Sababi u asosan daraxtlarning ildizlaridan turli xil antiqa buyumlar yasaydiki, koʻrib havasingiz keladi. Hunarmandning restoran va mehmonxonalarda foydalaniladigan koʻzalari, guldonlari, stol-stullari va har xil suvenir buyumlariga ayniqsa, Yevropa davlatlarida talab katta.
Yaqinda dunyoning mashhur sayyohlik markazlaridan biri hisoblangan Dubay shahrida hamyurtimiz oʻz savdo rastasini ochdi. Endilikda hunarmand oʻzi yaratayotgan takrorlanmas noyob sanʼat asarlarini dunyo jamoatchiligiga ham taqdim etadi. Aslida tadbirkorning mahsulotlariga xorijda talab katta boʻlganligi bois, buyurtmalarning asosiy qismi ham chet davlatlardan tushadi.
Darhaqiqat, bu insonni koʻpchilik yaxshi taniydi. Oʻtgan yili Qoʻqonda oʻtkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida “Oʻzgacha uslub” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib boʻldi. Hunarmandlar uyushmasi aʼzosi, “Tashabbus – 2019” koʻrik tanlovi gʻolibi Behzod Madraimov yaqinda faoliyatini kengaytirish maqsadida “Ustoz-shogird” anʼanasini davom ettirish taklifi bilan Yangiyoʻl tuman hokimligiga murojaat etdi.
Tuman hokimligi hunarmandning tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, Gulbahor shaharchasidan bino ajratdi. Ayni paytda bu yerda taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Madraimov kelgusida “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida ish yuritadigan hunarmandlar maktabini tashkil etib, 70 nafar shogird tayyorlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.
Tadbirkor 50 ta ish oʻrni yaratish, 20 nafar xotin-qizlar uchun tikuv sexi tashkil etishni rejalashtiryapti. Tikuv sexida hunarmandchilikda foydalaniladigan liboslar tayyorlanadi. Eng asosiysi hunar oʻrganish istagida boʻlgan 25 nafar nogironlarga tekinga kasbning sir-asrorlari oʻrgatilib, ularga sertifikat va diplom beriladi. Tuman markazidan uzoqdan qatnaydigan nogironlarga qulaylik yaratish maqsadida esa ularni olib kelishda foydalaniladigan maxsus avtotransport vositasini ham oʻz hisobidan yoʻlga qoʻyish niyati bor.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, tadbirkor hunarmandchilik maktabini mustaqillik bayrami arafasida ishga tushirmoqchi.