Tahlil: Oʻzbekistonda uy-joy savdosi 1 oyda 30 foizga oshgan

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil avgust oyida koʻchmas mulk bozoridagi holatni tahlil qildi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozoridagi talab hamda oʻzgarishlari doimiy tahlil qilib keladi. Navbatdagi tahlil avgust oyida Oʻzbekistonda uy-joy savdosi 30 foizga oshganini koʻrsatdi.

    Bu ipoteka kreditlash hajmi keskin oʻsishi bilan izohlanmoqda. Yaʼni, kreditlash hajmi barcha hududlarda sotuvlarning ijobiy dinamikasiga taʼsir koʻrsatdi.

    Avgust oyida Oʻzbekistonda koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 26,5 mingtani tashkil etdi, bu joriy yilning iyul oyiga (20,3 ming) nisbatan 30 foizga (+6,2 ming) koʻp. Shuningdek, yil boshidan buyon uy-joy savdosining oʻsishi 8,5 foizni (172,7 ming) tashkil etdi.

    Avgust oyida ipoteka kreditlash hajmi iyul oyiga nisbatan 37 foizga keskin oʻsishi (1,1 trillion soʻmdan 1,5 trillion soʻmgacha) barcha hududlarda savdo hajmining ijobiy dinamikasiga taʼsir koʻrsatdi.

    2021-yil avgust oyi bilan taqqoslaganda koʻchmas mulk oldi-sotdi boʻyicha shartnomalar soni 22 foizga (4,7 mingta) oshdi.

    Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oʻzgarishi qanday?

    Hisob-kitoblarga koʻra, joriy yil avgust oyida ikkilamchi bozorda uy-joy oʻrtacha narxlari oʻsishi oyiga 0,5 foizni tashkil etdi (iyun oyida – 2,7 foiz, iyul oyida – 2,5 foiz).

    Uy-joy narxining sezilarli oʻsishi Xorazm (6,1 foiz), Qashqadaryo (1,9 foiz) va Fargʻonada (1,8 foiz) kuzatilmoqda. Aksincha, pasayishi esa Surxondaryo (5,3 foiz), Andijon (2,1 foiz), Sirdaryo (1,2 foiz) va Navoiyda (1,1 foiz) qayd etildi.

    Toshkent shahrida ikkilamchi koʻchmas mulk bozorida narxlar oʻsishi biroz sekinlashdi va 1,4 foizni tashkil etdi (iyun oyida 2,4 foiz, iyul oyida 2,9 foiz). Uy-joy narxining eng katta oʻsishi Chilonzor, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida qayd etildi. Sergeli tumanida narxlar pasayishi kuzatildi.

    Shu bilan birga, yil boshidan buyon poytaxtda uy-joy oʻrtacha narxi 13 foizga (respublika boʻyicha 7 foiz) oshdi. Bu uy-joyga boʻlgan talabning, shu jumladan, chet el fuqarolarining kirib kelishi koʻpayib borayotgani bilan izohlanadi.

    Darya Miroshnikova,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi