I
Baʼzan masalaga yuzaki qarash natijasida soʻz tarixi va uning tarkibi notoʻgʻri izohlanadi. Soʻzchi soʻz haqidagi fikrlarning toʻgʻrisini notoʻgʻrisidan farqlay olishi kerak. Fikr egasi olim boʻlsa ham, uning fikriga tanqidiy munosabatda boʻlib, tekshiruvdan oʻtkazish kerak. Mana shuni hisobga olib, bu faslning birinchi qismini soʻz va qoʻshimchalar tarixiga oid yanglish fikrlarni tuzatishga bagʻishlaymiz.
Xotinlarni falonchi xonim yoki begim deb atash odati bor. Bu soʻzlardagi “im” qoʻshimchasi egalik qoʻshimchasi deb tushuniladi. U holda nima uchun egalik qoʻshimchasi qoʻshilganda xon bilan bek ayol kishiga aylanadi degan savol tugʻilishi tabiiy. Vaholanki, “xonim” va “begim” soʻzlaridagi “im” qoʻshimchasi egalik qoʻshimchasi emas. Qadim turkiy tillarda ona maʼnosidagi “uma” soʻzi boʻlgan. “Begim” va “xonim” soʻzlari tarkibidagi “im” ana shu “uma” soʻzining ixchamlashganidir. Demak, aslida “xonim” “mening xonim” emas, xonona va begim “mening begim” emas, bek ona degan maʼnoda ekan.
Turkiy tillarda hozir ham “umay” degan soʻz bor. Bu bolalarni asrovchi xayoliy farishtasifat mavhum onani bildiradi. Mana shu umay soʻzining ham oʻsha ona maʼnosidagi “uma” soʻziga aloqasi bor.
Lugʻaviy maʼnosi “bolalar onasi” degan arabcha “ummussibyon” degan ibora bor. Bu soʻz Muqimiyda ham bor. Ammo bundagi “um” soʻzi “ona” maʼnosida boʻlishiga qaramay, turkiy “uma”ga oʻzakdosh emas. Bundan tashqari, “ummussibyon” “umay”ga nisbatan zid maʼnoda qoʻllanadi. Umay bolalarni asrovchi vujud deb tushunilsa, ummussibyon bolalarga zarar yetkazuvchi jin yoki dev deb tasavvur qilinadi.
Tibbiyotda esa “ummussibyon” deganda bolalarga xos tutqanoq kasali tushuniladi, yaʼni tib ilmida bu soʻz kasallik nomiga aylangan.
* * *
Baʼzan yigitlar bir-biriga nisbatan “qiz” soʻzini ishlatib, masalan, “Salimjon mening qiz oʻrtogʻim”, deydi. Bundagi “qiz” soʻzini jinsiy maʼnoda tushunish bor. Aslida esa “qiz oʻrtoq” iborasidagi “qiz” soʻzi qiz bola degan maʼnoda emas. Shakli, yaʼni talaffuzi yoki yozilishi bir xil boʻlgan soʻzlar shakldosh soʻzlar yoki omonimlar deyiladi. Eski tilshunoslarimiz shu maʼnoda jinsdosh boʻlgan “mutajonis” degan soʻzni qoʻllagan. “Qiz” shakliga ega boʻlgan toʻrtta shakldosh soʻz bor. Birinchisi, “qizmoq” feʼlining oʻzagi va buyruq formasi “qiz” boʻlib, bu “qizi” shakliga ham ega.
Ikkinchisi, “oʻgʻil” va “yigit”ning ziddi “qiz”dir.
Uchinchisi, xasis maʼnosidagi “qiz” soʻzi boʻlib, Mahmud Koshgʻariy oʻzining lugʻatida bunga misol qilib “qiz kishi savi yoʻrigʻli boʻlmas”, yaʼni “xasis kishining dongʻi chiqmas” degan gapni misol keltiradi.
Toʻrtinchisi, qiymatli va qudratli degan maʼnodagi “qiz” soʻzidir. Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” asarida “qiz ermas bu yalnchuq, kishilik qiz oʻl” deydi. “Yalnchuq” odam degani, “kishilik” odamiylik, insonlik degani. Demak, “qiz ermas bu yalnchuq kishilik qiz oʻl” odamning oʻzi qadrli emas, uning odamiyligi qadrlidir degani. “Salimjon mening qiz oʻrtogʻim” degandagi “qiz” soʻzi mana shu “qadrli” degan maʼnodagi soʻzdir.
* * *
Toʻrgʻay qushi baʼzan “soʻpitoʻrgʻay” deb ataladi. Bu soʻzdagi “soʻpi”ni, aslida, “soʻfi” yoki “sufiy” deb tushunuvchilar bor. Ammo bu qushning asl oti “toʻrgʻay”, “soʻpi” aniqlovchidir. Bu “soʻpi”ning muazzin, yaʼni azon aytuvchi maʼnosidagi “soʻfi” soʻziga ham, “darvish” maʼnosidagi “sufiy” soʻziga ham hech qanday aloqasi yoʻq. Lekin xalq orasida “soʻpi”ni “sufiy” deb tushunish natijasida toʻqilgan xurofiy izoh ham bor. Bunda toʻrgʻayning vijirlab osmonga koʻtarilib tushishini u xudoning nomlarini aytib osmonga qarab uchadi va mingta nomdan toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqiztasini aytib, bittasini bilib aytolmaydi, natijada yana yerga qaytib tushadi. Agar minginchisini ham aytganda xudoga yetishar edi, deyiladi va shu uning “soʻpitoʻrgʻay” deb atalishiga sabab qilib koʻrsatiladi.
Haqiqatda esa “soʻpi” soʻzining maʼnosi “konus”dir. Konussimon, yaʼni quyi qismi keng boʻlib, yuqoriga uchli boʻlib borgan har qanday narsa “soʻpi” deyiladi. Tasbehning soʻpisi ham konussimon boʻlgani uchun shunday deb atalgan. Boshi shu shaklga ega boʻlgan kishini “soʻpibosh” deydilar. Agar biror narsaga konus shakli berilsa, “soʻpilandi” deyiladi. Toʻrgʻayning boshi soʻpi, yaʼni konussimon boʻlgani uchun “soʻpitoʻrgʻay” deyilgan. Binobarin, bu soʻzni yozishda ham “soʻfitoʻrgʻay” deb “f” harfi bilan emas, “soʻpitoʻrgʻay” deb “p” harfi bilan yozish kerak.
* * *
Baʼzan “erkak” soʻzini notoʻgʻri tushunish natijasida erlar kiyimiga nisbatan “erkaklar kiyimi” deyiladi. Bu toʻgʻri emas, albatta. Chunki oʻzbek adabiy tilida “er” soʻzi insonga va “erkak” soʻzi hayvonlarga nisbatan ishlatiladi. “Er” soʻzi “xotin”ning, “erkak” soʻzi esa “urgʻochi”, “moda”ning ziddidir. “Erkak” soʻzi baʼzi xotinlarning nutqida erni kamsitish maqsadida yoki uyalib, tortinib tilga olish natijasida erga nisbatan ishlatiladi. Buni hisobga olish kerak va “erkak” soʻzini insonga nisbatan ishlatmaslikka harakat qilish lozim.
* * *
Matbuotda, “qayinona”dagi “qayin” soʻzi “xotin” soʻzidan kelib chiqqan, “qayinona” aslida, “xotinona” boʻlgan degan fikr eʼlon qilindi. Bu fikr ham toʻgʻri emas. Birinchidan, oʻzbek tilidagi tarixiy tovush oʻzgarishlarida “t” tovushi “y”ga aylanmaydi. “D” va tishora “z” tovushlari “y”ga oʻtishi mumkin. Masalan, hozirgi “oyoq” soʻzi qadim “odoq” va “ozoq” shakllarida boʻlgan. Mazkur “qayin” soʻzi ham qadimda “xotin” shaklida emas, “qazin” shaklida boʻlgan va uning maʼnosi nikoh natijasidagi qardoshlikdir.
Mazkur fikr muallifining ikkinchi xatosi shundan iboratki, u “qayinota”, “qayinini” soʻzlarini hisobga olmagan. Agar qayin “xotin” boʻlgan boʻlsa, demak, qayinota “xotinota” va qayinini “xotinini” boʻlgan boʻladi. Xalq bu usulda soʻz yasamaydi. Kuyov kelinning, kelin kuyovning, masalan, balogʻatga yetmagan ukasiga, agar sogʻ boʻlsa, “xotin uka” deb murojaat qilmaydi. Telbalarning soʻzini esa xalq oʻz tiliga kiritmaydi.
