Shaxs oʻz gʻoyasini erkin amalga oshirish imkoniyatiga va kafolatga ega joyda taraqqiyot barqaror, oʻsish esa uzoq muddatli boʻladi. Shu bois, tadbirkorlikni faqat iqtisodiyot tarmogʻi sifatida emas, balki jamiyat tafakkurining oynasi, davlatning fuqarosiga ishonchi darajasini aks ettiruvchi muhim mezon sifatida baholash zarur.
2025-yil sarhisobiga nazar solganda, tadbirkorlarga yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar ortida faqat iqtisodiy samara emas, balki davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarning sifatidagi oʻzgarishlar ham koʻzga tashlanadi. Bugun tadbirkor nazorat qilinadigan subyekt emas, balki qoʻllab-quvvatlanishi lozim boʻlgan ishonchli hamkor sifatida eʼtirof etilmoqda. Bu yondashuv taraqqiyot yoʻlida tanlangan ongli, masʼuliyatli va insonparvar siyosatning amaliy ifodasidir.
Jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik, bozorlardagi keskin tebranishlar va global xavf-xatarlar sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat uchun strategik zaruratga aylandi. Soliq imtiyozlari, moliyaviy yengilliklar, kredit resurslariga keng yoʻl ochilishi va huquqiy kafolatlarning mustahkamlanishi — bularning barchasi tadbirkorni himoya qilishga qaratilgan tizimli islohotlardir. Chunki bugun oʻz ishini rivojlantira olgan tadbirkor ertaga yangi ish oʻrinlari, barqaror daromad manbalari va ijtimoiy farovonlikni yaratishga xizmat qiladi.
Ishonch fenomeni
Jamiyatda “ishonch” degan tushuncha bor — u baʼzan qonun va farmondan ham kuchliroq taʼsirga ega. Chunki ishonch mavjud joyda tashabbus tugʻiladi, tashabbus bor joyda harakat shakllanadi, harakat esa iqtisodiy oʻsishga olib keladi. Soʻnggi yillarda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar aynan shu mantiqiy zanjirni hayotga tatbiq etmoqda. Davlatning tadbirkorga ishonchi uning ertangi kunga ishonchini mustahkamlab, barqaror rivojlanish uchun tayanchga aylanmoqda.
Oʻtgan toʻqqiz yil Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarixida faqat raqamlar bilan baholanadigan davr emas. Bu yillar davomida iqtisodiy tafakkur oʻzgardi, davlat va tadbirkor oʻrtasidagi munosabatlar qayta shakllandi, eng muhimi, ishonch institutsional darajaga koʻtarildi. Ayniqsa, 2025-yil ana shu jarayonlarning mantiqiy yakuni, sinovdan oʻtgan modeli sifatida namoyon boʻldi.
Prezidentimizning “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori iqtisodiy harakatlar yoʻnalishini belgilab berdi. Ushbu hujjat bandlikni umumiy shior darajasida emas, balki aniq mexanizmlar, masʼul subyektlar va hududiy kesimda amalga oshirishni nazarda tutdi.
Qarorda belgilangan 5 million 200 ming kishining bandligini taʼminlash vazifasi bosqichma-bosqich bajarildi. Bu jarayonda banklar ishtirokidagi mexanizmlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Banklar orqali ish bilan taʼminlash tizimi tadbirkorlikni iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveriga aylantirdi. Mazkur yerda asosiy masala faqat ish oʻrni ochish emas, balki insonga ishonch bildirish edi. Davlat yaratgan sharoit fuqaroda “menga ishonilyapti”, degan his uygʻotdi. Aynan shu his tashabbuskorlikka va shaxsiy masʼuliyatni zimmaga olishga undadi. Iqtisodiy oʻsish aynan shu ichki ishonchdan boshlandi.
2025-yilda iqtisodiy siyosat mahallagacha tushirildi. Har bir mahallada belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar iqtisodiy jarayonning aniq manzilli boʻlishiga xizmat qildi. Tuman hokimliklari tadbirkorlarni joy va infratuzilma bilan taʼminlagan boʻlsa, banklar moliyaviy qoʻllab-quvvatlovni zimmasiga oldi. Bu esa davlat, bank va fuqaro oʻrtasidagi ishonchli hamkorlikni mustahkamladi.
Raqamli boshqaruv tizimining joriy etilishi ishonchni institutsional kafolatga aylantirdi. “Online-mahalla.uz”, “bank-kredit. uz” va “soliq.uz” axborot tizimlarining integratsiya qilinishi vazifalar ijrosini kunlik tahlil qilish imkonini berdi. Bu tizim faqat nazorat emas, balki masʼuliyatni his qilish madaniyatini ham shakllantirdi. Natijada fuqarolarning idoralar oʻrtasida sarson boʻlishiga chek qoʻyildi.
Yil davomida amalga oshirilgan “Mahalla loyihasi” dasturi ishonch iqtisodiyotining amaliy namunasiga aylandi. Ilgari oilaviy tadbirkorlikda oʻzini oqlagan, ishonch qozongan fuqarolarga kattaroq hajmda va uzoq muddatga moliyaviy resurslar ajratilishi ular faoliyatini yangi bosqichga koʻtardi. Har bir mahallada kamida 10 ta xonadon uchun taqdim etilgan “loyiha paketlari” orqali oilalar barqaror daromad manbaiga ega boʻldi. Bu tadbirkorlikni tirikchilik darajasidan iqtisodiy taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi.
Ushbu jarayonda mahalla bankirlari amaliy ijrochilarga aylandi. Ular bank va aholi oʻrtasidagi koʻprik boʻlib, startap gʻoyalarning hayotga tatbiq etilishida hal qiluvchi oʻrin tutdi. Iqtisodiy tashabbus birinchi marta shu darajada mahallada paydo boʻlib, shakllandi.
Davlat tomonidan tadbirkorga berilgan eʼtibor jamiyatda tashabbus, masʼuliyat va barqarorlikni shakllantirdi. Iqtisodiyotda ishonch fenomeni aynan shu jihati bilan yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining eng mustahkam poydevoriga aylanmoqda.
Yangi imkoniyatlar davri
Bugun yoshlarni davlat darajasida qoʻllab-quvvatlash tasodifiy yoki mavsumiy siyosat emas, balki uzoqni koʻzlagan strategik tanlovdir. Chunki yoshlar — jamiyatning eng faol, eng harakatchan va yangilikka intilishdan charchamaydigan qatlami. Ularga yaratilgan sharoit, avvalo, iqtisodiyotning ertangi yoʻlini belgilab beradi.
Yil davomida yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash sohasida qilingan ishlar natijasida kichik sanoat zonalarida yangi ishlab chiqarish obyektlari barpo etildi. Ular yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida taqdim etildi. Bu esa biznesni noldan boshlayotgan yoshlar uchun eng katta toʻsiqlardan biri — infratuzilma masalasini hal qilishga koʻmak boʻladi. Imtiyozli mikrokreditlar, moliyaviy koʻmak va maslahat xizmatlari bilan uygʻun bu tizim yil oxiriga kelib, yoshlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirdi.
Ana shu jarayonda davlatimiz rahbarining 2025-yil fevraldagi qator muhim qarorlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Jumladan, “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan biznes loyihalarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yil davomida yoshlar siyosatidagi keng koʻlamli ishlar uchun mustahkam huquqiy poydevor boʻlib xizmat qildi.
Ushbu qarorga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi huzurida tashkil etilgan Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi yil yakuniga kelib, navqiron avlod uchun nafaqat moliyaviy manba, balki ishonchli hamkor, maslahatchi va qoʻllovchi homiy sifatida faoliyat yuritdi. Yoshlar taqdim etgan tashabbuslar ekspertlar ishtirokida chuqur tahlil qilinib, ularning barqarorligi va istiqboli asosiy mezon sifatida baholandi. Bu esa yosh tadbirkorlarda rejalashtirish, hisob-kitob va uzoqni koʻra bilish koʻnikmalarini shakllantirdi.
