XXI asrga kelib olamu odamni yangicha anglash ehtiyoji yuzaga keldi. Buning mohiyati global hodisalar, jumladan, geosiyosiy vaziyatning keskin oʻzgargani, avval kuzatilmagan ekologik muammolar paydo boʻlayotgani, davlatlararo munosabatlarda oʻzaro ishonchsizlik ruhi boʻy koʻrsatayotgani kabi ijtimoiy-siyosiy boʻhronlar bilan izohlanadi.

Ana shunday tahlikali bir davrda davlatlar, siyosiy yetakchilar oldida juda katta vazifalar turibdi. Bu – milliy xavfsizlikni saqlash, chegaralar daxlsizligi, tinch-osoyishta, farovon hayotni taʼminlash. Agar mintaqaviy yoki davlatlararo ziddiyatlar tobora keskin tus olayotganiga eʼtibor bersak, tinchlik qadri qanchalik aziz ekani, xotirjam yashashning oʻzi juda qiyinlashib borayotganini tushunib yetamiz.

“Tinchlik”, “qadr”, “xotirjamlik”, “shukronalik” soʻzlarining maʼnosi har birimizga yaxshi tanish. Bugun ularning hayotiy mazmunini yanada teranroq anglash vaqti keldi, nazarimizda. Buni anglash uchun yaqin oʻtmishimiz va uning saboqlari kifoya. Zero, hayotda inson shukrona keltirishi uchun oʻtmish va bugun taqqoslari juda zarurdir.

BIRINCHI TAQQOS: inson qadrining tiklanishi.

2015-yil. Bugungidek koʻklam nafasi kezmoqda. Oilamiz bilan Fargʻona vodiysiga toʻyga otlandik. Kayfiyat zoʻr, farzandlarimning shodon kulgulari va begʻubor qiyqiriqlariga qoʻshilgim keladi.

Toshkentdan yoʻlga chiqqan mashinamiz Qamchiq dovoniga kiraverishda oʻrnatilgan nazorat-tekshiruv punktida toʻxtadi. Har doimgidek turnaqator navbat. Mashinalar birma-bir tekshirilmoqda. Hech kim shoshmaydi. Hamma navbati bilan pasportini koʻrsatib oʻtadi. Qoʻlida qurol ushlagan harbiylar vaziyatni kuzatib turibdi. Xuddi urush holatidagidek.

Navbatimiz keldi. Obdon tekshirish boshlandi, hujjatlar koʻrsatildi. Choʻntagimni, sumkalarni titkilayman – pasportim yoʻq. Uyda qolibdi.

Hujjatlarni tekshirayotgan harbiy juda xavfli jinoyatchini qoʻlga olgandek, mashinadan tushishimni soʻradi. Unga vaziyatni tushintiraman, toʻyga ketayotganimizni, pasport uyda qolganini aytaman. U esa hissiz turibdi, Toshkentga qaytishimni, pasport boʻlmasa, bu yerdan oʻtolmasligimni aytadi.

Yalinish, iltimoslar oʻtmaydi. Ayolim, bolalarim jovdirab koʻzimga qaraydi. Haydovchi shoshayotganiga ishora beradi. Noiloj oilam bilan xayrlashaman, toʻyni eson-omon oʻtkazib kelinglar, deya ular ortidan kuzatib qolaman. Toshkentga ketayotgan mashinalardan biriga chiqib, ortga qaytaman. Yoʻl-yoʻlakay ichimni alam va iztirob qoplab oladi. Dod degim keladi.

Tasavvur qilyapsizmi, oʻz yurtingda, pasportingiz uyda qolgani uchun qoʻshni viloyatga kirolmay ortga qaytyapsiz. Bu ertak emas, 8 yil oldin boʻlgan voqea.

Kecha tunda shu voqea yodimga tushib, uyqum qochdi. Soʻng ish stolimga oʻtirdim-da, quyidagilarni qoraladim: “Prezidentimiz amalga oshirgan islohotlarning eng aʼlosi – mana shu qattiq va mantiqsiz pasport tizimini butkul yoʻqotdi. Har bir fuqaro oʻz yurtida erkin harakatlanish huquqiga ega boʻldi.