* * *
“Choʻpon” degan soʻzining asli “choʻbbon”, yaʼni “tayoqbon” degani va bunda choʻponning qoʻlida doim tayoq boʻlishi nazarda tutilgan degan fikr bor.
Bunda maʼnoga eʼtibor bermay, soʻzning faqat shakliga qarab xulosa chiqarilgan. Holbuki, soʻz taraqqiyotida maʼno birlamchi, shakl ikkilamchidir. “Choʻpon” soʻzini, agar maʼnoni eʼtibordan soqit qilib, faqat shakl nuqtayi nazaridan mulohaza qilsak, uning asli “choʻbbon” boʻlganiga shubha qilmaymiz. Chunki “choʻbbon” shaklan “choʻpon”ga eng yaqin soʻz boʻlib tuyuladi. Ammo maʼnoni hisobga olsak, nima uchun ota-bobolarimiz qoʻybonni tayoqbon deb atagan degan savol tugʻiladi va bundan ular qoʻydan tayoqni farqlamagan degan javob vujudga keladi.
Ammo gap shundaki “choʻpon” soʻzining eski adabiy shakli “shoʻbon” boʻlib, bu soʻzning “choʻb” soʻziga hech qanday aloqasi yoʻq. Navoiy va boshqa klassiklarimiz “qoʻychi” soʻzini va uning maʼnodoshi sifatida “shoʻbon” soʻzini ishlatadi. Buning “bon” qismi “bogʻbon”, “posbon” kabi soʻzlarda ham bor boʻlib, qarovchi maʼnosidagi kasb egasini bildiradi. “Shoʻ” qismi esa qadimgi afgʻon tilida “fshoʻ” shaklida boʻlib, qoʻy degan maʼnoda boʻlgan. Hozirgi ruscha “ovsa” soʻzi, pushtuncha “psay” soʻzi, inglizcha “ship” soʻzi “fshoʻ” soʻzi bilan umumiy manbaga ega. Shunday qilib, “choʻpon” soʻzi choʻbbon, yaʼni tayoqbon emas, “shoʻbon” (qoʻybon), yaʼni qoʻychi degan soʻzdan kelib chiqqan ekan.
Hozirgi fors, dariy va tojik tillarida qoʻy “goʻsfand” deb ataladi. Demak, “goʻsfand” soʻzining tarixidan bexabar kishiga mening “choʻpon” haqidagi gaplarim asossiz boʻlib tuyulishi tabiiy. Agar “goʻsfand” soʻzining ham tub maʼnosini bilib olsak, shubhaga oʻrin qolmaydi.
Gap shundaki, “goʻsfand” soʻzi aslida qoʻyning oʻziga berilgan nom boʻlmay, unga qoʻyilgan laqabdir. “Goʻsfand”ning qadimiy shakli “gov sipanta” boʻlib, “gov” mol, chorva degani. Bu soʻz ruscha “govyadina” soʻzining tarkibida ham bor. “Gov” soʻzi hozirgi eron tillarida ham bor, lekin u hozir qoramolga nisbatan ishlatiladi. Qadimda boshqa molga nisbatan ham qoʻllangan. “Sipanta” esa ezgu degan maʼnoda boʻlgan va hozirgi oq maʼnosidagi “safed” soʻzi ham shu “sipanta” soʻzining oʻzgarganidir.
Shunday qilib, “goʻsfand” soʻzi fshoʻga, yaʼni qoʻyga berilgan “ezgu mol” maʼnosidagi “gov sipanta” degan laqabdan kelib chiqqan ekan. Bu laqab koʻp qoʻllanishi natijasida qoʻyning asl oti unutilib, uning laqabi asosiy nomga aylangan.