Shu bilan birga, tajribali ishbilarmonlarning kengash ishlariga jalb etilishi tizimning ochiq va shaffof boʻlishini taʼminladi. Korrupsiya va tanish-bilishchilikka yoʻl qoʻymaslik, qaror qabul qilishda xolislikni taʼminlash aynan shu yondashuv orqali amalga oshirildi. Kengash aʼzolarining kamida 30 foizi yosh tadbirkorlardan iborat boʻlgani esa qoʻllab-quvvatlanayotgan loyihalarning zamonaviy, innovatsion va raqobatbardosh yoʻnalishlarga asoslanishini kafolatladi.
Fevraldagi yana bir huquqiy-meʼyoriy hujjat — “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror ham muhim ahamiyatga ega. Unga muvofiq, “Yoshlar biznesi” dasturi izchil amalga oshirildi. Dastur doirasida “Biznesga birinchi qadam”, “Yoshlar uchun ish oʻrinlari”, “Innovatsion yoshlar” kabi loyihalar yoʻlga qoʻyildi. Yil yakuniga kelib, mazkur tashabbuslar yoshlar bandligini taʼminlashda muhim oʻrin egalladi. Dastur orqali yuz minglab yigit-qiz oʻzini ish bilan taʼminlash yoki doimiy daromad manbaiga ega boʻlish imkoniyatiga erishdi.
Bu jarayonda “Aloqabank”ning “yoshlar banki” sifatida faoliyat yuritgani ham katta ahamiyatga ega boʻldi. Bank yosh tadbirkorlar uchun eng yaqin moliyaviy hamkor sifatida xizmat qilib, ularning biznes loyihalarini amalga oshirishda asosiy tayanchga aylandi. Natijada 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar uchun qoʻshimcha oʻn minglab ish oʻrinlari ochildi.
Muhimi, 2025-yilda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jarayoni faqat tayyor biznes rejalarni moliyalashtirish bilan cheklanmadi. Yoshlarda biznes reja tuzish, startap loyihalarini ishlab chiqish, bozorni tahlil qilish koʻnikmalarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Yil davomida faoliyat boshlagan “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi orqali onlayn treninglar oʻtkazildi, mahsulot va xizmatlar uchun raqamli bozor shakllantirildi, kraudfanding mexanizmlari joriy etildi.
Yoshlarga berilgan ishonch tashabbusni, tashabbus esa iqtisodiy harakatni paydo qildi.
Faollikka tayanayotgan yoʻl
2025-yil mamlakat taraqqiyotida faollikka tayanayotgan yangi yondashuvlar mustahkamlangan yil sifatida yakunlandi. Oʻtgan yilda chiqqan qarorlar, amalga oshirilgan islohotlar va belgilangan ustuvor vazifalar jamiyatda harakat, tashabbus va masʼuliyatni ragʻbatlantirishga qaratildi. Ana shu jarayonlarning mantiqiy ifodasi sifatida 19-mart kuni davlatimiz rahbarining kichik va oʻrta biznes vakillari bilan uchrashuvi muhim siyosiy voqea sifatida yodda qoldi.
Yil yakunlariga xos jihat shundaki, mazkur uchrashuvda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar umumiy yoʻnalish sifatida emas, balki aniq mexanizmlar orqali belgilab berildi. 2025-yildan kichik biznes uchun 300 million soʻmgacha kredit ajratila boshlashi, shuningdek, faoliyati kengayib, kichik yoki oʻrta korxonaga aylangan tadbirkorlarga ushbu mablagʻning 150 million soʻmini garovsiz taqdim etish tartibi faollikni ragʻbatlantirishda muhim qadam boʻldi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 50 million soʻmgacha garovsiz kredit berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Uchrashuvda tadbirkorlik faoliyatini tugatish masalasiga ham yangicha yondashuv bilan qaralishi bildirildi. Endi oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan oshmagan va soliqdan qarzi boʻlmagan korxonalarni ixtiyoriy tugatishda tekshiruv oʻtkazilmasligi belgilandi. Ushbu qaror tadbirkorlar uchun ortiqcha maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish va yangi yoʻnalishni tanlash imkoniyatini kengaytirdi.
