Tadbirkorga asossiz hisoblangan 1 milliarddan ziyod qarzdorlik bekor qilindi

    Yangiyoʻl tumani elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi qonun talablari buzilgani aniqlandi.

    Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga “Spring Colour Industry” MCHJ qoʻshma korxonasi tomonidan murojaat kelib tushgan.

    Murojaatda qayd etilishicha, Yangiyoʻl tuman elektr taʼminoti korxonasi tomonidan 2022-yil 22-avgust kuni “Spring Colour Industry” MCHJ elektr hisoblagich oʻrnatilib, plombalangan va vaqtincha foydalanish uchun ruxsat berilib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

    Biroq 2022-yilning dekabr oyida elektr hisoblagich tarmoqdan uzilib, noqonuniy ulanganlik vaji bilan Yangiyoʻl tuman elektr taʼminoti korxonasi tomonidan “Spring Colour Industry” MCHJ QKga asossiz 1 milliard 416 million 933 ming soʻm miqdorida qarzdorlik hisoblangan.

    Hududiy boshqarma tomonidan “Spring Colour Industry” MCHJ QK murojaati oʻrganilganda, Yangiyoʻl tumani elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi qonun talablari buzilgani aniqlandi.

    Qonunbuzulish holati boʻyicha “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qoʻzgʻatish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan ish qoʻzgʻatildi.

    Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan “Spring Colour Industry” MCHJga hisoblangan qarzdorlik asossiz deb topilib, qayta hisob-kitob qilish boʻyicha “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.