* * *
Baʼzan “hayratomiz”ni “hayratomuz” shaklida ishlatadilar. Buning toʻgʻri shakli qaysi va “omuz” yoki “omiz” nima degani? Forscha talaffuzi “omixtan”, tojikchasi “omextan” degan feʼl bor boʻlib, maʼnosi qormoq, qorishtirmoq, aralashtirmoq, aralashmoqdir. Yana “omuxtan” degan feʼl ham bor boʻlib, bunisi aralashmoq, aralashtirmoq maʼnosidadir. “M” tovushidan soʻng “i” yoki “e” boʻlsa, yaʼni “omixtan” yoki “omextan” deyilsa, aralashmoq, aralashtirmoq degan maʼnoda boʻladi, agar “i” yoki “e” oʻrnida “u” boʻlsa, oʻrganmoq, oʻrgatmoq degan maʼnoda. “Omez” yoki “omiz” boʻlsa, aralashar, aralashtirar degan maʼnoda, “omuz” boʻlsa, oʻrganar, oʻrgatar degan maʼnoda boʻladi. Binobarin, “hayratomuz”, emas, “hayratomiz” degan toʻgʻridir. Chunki “hayratomuz” deyilsa, “hayratoʻrgatar” degan maʼno chiqadi. “Omixta” soʻzi ham shu feʼldan boʻlib, buning maʼnosi aralashgan degani. Shuning uchun “omuxta yogʻ”dan koʻra, “omixta yogʻ” degan toʻgʻriroq boʻladi.
* * *
Endi gʻalat taʼbir va notoʻgʻri iboralarga aniqlik kiritishimiz lozim. Oʻrniga qoʻyib yaxshilab xizmat qilaman degan maʼnodagi bir ibora bor. Shuni koʻpincha “qamishdan bel bogʻlab xizmat qilaman” yoki “xizmat qilamiz” deb aytadilar. Holbuki sogʻ kishining qamishdan bel bogʻlaganini hech kim koʻrgan emas. Belni mahkam bogʻlab xizmat qilish bor. Mazkur iborada qamish “mahkam” soʻzining oʻrniga tushgan va shu maʼnoni beradigan boʻlishi kerak. Maʼlumki, qamishning belbogʻi, yaʼni boʻgʻini juda mahkam boʻladi. Shunga asosan “Qamishday, yaʼni qamish kabi bel bogʻlab xizmat qilaman” degan ibora vujudga kelgan. Qamishning, xususan, shakarqamishning belbogʻidan shoirlarimiz ham oʻz mahbubalarining labini yoki shirin soʻzini madh etish uchun foydalangan. Masalan, Navoiyning “Majolis un-nafois” asarida berilgan Mavlono Kamoliyning bir baytida, shoir oʻz mahbubining labiga shirinlikda nayshakar, yaʼni shakarqamish qul boʻlganini va buning belgisi uning belining bogʻliqligi ekanini aytgan. “Labi shirin” deganda, asosan, kishining shirin soʻzi nazarda tutiladi. Mana oʻsha bayt:
Erning qulidur nayshakar,
ey jon, beli bogʻliq,
Gul dogʻi yuzung bandasidur toʻni yamogʻliq.
Demak, mazkur iboraning toʻgʻrisi “qamishdan” emas, qamishday bel bogʻlab xizmat qilmoqlik ekan.
* * *
Yana bir ibora bor. Bu “yuragida yoli bor” degan ibora boʻlib, u aslida yuragida yolini bor degan shakldadir. Yaʼni ikkinchi soʻz “yol” emas, “yolin”dur.
“Yolin” soʻzining maʼnosi “alanga” boʻlib, buni klassik shoirlarimiz koʻp ishlatadi. Masalan, Navoiyda:
Oʻrtasa ishq meni, soʻrma sabab,
Kuysa xoshok yolindin, ne ajab
degan satrlar bor. Mazkur iboraning toʻgʻrisi “yuragida yolini bor” va bu ibora “yuragida oʻti bor” iborasining maʼnodoshi ekan. Binobarin uni “yuragida yoli bor” deyish notoʻgʻri va kishini chalgʻitishdan iborat ekan. Chunki kishining yuragida yol boʻlmaydi. Hatto koʻkragida ham boʻlmaydi. Yol ot, eshak, xachir kabi hayvonlarda boʻladi. Shuning uchun koʻkragida yoli bor deyish ham notoʻgʻri. Bunda ham yolini “koʻkragida bor” deyish zarur.