Oʻzingiz oʻylang, mamlakatimiz hududida 60 dan ziyod shunday yoʻl-patrul posti mavjud edi. Endi tasavvur qiling, oddiy odam Xorazmdan Toshkentga mashinada kelmoqchi boʻlsa, yoʻlda 17 ta postdan oʻtadi. Fargʻona vodiysidan kelayotgan kishi esa 8 ta ana shunday postga duch keladi. Pasporti boʻlmasa, ortiga qaytarib yuboriladi.

Bugun nafaqat yurtimizda pasportsiz bemalol yuramiz, balki belgilangan tartibda qoʻshni davlatlarga ham erkin borib-kelish imkoniga ega boʻldik. Bu, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “Xalqimiz kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak”, degan adolatli siyosatning hayotdagi ifodasi emasmi”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida viloyatlar chegarasidagi barcha yoʻl-patrul postlarini tugatish, patrul xizmati statsionar postlari sonini keskin kamaytirish haqida aytganida, ochigʻi, koʻzimga yosh keldi. Negaki, Fargʻonaga pasportsiz kirolmay, bolalarimning jovdirab qolgan nigohi yuragimda bitmas ogʻriq qoldirgan edi-da.

Oʻsha paytda matbuotda oʻqiganim bir iqtibos bu islohotlarning haqiqiy koʻlamini namoyon etdi. AQSHning mamlakatimizdagi oʻsha paytdagi elchisi Pamela Spratlen bunday degan edi“Bugungi Oʻzbekiston oldingi Oʻzbekiston emas... U islohotchi sifatida maydonga chiqmoqda”.

Gap Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsi haqida ketayotgani hammamizga yaxshi maʼlum. Mana, oradan oʻtgan vaqt davomida guvoh boʻldikki, boshlangan islohotlar oʻzini toʻla oqlamoqda.

Bugunga kelib bir paytlar shahar va tumanlarda postlar boʻlgani ertakka aylandi, asosiysi, odamlarning sarson-sargardonligiga chek qoʻyildi. Baʼzi odamlar bu qiyinchiliklarni tez unutmoqda. Xuddi har doim erkin harakatlangandek kayfiyatda, islohotlarga koʻz yummoqda.

Bu oʻtgan hayotimizdan bir misol. Bunday oʻzgarishlar koʻlamini tahlil qilaversak, katta-katta kitoblarga sigʻmaydi. Prezidentimiz aytganidek, bugun odamlar oʻzgarishlarni oʻz hayotida sezmoqda.

Yaqinda yana vodiyga yoʻlimiz tushdi. Bu gal rulda oʻzim. Bolalarim yonimda. Uyda chiqar ekanmiz, ayolim “pasportlarni olvolaylik”, dedi. Men ham hadik va xavotir aralash bosh irgʻab qoʻydim.

Poytaxtdan uzoqlashib borar ekanmiz, koʻngil xotirjamlik ogʻushiga choʻma boshladi. Purviqor togʻlar bagʻridan oʻtgan tekis va ravon yoʻldan ildamlayotgan mashinamiz magnitofonidan qoʻshiq taraladi: “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”. Ohang ham, soʻz ham dilga xush yoqadi.

Sakkiz yil avval pasportim uyda qolgani uchun yoʻldan qaytarib yuborilgan joydan oʻtyapmiz. Hech qanday nazorat-oʻtkazish punktiga koʻzimiz tushmadi. Harbiylar ham, tekshiruv ham yoʻq. Bu yerda biz uchun faqat achchiq xotira va alam qolgan.

Oʻy-fikrim esa boshqa tomonda: “Xalqimiz kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak”, degan adolatli siyosat samarasi, inson qadri tiklangani manzarasi shu boʻlsa kerak-da.

IKKINCHI TAQQOS: “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi” tamoyili samarasi.

Bugungi tadbirkorlik va boylik mazmun-mohiyati nimalarda aks etadi? Bu haqda Prezidentimiz juda hayotiy taʼrifni aytgan, yangi tendensiyani ilgari surgan, yaʼni iqtisodiyotni jamiyat hayotining tanasiga mengzagan edi.

Agar bu fikrning magʻzini chaqsak, koʻz oldimizda yangi bir hodisa sodir boʻlayotganini anglay boshlaymiz. Gap shundaki, yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy islohotlari, eng avvalo, amaliy natijadorlik kasb etmoqda. Bunda inson manfaatlari bosh maqsad qilib olingani ham xalqimizga bunyodkorlik ruhini bagʻishladi.

