Tadbirkorlarning yiliga qariyb 40 milliard so'm mablag'lari iqtisod qilinadi

    37 ta qonun hujjatlari moddalariga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritish belgilanmoqda.

    Qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit – mamlakat va uning iqtisodiyotining jadal va barqaror rivojlanishini garovidir. So'nggi yillarda mamlakatimizda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to'siqlarni bartaraf etish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirishga katta e'tibor qaratilayotgani boisi ham shunda.

    Yangi O'zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat ko'rsatishlari uchun zarur sharoitlar yaratish keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Mazkur yo'nalishlarda olib borilgan ishlar litsenziyalash va ruxsat berish tizimini liberallashtirish hamda institutsional isloh qilishning yangi bosqichini boshlash uchun mustahkam asos yaratdi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha bo'lib o'tgan navbatdagi majlisida ko'rib chiqilgan “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillari turlari qisqartirilganligi hamda soddalashtirilganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasining qabul qilinishi ham biznes vakillariga keng imkoniyatlar eshigini ochishi muqarrar.

    Davlatimiz rahbarining 2020-yil 19-maydagi va 24-avgustdagi tegishli farmonlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida bir qator yangiliklar o'z ifodasini topgan.

    Mazkur hujjat joriy yil 5-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to'g'risida”gi qonunning mantiqiy davomi bo'lib, qonun loyihasi bilan 37 ta qonun hujjatlari moddalariga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritish belgilanmoqda. 33 ta qonun va 4 ta kodeks shular jumlasidandir.

    Shuningdek, qonun loyihasi bilan quyidagi asosiy o'zgartirishlar nazarda tutilmoqda:

    Birinchidan, Jinoyat kodeksining 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz shug'ullanish) yangi tahrirda bayon etilmokda. Misol uchun, 7 qismdan iborat tartibda litsenziyasiz, ruxsat beruvchi hujjatsiz yoki xabarnoma yubormasdan faoliyat bilan shug'ullanganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmokda. Litsenziyasiz, ruxsat beruvchi hujjatsiz va xabardor etmasdan faoliyat yuritganlik uchun sanktsiyalar tabaqalashtirilgan holda belgilanyapti. Qolaversa, jinoiy jarima mikdori kamaytirilib, BHMning 55 baravari (13,5 mln. sum) etib belgilanmokda.

    Ikkinchidan, Ma'muriy javobgarlik tug'risidagi kodeksga 165-modda (faoliyat bilan litsenziyasiz va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug'ullanish) yangi tahrirda bayon etilmoqda. Masalan, vakolatli organni xabardor qilmasdan faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarlik belgilanyapti. Litsenziya, ruxsat berish va xabardor etish tartibini buzishga oid barcha huquqbuzarliklar yagona modda – 165-moddada aks ettirilmokda. Shu munosabat bilan 702 (foydali qazilmalarni litsenziyasiz qazib olish) va 1763-moddalar (yo'lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug'ullanish) chiqarib tashlanmoqda.

    Uchinchidan, Soliq kodeksida alkogol` mahsulotlarini sotish uchun ruxsatnoma xabardor etish tartibiga o'tganligi munosabati bilan yangi 4551-modda bilan to'ldirilib, alkogol` mahsulotlarini sotish huquqi uchun yig'imlarini to'lash tartibi aniqlashtirilmoqda. Xususan, alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun yig'imni to'lash majburiyati Soliq kodeksiga kiritilib, yig'imni to'lash sanalari aniq qilib belgilanyapti. Unga ko'ra, faoliyatni boshlash haqidagi xabarnoma oyning 20-sanasigacha yuborilsa yig'im joriy oy uchun, faoliyatni boshlash haqidagi xabarnoma oyning 20-sanasidan keyin yuborilganda keyingi oydan boshlab to'lanadi. Har oylik yig'im to'lovi esa oldindan to'lov shaklida joriy oyning 10-sanasigacha to'lanadi.

    To'rtinchidan, “Davlat boji tug'risida”gi qonunga aksariyat litsenziyalar bekor bulayotgani munosabati bilan 33 turdagi litsenziyalar uchun davlat bojlari chiqarib tashlanmoqda. Natijada tadbirkorlik sub'ektlarining yiliga qariyb 40 mlrd. so'm mablag'lari iqtisod qilinib, o'z ixtiyorida qoldiriladi. Birlashish orqali bekor bo'layotgan litsenziyalanadigan faoliyatlar uchun davlat boji miqdorlarining amaldagi eng kam stavkasi qo'llanilyapti.

    Beshinchidan, baholash va rieltorlik faoliyatlarida o'zini o'zi boshqarish mexanizmlari joriy etilmoqda. Masalan, baholash va rieltorlik sohasida professional birlashmalar tashkil etilishi nazarda tutilib, baholash va rieltorlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi shaxslarga professional birlashmalarga a'zo bo'lish majburiyati yuklatilmoqda. Baholash va rieltorlik sohasida professional birlashmalarga bir qator huquqlar berilmoqda.

    Yana bir muhim jihati shuki, qonun loyihasi bilan vakolatli organlar tashabbusi bilan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni tugatish va bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshirilishiga oid qoidalar belgilanmoqda. Jumladan, “O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki tug'risida”gi, “Qimmatli qog'ozlar bozori tug'risida”gi, “Kredit axboroti almashinuvi tug'risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari tug'risida”gi, ‘Qurol tug'risida”gi, “Maktabgacha ta'lim va tarbiya tug'risida”gi hamda “Ta'lim tug'risida”gi qonunlarda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni tugatish va bekor qilishga oid qoidalarda vakolatli organlar tomonidan ushbu hujjatlarni tugatish va bekor qilish sud orqali amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

    Hammamizga yaxshi ma'lum, keyingi to'rt-besh yilda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo'lidagi to'siqlar ketma-ketlikda hal etilmoqda. Tadbirkorlarning doim yangilik yaratishiga, bir so'mini ikki so'm, bir xodimini ikki xodim, bitta mahsulot turini ikkita mahsulot turi qilishiga har tomonlama ko'mak berilmoqda. Chunki bugun biznes vakillariga zarur sharoitlar yaratilib, imtiyozlar berilsa u nafaqat o'zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi. Eng muhimi, yangi ish o'rinlari tashkil etib, aholi bandligini ta'minlaydi.

    O'zLiDeP nuqtai nazariga ko'ra, xususiy mulk huquqi va kafolatlarning ishonchli himoyasini ta'minlash, barcha to'siq va cheklovlarni bartaraf etish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish yo'lida to'liq erkinlik berish, amalda “Odamlar qanchalik boy bo'lsa – davlat shunchalik qudratli bo'ladi” degan tamoyilni amalga oshirish – mamlakat iqtisodiy tizimini liberallashtirishning eng muhim yo'nalishidir.

    Shu jihatdan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijacida litsenziya va ruxsat berish sohasidagi qonun hujjatlari muvofiqlashtiriladi. Bu o'z navbatida, biznes sub'ektlariga keng imtiyoz va engilliklar berish bilan birga, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish hamda mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

    Aktam HAITOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

    Spikeri o'rinbosari