* * *
Baʼzan “madaniy oqartuv” degan soʻzni eshitish yoki oʻqish mumkin. Bu birikma kishiga qiziq tuyuladi. Buning qiziq tuyulishi tabiiy. Chunki bundagi “oqartuv” soʻzi oʻrinsiz tushgan. Aslida “madaniy oqartuv” emas, “madaniyat maorifi” deyilsa toʻgʻri boʻladi va iboradagi gʻayritabiiylik yoʻqoladi.
* * *
Baʼzi shifokorlar “kasal chaqiruvchi mikrob”, “mikrob tashuvchi hayvon” deydilar. Bu ham toʻgʻri emas, “mikrobni tashuvchi” emas, “tarqatuvchi hayvon”, “kasalni chaqiruvchi mikrob” emas, “qoʻzgʻovchi mikrob” deyilsa toʻgʻri boʻladi. Koʻpchilik shunday deydi ham. “Kasalni chaqiruvchi mikrob” deyish rus tilidagi “zvat” bilan “vыzыvat” feʼllarini farqlamaslik natijasida vujudga kelgan. “Vыzыvat” feʼlining qoʻzgʻamoq, vujudga keltirmoq degan maʼnolari ham bor. Oʻzbek tilida old qoʻshimchalar bilan feʼl yasalmaydi.
* * *
Baʼzan “mirshikor” soʻzini “mirishkor” tarzida oʻrinsiz ishlatadilar. Holbuki, buning toʻgʻri shakli “mirshikor” boʻlib, “mir” va “shikor” soʻzlaridan yasalgan. “Shikor” ov degani, “mir” esa “mirob”, “mirshab” soʻzlaridagi “mir” boʻlib, “amir” kabi boshliq maʼnosini bildiradi. Aslida, “mir” “amir” soʻzining qisqargan shakli. “Amir”ning lugʻaviy maʼnosi “buyurguchi”dir. “Mirshab” deb tungi qorovullarning, “mirob” deb suvchilarning, “mirshikor” deb ovchilarning boshligʻiga aytiladi. “Mirshikor” soʻzini dehqonlarga nisbatan “mirishkor dehqon” deb ishlatish toʻgʻri emas. Baʼzi kishilarning nutqida “mirishkor dehqon” degan iboraning paydo boʻlishiga “mirshikor” soʻzining ikkinchi qismini notoʻgʻri tushunish sabab boʻlgan.
* * *
Qorachadan kelgan kishini baʼzan “qoramagʻiz” deydilar. “Qoramagʻiz” soʻzidagi “magʻiz” elementi aslida “mengiz” boʻlib, yuz degan maʼnodadir. “Mengiz” soʻzi klassik adabiyotda koʻp qoʻllanadi. Navoiy oʻzining “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida:
Qaboqlari keng-keng, mijalari xor,
Mengizlari gul-gul, ogʻizlari tor
degan baytni keltiradi. “Mija” — kiprik, “xor” — tikan, “mengiz” — yuz degani. Demak, “qoramagʻiz” aslida “qoramengiz” boʻlib, qoracha yuzli degani ekan.
* * *
Baʼzan zirkni “qoraqand” deb ataydilar. “Qoraqand” soʻzining ikkinchi boʻlagi aslida, “qand” emas, “qat” boʻlib, maʼnosi buta va oʻsimliklarning mevasidir. Bu rus tilida “yagoda” deyiladi. Zirk qora va buta mevasi, yaʼni qat boʻlgani uchun “qoraqat” deb ham yuritadilar. Smorodinaning “qoragʻat” deb atalishi sababi ham “qoraqat”niki singaridir. Biridan birini farqlash uchun birida “q” saqlangan va ikkinchisida “q” tovushi “gʻ” tovushiga aylangan. Natijada bir soʻz “qoraqat” va “qoragʻat” tarzida ikki soʻzga aylangan. Soʻngra gʻalat taʼbir natijasida “qoraqat” “qoraqand”ga aylangan.
* * *
Keyingi paytlarda “badiiy havaskorlar”, “badiiy havaskorlik jamoasi”, “badiiy jamoa”, “bolalar badiiy jamoalari” degan iboralar eshitilib turibdi. Albatta, “badiiy” soʻzini nutqqa nisbatan ishlatish mumkin, lekin kishiga nisbatan ishlatib boʻlmaydi. Kishi va kollektivga nisbatan “sanʼatkor” yoki “sanʼatchi” soʻzi qoʻllanadi. Binobarin, “badiiy havaskorlar” emas, “havaskor sanʼatkorlar” deyilsa, nutq toʻgʻri boʻladi.
“Badiiy havaskorlik jamoasi” emas, “havaskor sanʼatchilar jamoasi” deyilsa, taʼbir aniq boʻladi “Badiiy jamoa” emas, “sanʼat ahli” yoki “sanʼatchilar guruhi” yoxud “sanʼatkorlar jamoasi” deyilsa, ibora maʼnoli boʻladi. “Bolalar badiiy jamoasi” emas, “sanʼatchi bolalar jamoasi” deyilsa, maʼqulroq boʻladi.
Mazkur notoʻgʻri iboralar qayerdan paydo boʻldi degan savol tugʻilishi tabiiy. Bu iboralarning paydo boʻlishiga tajribasiz tarjimonlar sababchi boʻlgan va bunday birikmalar asosan tarjima qilingan xabarlarda uchraydi.
Gap shundaki, beparvo tarjimonlar ruscha “xudojestvennыy” soʻzini hamma holatda “badiiy” deb tarjima qilavergan. Vaholanki, “xudojestvennыy” soʻzining maʼnosi “badiiy” soʻziga nisbatan kengroq boʻlib, u oʻzbekchadagi “badiiy” soʻzidan tashqari yana “sanʼat”, “sanʼatchi” va “sanʼatchilik” soʻzlarining aniqlovchi boʻlib kelgandagi maʼnosini ham qamrab oladi.
“Xudojestvennыy” soʻzi, masalan, “xudojestvennoye proizvedeniye”, “master xudojestvennogo slova” deganda “badiiy” soʻziga toʻgʻri keladi. Mazkur jumlalar oʻzbekchada “badiiy asar”, “badiiy soʻz ustasi” deyiladi. Ammo “xudojestvennыy kollektiv” deganda bu soʻzni badiiy deb tarjima qilolmaymiz. Chunki bu holda “xudojestvennыy” soʻzi sanʼatchilarga, sanʼatchilikka oid degan maʼnodadir. “Xudojestvennыy kollektiv” sanʼatchilardan iborat yoki sanʼatchilikka oid guruh degani. Shuning uchun buni sanʼatchilar yoki sanʼatkorlar yoxud sanʼatchilik guruhi, yoki jamoasi deyish kerak. “Xudojnik” soʻzining ham tub maʼnosi sanʼatchidir. U tor maʼnoda qoʻllangandagina rassomga nisbatan ishlatiladi. Aslida, rassom rus adabiy tilida “jivopises” deb ataladi.
* * *
Keyingi paytda “lutfan taklif qilamiz” degan ibora ishlatila boshladi. Bu ibora koʻrinishda goʻzalga oʻxshab koʻrinadi. Ammo maʼno jihatdan “lutfan taklif” qanchalik toʻgʻri?
Baʼzan kishining tashqi koʻrinishi uning ichki olamiga mos kelmaganday, iboralarning eshitilishi ularning mazmuniga mos kelmasligi mumkin. Bunday soʻz va iboralar yosh shoirlarning va olimlarning nutqida ham uchrab turadi. Masalan, shoirga biror soʻz, olimga biror termin yoqib qolsa, uni oʻrinsiz boʻlsa ham ishlatishdan oʻzini toʻxtatolmasligi mumkin.
“Lutfan taklif qilaman” deyish ikki jihatdan notoʻgʻri. Birinchidan, “lutf” bilan “taklif” lugʻaviy jihatdan bir-biriga zid. Chunki “lutf” deb yumshoqlik va nazokat bilan qilingan eʼtibor yoki muomalaga aytilsa, “taklif”ning lugʻaviy maʼnosi kulfatga solish, tashvishga qoʻyishdir. Taklif qilaman degan gap “qadam ranjida qilishingizni soʻrayman” degan gapga mazmunan yaqin. Birovni hatto ziyofat yoki bazmga chaqirgan kishi muomala odobiga binoan “sizni lazzat olishga chaqiraman” demay, “sizni tashvishga qoʻymoqchiman”, deydi. Lutfan, yaʼni lutf qilib sizni tashvishga qoʻyaman, deyish, albatta, toʻgʻri emas.