Shu oʻrinda yana bir mulohaza tugʻiladi. Davlat xalq bilan davlat boʻladi, iqtidorga keladi. Shunday ekan, davlat, eng avvalo, va umuman, xalqqa xizmat qilishi kerakligi hayotiy haqiqat. Lekin bu haqiqat hamma zamonlarda ham oʻz kuchini koʻrsatolmagan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida taraqqiyotimizning ikkinchi toʻlqinida boshlangan besh yillik maqsadlarimiz batafsil, xalqchil tilda bayon qilingan.

Quvontirayotgan narsa shuki, davlat rahbari ilgari surayotgan har bir tashabbus hayotda oʻz aksini topmoqda. Qatʼiy siyosiy iroda orqali amalga oshirilayotgan bu oʻzgarishlar eng quyi boʻgʻinda ham maromiga yetayotganini koʻrib, dil yayraydi. Zero, oʻsha eng oxirgi bosqichda siz va men kabi inson taqdiri yotibdi.

Shavkat Mirziyoyevning eng katta maslagi – inson qadri har narsadan ulugʻligi. Inson qadri, deganda haligacha koʻp narsalarni tushunib yetganimiz yoʻq, ochigʻi. Chunki bizga shu paytgacha bu tuygʻu nima ekani anglatilmadi, uni tanamizda xis qilmadik.

Tarix toʻla-toʻkis moʻjizalarga boyki, uning zarvaraqlariga yozilayotgan bitiklar oʻlmas manba-hujjatga aylanadi. Shu oʻrinda yana bir voqeani esga olish oʻrinli boʻladi.

...2014-yil. Saraton. Ishxonadan maosh berildi, kayfiyat yaxshi. Kechki payt pulni naqdlashtirib roʻzgʻor kamini toʻldirish ilinjida boʻlamiz. Naqd pul hech kimda yoʻq. Banklar naqdlashtirib bermaydi. Doʻkondan mahsulot olsak, 10 foiz qimmat berardi. Naqd pul zarur boʻlsa, yo doʻkondordan, yoki hamma “obnalshik” deb biladigan birorta “ishbilarmon”dan 30 foizgacha zararingizga olardingiz.

Tushunyapsizmi, oʻzingiz ishlab topgan halol pulning 30 foizidan voz kechib naqdlashtirib olasiz. Boshqa ilojingiz bormi? Dardingizni kimga aytasiz?

Bu ham yaqin oʻtmishdagi gaplar. Yoki siz unutdingizmi, boshingizdan oʻtmaganmi?!

Bugun har qadamda qoʻyilgan bankomatdan kechayu kunduz, emin-erkin pul yechib olayotganda oʻsha damlarni eslab boʻgʻzimga nimadir tiqiladi. “30 foizdan”, degan gap qulogʻimdan ketmaydi.

Pul bilan bogʻliq xuddi shunday yana bir voqea.

Ishxonadan mehnat taʼtiliga chiqib, pulni plastikka tushirib oldim. Oʻsha paytda juda zarur boʻlgani uchun uni xorij valyutasiga almashtirish taraddudiga tushdim.

Koʻpchilik biladiki, oʻsha vaqtlarda bankda valyutaning soʻmga nisbatan kursi bilan “qora bozor” kursi oʻrtasidagi tafovut katta edi.

Joylarda valyuta almashtirish shoxobchalari boʻlardi. Har kuni ertalab bankdan shu kabi shoxobchalarga muayyan miqdorda xorij valyutasi yetkazib berilar, bu mablagʻ esa bank kursida “aholiga” sotilardi. Fahmladingiz, faqat hisobotlardagina aholiga sotildi, deb keltirilardi. Vaholanki, bu yerlarda uyushgan guruhlar boʻlib, barcha valyutani oʻzlari olar, begonalarni yoʻlatmas edi. Bank kursida olgan valyutasini “qora bozor”da ikki barobor qimmatga pullardi.

Buni hamma bilardi, lekin hech kim chora koʻrmas edi. Qisqasi, mehnat taʼtilim pulini valyutaga almashtirish uchun taqillatmagan eshigim qolmagan. Qonuniy va noquniy yoʻllarning barchasini qilib koʻrganman, ammo imkoni boʻlmagan.

Boshidan oʻtkazgan odamlar bu voqealarni unutishga haqqi yoʻq. Zotan, bugun valyutani soʻmga, soʻmni valyutaga erkin almashtirib olayotgan davrga yetib keldik. Bu bank sohasidagi valyutani erkinlashtirish borasidagi birgina jihat, xolos. Tizimdagi islohotlarning tadbirkorlik borasidagi yengiliklari haqida gapirib, adogʻiga yetib boʻlmaydi.

Mana shu yangi islohotlar haqida Germaniyaning “Thüringer Allgemeine” nashri Prezidentimizning dadil siyosatini “Keyingi besh yilda Oʻzbekistonda soat boshqacha yuryapti”, deya sharhlagan edi.

Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga bergan javoblarida bu yoʻnalish boʻyicha bunday degan edi: “Hozirgi vaqtda elektron kartochkadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining “qora bozor”da bir xil, banklarda esa boshqacha boʻlishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega boʻlish, Oʻzbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni roʻyxatga qoʻyish bilan bogʻliq muammolar tarixda qoldi”.

Qisqa va aniq taʼrif. Lekin bunga erishish yoʻlidagi mashaqqatlar, mehnatlar va qiyinchiliklar natijasi bugun koʻz oʻngimizda namoyon boʻlib turibdi.

UCHINCHI TAQQOS: paxta siyosati azoblariga barham berilgani.

“Paxta millatimizga manfaat keltirmadi”. Bu gapni qatʼiy aytish uchun qancha vaqt kerak boʻldi? Qancha ayol, murgʻak qalblar taqdiri paxta dalalarida barbod boʻldi. Paxta deb borimizni berdik, jonimizni berdik. Paxta ekilmasa, odamlar paxta termasa, xalq ochdan oʻladi, deyishgandi. Hech narsa boʻlmas ekan-ku, hayot undan-da farovon boʻlar ekan-ku.

Yuz yillik tizim ikki yilda olib tashlandi. Ha, ikki yilda barchasi bekor qilindi. Lekin shu ikki yil ichida koʻrsatilgan siyosiy iroda va jasorat timsoli tarix zarvaraqlariga yozilishga loyiq, albatta.

...1996-yil. Noyabr. Kuzning soʻnggi kunlari. Har doimgidek sinfdoshlarimiz bilan maktab partasida emas, paxta dalasidamiz. Izgʻirindan sovuq qotgan qoʻllarimizni paxta chanoqlari tilib yuborgan. Boʻm-boʻsh dalada yerga tushib, tuproqqa qorishgan paxtalar changini qoqib etakka solamiz.

Paxta terish majburiy mehnatligini, bu vaqtda biz paxta dalasida emas, maktabda boʻlishimiz kerakligini xayolimizga ham keltirmaymiz. Ota-onamiz, aka-opalarimiz shu ishni qilgan, biz ham davom etamiz.

Odatdagidek, oʻsha kuni ham ertalabdan shirin uyqudan kechib paxta dalasiga “haydaldik”. Uyqu zoʻrlik qilar, ertalabki etni junjiktiradigan salqin havogina badanimizni tetiklashtirardi.

Qoʻshni bolalar bilan dala boshiga yetdik. Doimgidek paxta terimiga kirishib ketdik.

Tush mahali tergan paxtalarimizni topshirdik va ovqatlanib yana terimga tushdik. Bu hol shunchalik oʻrganish boʻlib ketganki, hech kim uni oʻzgartirishga urinib ham koʻrmagan.

Kechga borib dala boshida gʻala-gʻovur boshlanib ketdi. Kimdir yigʻlagan, birov dod, deb oʻzini yerga uradi. Qiziqib hammamiz oʻsha tomonga bordik.

Oʻrtogʻimiz Kamolning onasi paxta gʻarami ustida oʻzini urib yigʻlaydi.

Uyga kelib bildikki, sinfdoshimiz ertalab dala boshida yigʻib qoʻyilgan paxta xirmoni orasida uxlab qolgan. Tushlik vaqti terilgan nam paxtalarni olib kelgan traktor hosilni uning ustiga agʻdarib ketavergan...

Kechga borib bolaning jasadi topilgan.

Rosti, bunaqa misollarni juda koʻp keltirish mumkin. Bu kabi voqealar boshqalarning ham hayotida sodir boʻlgan.

