Tadbirkorlik sub'ektlarining to'g'ridan-to'g'ri sudga shikoyat qilishidagi cheklovlar olib tashlanmoqda

    Dolzarb 5 Sentabr 2023 4861

    Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirishlar kiritish to'g'risida” O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

    Mazkur Qonun bilan amaldagi 4 ta Qonunga, jumladan, Soliq kodeksi, “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi, “Mas'uliyati cheklangan hamda qo'shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to'g'risida”gi va “Xo'jalik shirkatlari to'g'risida”gi qonunlarga tadbirkorlik sub'ektlari o'z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatini cheklovchi normalarni bekor qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirishga qaratilgan o'zgartirishlar kiritilmoqda.

    Xususan, Soliq kodeksida soliq to'lovchilar sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo'yicha qabul qilingan qarorlar ustidan to'g'ridan-to'g'ri sudga shikoyat qilishi mumkinligi belgilanmoqda.

    Amaldagi tartibga ko'ra, sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo'yicha qabul qilingan qaror ustidan yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilingandan (shikoyat ko'rib chiqilganidan) keyin sudga murojaat qilish mumkin.

    Еndilikda tadbirkorlik sub'ektlari o'z huquqlarini to'g'ridan-to'g'ri sud orqali himoya qilishi yoki ma'qul deb hisoblasa, yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilishi mumkin bo'ladi.

    Shuningdek, “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi, “Mas'uliyati cheklangan hamda qo'shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to'g'risida”gi hamda “Xo'jalik shirkatlari to'g'risida”gi qonunlarga o'zgartirish kiritilib, tadbirkorlik sub'ektlarining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to'g'risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e'lon berish majburiyatlarini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

    Ushbu o'zgartirishlar kiritilishi natijasida yuridik shaxslarning ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirishdagi byurokratik tartiblar bekor qilinishiga hamda tadbirkorlik sub'ektlari uchun ortiqcha xarajatlarning oldi olinishiga erishiladi.