Hozir koʻnglingizga “taklif” soʻzining tashvishga qoʻyish maʼnosi koʻpchilik tomonidan uqilmaydi degan fikr keldi. Bu toʻgʻri fikr. Chunki koʻpchilik “taklif” soʻzini faqat chaqiriq maʼnosi bilan cheklab ishlatadi.
Ammo masalaning ikkinchi jihati ham bor boʻlib, bu “lutfan taklif” iborasining chaqiriq odobiga zidligidir. Mehmon chaqiruvchi kishi chaqiriluvchiga, men sizga lutf qilib mehmonlikka chaqiraman desa, bu odobdan boʻlmaydi. Chaqiriluvchining koʻngliga “men sening bunday lutfingga muhtoj emasman” degan fikr kelishi mumkin. Ammo chaqiriluvchi lutfan chaqirganingiz uchun rahmat deyishi muomala odobiga muvofiq.
Agar chaqiruvchi chaqiriluvchiga “lutfan marhamat qilishingizni soʻrayman” yoki “lutfan tashrif buyurishingizni iltimos qilaman” deb murojaat qilsa, unda lutfni chaqiruvchi chaqiriluvchiga emas, chaqiriluvchi chaqiruvchiga qilgan va ibora mazmunan toʻgʻri boʻladi.
* * *
Baʼzan “Gʻafur Gʻulom nomidagi maktab” deyish maʼqulmi yoki “Gʻafur Gʻulom nomli” degan toʻgʻrimi deb soʻraydilar. Buning har ikkisi ham oʻzbek tili nuqtayi nazaridan maʼqul emas. “Gʻafur Gʻulom maktabi” deyilsa bas, “nomidagi” yoki “nomli” degan soʻzlar ortiqchadir. Oʻzbekcha “Navoiy teatri”, “Pushkin bogʻi”, “Oybek koʻchasi” deyiladi, nomli yoki nomidagi soʻzga esa ehtiyoj yoʻq.
Hozir baʼzi oʻquvchilarning miyasiga “Gʻafur Gʻulom maktabi” deyilsa, bu Gʻafur Gʻulomga qarashli maktab degani boʻladi degan fikr keldi. Lekin bu fikr til xususiyati nuqtayi nazaridan toʻgʻri emas. Faqat qaratqichning “ning”li va “ning”siz formalaridagi maʼno farqini koʻrolmagan tilchilar nuqtayi nazaridan toʻgʻri. Gap shundaki, agar maktab Gʻafur Gʻulomga tegishli boʻlsa, yaʼni u qurdirgan yoki oʻqigan maktab boʻlsa, oʻzbek “Gʻafur Gʻulom maktabi” demaydi, “Gʻafur Gʻulomning maktabi”, deydi. Agar maktab uning nomiga qoʻyilgan boʻlsa, “ning”siz “Gʻafur Gʻulom maktabi” deb qoʻya qoladi. Abdulla Toʻqay koʻchasi deyilsa, koʻchaning nomi boʻladi, agar Abdulla Toʻqayning koʻchasi deyilsa, Abdulla Toʻqay yashagan koʻcha tushuniladi.
Ammo rus tilida “imeni”, yaʼni nomidagi degan soʻz qoʻshib, “shkola imeni Gafura Gulyama” deyilsa toʻgʻriroq va aniqroq boʻladi. Chunki “shkola Gafura Gulyama” deganda maktab uning nomiga qoʻyilganmi yoki u oʻqigan maktabmi, bilib boʻlmaydi. Lekin shubha tugʻilmaydigan oʻrinlarda ruschada ham “imeni” soʻzi tushirib qoldiriladi. Masalan, ruscha “Park Babura”, “Teatr Navoiy” deyish mumkin. Xuddi, shuningdek, “toʻqsoninchi sonli maktab” tarzida “sonli” soʻzini ishlatish ham oʻzbek tili nuqtayi nazaridan ortiqchadir. Birinchi maktab, toʻqsoninchi maktab deyilsa, toʻgʻri boʻladi.
Alibek RUSTAMOV,
filologiya fanlari doktori, akademik