Bugun oʻsha bola vazir boʻlishi mumkin edi. Diplomat, vatan posboni, shifokor, oʻqituvchi, quruvchi boʻlishi mumkin edi. Asosiysi, tirik boʻlardi...

2017-yil. Sentyabr. Talabalar, oʻqituvchilar va shifokorlar paxta dalasidan qaytarildi. Shu paytgacha bu toifadagi fuqarolar ixtiyoriy-majburiy tarzda paxta terimiga jalb qilib kelingan edi.

Bunaqa paxta terimi boʻlmaydi. Birorta maktab, kollej, litsey, byudjet tashkiloti hech qachon paxta termaydi. Dalada paxtang yonib ketsa ham tegintirmayman!”. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻsha yildagi gaplaridan iqtibos.

Bu gaplarni eshitgan barchamizning badanimiz jimirlab ketgan, koʻzlarda yosh qalqigan. Oʻzimizning haqiqiy insoniy qadrimizni sezdik, his qildik. Endi bilsak, davlatimiz rahbari boshchiligida “inson qadri uchun” boshlangan tom maʼnodagi kurashning tamal toshi ekan oʻsha soʻzlar.

Oʻshandan buyon hech bir oʻqituvchi-oʻquvchi, shifokoru muhandis, talabayu jurnalist paxta terimiga chiqqani yoʻq.

Bolalarimiz paxtaga 7-sinfdan chiqardi. Tasavvur qiling, yosh-yosh qizlarimiz 20-25 kilo yukni har kuni koʻtarishga majbur edi. Shu tufayli qancha kasalliklar orttirib olinardi, baʼzi holatlarda uni davolashga ham imkoniyat boʻlmasdi. Vaholanki, ularning qanchadan-qancha orzulari bor edi, ular farzand koʻrishi kerak edi. Endi u kunlarga qaytmaymiz”, dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 31-yanvar kuni ziyolilar bilan uchrashuvda.

Darhaqiqat, oʻsha paytdagi 7-sinf bolalari biz edik, tengdoshlarimiz, akamiz-ukamiz, opamiz-singlimiz edi.

20-25 kilo yukni har kuni koʻtarib xirmonga borgan, emizikli bolasini qari onasiga tashlab, paxta dalasida dard chekkan juvonlar hamsuhbatimiz, hamkasbimiz edi.

Haqiqatan ham, yuz yilgi tizim ikki yilda olib tashlandi. Bugun birorta maktab oʻquvchisi paxtaga borayotgani yoʻq. Albatta, bu ogʻir edi, lekin shu qaror qabul qila olindi.

Boʻlar ekan-ku. Paxtaning kimga keragi bor, u kimga manfaat olib keldi? Millatimizga manfaat olib kelgani yoʻq. Balo, azob olib keldi.

Bugun tom maʼnoda yangi davr boshlandi. Prezidentimiz mutlaqo yangi tizimga asos soldi. Bu odamiylik, insonparvarlik, xalqparvarlik namunasi.

Insonni inson oʻrnida koʻradigan, dardu tashvishlariga quloq soladigan zamon endi keldi. Bugungi hayot shukuhini, atrofimizdagi, hayotimizdagi manzarani oldingi davr ruhi bilan solishtirishning fursati emas. Vaqt — yugurik. Fursat esa kutib turmaydi.

Hozir aynan shunday fursat. Zamon tahlikali, omonot dunyo ekanini his qilish uchun uzoq mushohada yuritish shart emas, yaqin-yiroq mamlakatlardagi hodisalarni tahlil qilishning oʻzi kifoya. Shunday ekan, yurtimizda boshlangan katta islohotlarga har birimiz xayrixoh boʻlishimiz, bir-birimizga doʻst boʻlib, hamjihatlikda olgʻa ildamlashimiz kerak boʻladi.

Zero, bu dunyoda har bir ishga taʼrif bor. Agar yangi Oʻzbekistonda kechayotgan oʻzgarishlar haqida gap ketsa, uning taʼrifi juda maroqli va zalvorli: jamiyatda tafakkur epopeyasi roʻy bermoqda. Bu mardonavor yuksalish yoʻli bilan uygʻun hodisa. Ana shu yoʻl barchamizni, koʻp millatli xalqimizni yangi marralar sari chorlab turadi.

Abu Bakir OʻROZOV,

jurnalist