Shu bilan birga, 2028-yil 1-yanvarga qadar qoʻshimcha qiymat soligʻi va foyda soligʻi stavkalari oshirilmasligi hamda kichik va oʻrta biznesga qoʻshimcha talab va majburiyat yuklaydigan meʼyoriy hujjatlar qabul qilishga uch yillik moratoriy eʼlon qilinishi tadbirkorlik faoliyati uchun barqaror qoidalar shakllanganini koʻrsatdi. Bu esa yil davomida rejalashtirish va harakat qilish uchun aniqlikni taʼminladi.
Fermerlar uchun chiqarilgan qarorlar ham yil sarhisobida alohida ahamiyatga ega. Soliq majburiyatini oʻz vaqtida bajara olmagani tufayli yigʻilib qolgan 1 trillion soʻmlik penyani undirishdan voz kechilishi qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun muhim yengillik boʻldi va ularning keyingi harakatiga yangi imkoniyatlar ochdi.
Mazkur uchrashuv 2025-yilda qilingan ishlarga sarhisob boʻlish bilan birga, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda faollikka tayanayotgan yoʻl uzluksiz davom etishini koʻrsatdi. Bu yoʻlda davlat sharoit yaratadi, tadbirkor esa harakat qiladi.
2025-yil avgustda davlatimiz rahbari Yangi Toshkentda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Mazkur uchrashuv raqamlar bilan emas, balki har bir tadbirkorning yurtimiz taraqqiyotidagi oʻrni va mamlakatning kelajak yoʻnalishlari bilan bogʻliq tahliliy fikrlar bilan yodda qoldi. Kelgusi rivojlanishning shiddatini tushunish uchun bu muloqotni faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar majmuasi sifatida emas, balki ijtimoiy va falsafiy kontekstda ham baholash zarur. Chunki har bir investitsiya, har bir yangi korxona nafaqat moddiy qiymat, balki inson va jamiyatning maʼnaviy oʻsishi uchun imkoniyatdir.
Oʻtgan toʻqqiz yilda iqtisodiyotning koʻplab tarmoqlari yangidan tashkil etildi. Bu davrda 230 milliard dollar investisiya kirib keldi. Shundan 120 milliard dollardan ortigʻi xorij sarmoyasi. 2025-yilning birinchi yarim yilligida mamlakatimiz iqtisodiyoti 7,2 foiz oʻsdi. Biznes yuritishdagi qulayliklar natijasida tadbirkorlar koʻpayib, faoliyati kengayib bormoqda. Masalan, 1600 ta mikrokorxona bir yilda aylanmasini 10 milliard soʻmdan oshirib, birdan oʻrta korxonaga, 143 tasi esa 100 milliard soʻmdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qoʻshildi.
Biznesni “soya”dan chiqarish natijasida 139 ming korxonadagi ish oʻrinlari 811 mingtaga koʻpaydi, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foiz oshirdi. 2024-yili xususiy sektorda oʻrtacha oylik 4 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda 5 million soʻmga yaqinlashdi. Bu koʻrsatkichlar iqtisodiy farovonlikka erishishda inson kapitalining ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ilk ochiq muloqotdan buyon tadbirkorlarning mingga yaqin tashabbusi qonunchilikka kiritilgani qayd etildi. Oʻtgan yilgi muloqot beshinchisi boʻldi. Unga tayyorgarlik davomida 26 yoʻnalishning 7000 ga yaqin vakili bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. “Koll-markaz” orqali ham 13 mingdan ziyod murojaat va taklif qabul qilindi. Bu jarayon iqtisodiy demokratiyaning amaliy koʻrinishi boʻlib, davlat va tadbirkorlar oʻrtasidagi ochiq muloqot falsafasini yaqqol koʻrsatadi.
Muloqotda davlatimiz rahbari tadbirkorlikning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha ham yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, qisqa muddatda va tez daromad beradigan ish oʻrinlari ochishda eng samarador yoʻnalishlardan biri boʻlgan xizmatlar sohasi jadal rivojlantiriladi. Turizmni rivojlantirish boʻyicha yangi dastur boshlanadi. Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5000 gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi boʻlgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun toʻlov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor boʻlib kiradi.
Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida toʻlayman desa, 20 foiz chegirma beriladi. Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi. Bu tadbirkorlikni ragʻbatlantirish orqali ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarni uygʻunlashtirishning aniq mexanizmidir.
Shuningdek, mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari oʻrtasida tanlovlar oʻtkazilishi va mukofotlar bilan ragʻbatlantirilishi biznesda raqobat va sifatni oshirishga xizmat qiladi.
Biznes vakillarida qoʻshimcha joy olishga ehtiyoj borligiga qaramay, davlat aktivlari ijaraga berilishi, soliq va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimlari takomillashtirilishi, yosh tadbirkorlar uchun startaplarni qoʻllab-quvvatlash choralari, “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili va investitsiya kodeksi kabi islohotlar iqtisodiy faollikni yangi bosqichga olib chiqadi. Bu jarayonda asosiy eʼtibor insonga, uning tashabbusi va ijtimoiy masʼuliyatiga qaratilgan.
Jamiyatning rivojlanishi va iqtisodiyotning barqarorligi faqat moddiy koʻrsatkichlar orqali baholanmaydi. Bu muloqot har bir tadbirkor va har bir investitsiya ortida jamiyatga, inson qadr-qimmatiga, bilim va texnologiyalarga investitsiya borligini koʻrsatdi. Shu bois, Prezidentimizning tadbirkorlikni ragʻbatlantirish strategiyasi iqtisodiyotni faqat raqamlarda emas, balki inson hayoti sifatida ham tahlil qilishga imkon beradi.
Muloqot davomida markaziy va hududiy studiyalardan qatnashgan tadbirkorlar oʻz mulohaza va takliflarini bildirdi. Muammolar muhokama qilinib, ular boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi. Bu jarayon ochiqlik, hamkorlik va zamonaviy iqtisodiy falsafaning uygʻunlashgan namunasi sifatida tarixga kirdi.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va investitsiya muhitini yaxshilash nafaqat iqtisodiy strategiya, balki jamiyatning maʼnaviy va intellektual salohiyatini rivojlantirish vositasi sifatida ham koʻrinadi. Har bir tadbirkor faqat biznes bilan shugʻullanmay, oʻz gʻoyasi, tashabbusi va iqtidori orqali kelajakni barpo etadi.
Ishonch va erkinlik muhitida tadbirkor har bir gʻoyasi uchun masʼul boʻladi, ammo bu masʼuliyat ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiladi. Biznes, taʼlim, sogʻliqni saqlash va innovatsiya sohalaridagi islohotlar esa faqat iqtisodiy natija emas, balki inson potensiali va ijtimoiy hayot sifati uchun ham muhim qadam.
Tadbirkorlik faqat daromad topish vositasi emas, balki intellektual va maʼnaviy yangilanish, innovatsiya va ijtimoiy masʼuliyat uygʻunligini namoyon etadigan jarayondir. Har bir startap, har bir yangi loyiha va har bir innovatsiya bu — mamlakatning kelajakka ishonchi va salohiyatining koʻrinishi. Shu tariqa tadbirkorlik va davlatning qoʻllab-quvvatlovi birgalikda barqaror, samarali va insoniy taraqqiyot yoʻlidagi muhim falsafiy poydevorga aylanadi.
Umuman olganda, davlat va tadbirkorlar oʻrtasidagi hamkorlik, ochiq muloqot va innovatsion islohotlar nafaqat iqtisodiy tarmoqlarning oʻsishiga, balki jamiyatdagi faol, masʼuliyatli va tashabbuskor insonlar avlodini tarbiyalashga xizmat qilayotgani anglashilmoqda. Shunday qilib, tadbirkorlik faqat pul va mahsulot orqali emas, balki har bir insonning gʻoyasi, intilishi va ijtimoiy hissi orqali ham rivojlanadi.
2025-yil bizga yana bir marrani koʻrsatdi: iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi — raqamlar va hisobotlardan tashqari, inson ruhi va ijtimoiy munosabatlar bilan uygʻunlashganda haqiqiy maʼnoga ega boʻladi. Shu bilan birga, kelgusi yillarga qaratilgan yangi strategiyalar va investitsiya tashabbuslari taraqqiyot poydevorini mustahkamlaydi.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri