsa, albatta, barchasi oʻziga qaytaveradi. Oʻzbekistonimiz yana-da rivoj topib, yaxshilik ortidan faqat va faqat yaxshiliklar boʻlaverishi ham har bir hamyurtimizning xayru saxovati, halol mehnati va albatta, goʻzal taqvosiga bogʻliq.

    Mashrab XIDIROV,

    Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi

    ilmiy xodimi