Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB quyidagilarni maʼlum qildi.
Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvida fuqarolarning plastik kartalaridan 12 milliard soʻm miqdoridagi pullarning oʻgʻirlanganligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“Oʻgʻirlik”) bilan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.
Jinoyatni toʻliq fosh qilish va jinoyat uchun jazo muqarrarligi prinsipini taʼminlash, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni qoplatish choralarini koʻrish maqsadida bir qator tergov-tezkor harakatlar olib borilmoqda. Tergov jarayonida plastik kartalardagi pullar turli toʻlov tizimlari orqali xorijiy davlatlarga chiqib ketganligi aniqlangan.
Mazkur jinoyat ishi doirasida poytaxtdagi toʻlov tizimi kompaniyalaridan birida tekshiruv oʻtkazilgan. Tekshiruv jarayonida hech kim hibsga olinmagan, kompaniya masʼul xodimlaridan holat yuzasidan tushuntirish olingan.
Jinoyat ishi yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.