Jumladan, "Birinchidan, investitsiyalar uchun qulay muhit. Investorlar huquqlari qonun bilan himoyalanishi boʻyicha amaliy tizim yaratildi. Natijada 2017-yildan boshlab ($3,3 mlrd.) toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobarga oshdi ($8,6 mlrd.).
Qariyb 8 mingta tovar turlariga import bojlari kamaytirildi. Biznesga oid har xil turdagi 70 ta litsenziya va 34 ta ruxsatnomalar berilishi bekor qilindi. Shuningdek, yangi biznes subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi soddalashtirildi. Yer uchastkalari onlayn savdolar orqali taqdim etilmoqda. Umuman olganda, qulay investitsion muhitni barpo etishda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha ishlar faol davom ettiriladi.
Ikkinchidan, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish siyosati. Iqtisodiyotimizning yillik oʻrtacha oʻsishi – 5 foizni, sanoat sohalari – 8 foizni tashkil etmoqda. 2021-yilda bu koʻrsatkich 7 foizdan ortdi. Eksport hajmlari 1,5 barobarga oshdi.
Oʻzbekiston – aholisi 72 mln. kishilik Markaziy Osiyo va 300 mln. kishilik Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, GSP+ kengaytirilgan preferensiyalar tizimi Yevropa bozorlariga 6 mingdan ortiq mahalliy mahsulotlar turlarini imtiyozli shartlarda eksport qilish imkoniyatini yaratdi. Shu tufayli Yevropa mamlakatlariga qilingan eksportimiz xajmi bu yilning oʻzida 70 foizga oshdi.
Uchinchidan, malakali ishchi kuchi. Oʻzbekiston – iqtidorli, yosh va yuqori salohiyatga ega kadrlarga boy. Aholimizning 60 foizidan ortigʻini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashqil etadi. Ular bilimga intiluvchan, turli kasb-hunarlarni oʻzlashtirishga ishtiyoqi baland hamda chet tillarida soʻzlashadigan oliy maʼlumotga ega fuqarolar va yoshlardir.
Shuni alohida aytish joizki, qisqa davr mobaynida mamlakatimizda 82 ta yangi oliy taʼlim yurti tashkil etildi. Bulardan 23 tasi – xorijiy davlatlardagi yetakchi universitetlarning filiallaridir. Qolaversa, maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim bilan qamrov darajasi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Kelgusi besh yilda esa, bu koʻrsatkichni 60 foizga yetkazish boʻyicha aniq dasturimiz bor.
Toʻrtinchidan, bizda tabiiy boyliklarning ulkan zaxiralari mavjud. Oʻzbekiston oltinning resurs bazasi boʻyicha dunyoda 2-oʻrinni, mis boʻyicha-7, volfram boʻyicha-8, kumush boʻyicha-9, uran boʻyicha 12-oʻrinni, tabiiy gaz ishlab chiqarish boʻyicha esa 16-oʻrinni egallaydi. Bular nafaqat togʻ-konchilik, balki, elektrotexnika, rangli metallurgiya va mashinasozlik kabi sohalarda yangi texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarga chiqish uchun ulkan zamin yaratadi.
Ushbu imkoniyatlardan toʻliq foydalanish maqsadida ikki mamlakatning yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarini jalb qilgan holda sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga va uning doirasida korxonalar oʻrtasidagi amaliy hamkorlik oʻrnatishni vaqti keldi deb aniq ayta olaman.
Beshinchidan, tadbirkorlik subyektlari ishlab chiqarishlari uzluksizligini taʼminlash maqsadida barcha zarur infratuzilmalarni yaratmoqdamiz. Xususan, joylarda sanoat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va turizmga ixtisoslashgan 22 ta maxsus iqtisodiy zonalar barpo etdik. Ushbu zonalar avtomobil yoʻllari, elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya, internet tarmogʻi kabi barcha muhandislik kommunikatsiya infratuzilmalari bilan taʼminlangan.
Shuningdek, mazkur zonalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga 10 yilgacha mol-mulk, yer, suv resurslaridan va foyda soliqlaridan ozod qilinadi. Biz ushbu yoʻnalishda mintaqadagi eng ilgʻorlardan boʻlish uchun bu kabi sharoitlarni takomillashtirishni hamda shu orqali yangi investorlarni keng jalb qilish uchun yanada qulay muhit barpo etishni davom ettiramiz.
Oltinchidan, ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga moliyaviy yordam va subsidiyalar taqdim etmoqdamiz. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlarini eksport qilishini ragʻbatlantirish uchun transport harajatlarining 70 foizgacha qoplab berish mexanizmini yaratganmiz.
Shuningdek, investorlar bilan qoʻshma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun Investitsiyalar jamgʻarmasini taʼsis etganmiz.
Yettinchidan, divesifikatsiyalangan transport koridorlari salohiyati. Oʻzbekiston yirik transport yoʻlaklari kesishuvida joylashgan boʻlib, Gʻarb bilan Sharq, Shimol bilan Janub mamlakatlari bozorlari oʻrtasida koʻprik vazifasini, muhim logistika maydoni vazifasini ham bajara oladi.
Aynan shu sababdan, biz Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston hamda Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temir yoʻllari loyihalarini ilgari surmoqdamiz. Bu loyhalar strategik ahamiyatga ega va biz ularni albatta amalga oshiramiz. Ular Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishda mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochib beradi", – dedi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri.