— Eldor Sobirjonovich, suhbatimizni davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasiga muvofiq “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgani va uning natijalari asosida ushbu hujjatda aks etgan oʻzgarishlar mazmun-mohiyatidan boshlasak. Avvalo, strategik hujjatni qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish zaruratini izohlab bersangiz.
— Hayot doimiy harakat va oʻzgarishda: jamiyat ehtiyojlari izchil kengayib, global iqtisodiy, texnologik hamda geosiyosiy jarayonlar davlatlar oldiga mutlaqo yangi talab va chaqiriqlarni qoʻymoqda. Bunday dinamik sharoitda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini real holat, aholi ehtiyojlari hamda jadal oʻzgarayotgan global tendensiyalardan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish obyektiv zarurat sifatida namoyon boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbari 2025-yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida oʻtgan davrda mamlakatimizda erishilgan ulkan natijalar, istiqbol uchun belgilanayotgan yangi ustuvor vazifalar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqishni taqozo etayotganini, yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi zarurligini taʼkidlagan edi.
Shu bilan birga, strategiyani amalga oshirishning dastlabki bosqichida toʻplangan amaliy tajriba ayrim maqsad va vazifalarni yanada aniqlashtirish, ularni yillar kesimida rejalashtirish, moliyalashtirish manbalari hamda ijro uchun masʼuliyatni ochiq va shaffof belgilash talabini yuzaga keltirdi. Keng jamoatchilik muhokamasi, hududlardan kelib tushgan takliflar va ijro jarayonida aniqlangan omillar strategiyani takomillashtirishga ehtiyojni yanada kuchaytirdi.
Shundan kelib chiqib, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi 2025-yil 29-dekabrdan 2026-yil 28-yanvarga qadar bir oy davomida keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazildi.
— Aholining ushbu muhokamadagi ishtiroki, faolligini qanday baholaysiz? Muhokamada jamoatchilik koʻproq qaysi yoʻnalishlarga eʼtibor qaratgani ham juda muhim. Shu omillarni hisobga olganda u avvalgi taraqqiyot dasturlaridan qaysi jihatlari bilan farqlanadi?
— Bu borada eng muhim va asosiy tamoyillardan biri — strategiyaning xalq bilan maslahatlashuv asosida takomillashtirilgani. Chunki jamoatchilik fikrini oʻzida aks ettirgan hujjatgina hayotiy va samarali boʻladi. Eng koʻp taklif taʼlim, ekologiya, raqamlashtirish, energetika, transport sohalari boʻyicha tushgan.
Agar ustuvor yoʻnalishlar kesimida tahlil qilsak, “Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” yoʻnalishidagi maqsadli koʻrsatkichlar koʻproq qiziqish uygʻotgan. Lekin bu holat aholining boshqa yoʻnalishlarga eʼtibori nisbatan sust boʻldi, degani emas, albatta. Xususan, “Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash”, “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish”, “Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish”, “Mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish” yoʻnalishlarida ham bildirilgan taklif va mulohazalar salmoqli boʻldi.
Yangi tahrirda tayyorlangan hamda jamoatchilik muhokamasidan oʻtgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi amaldagi mazkur hujjatning mantiqiy davomi. Endi unda belgilangan 100 ta maqsadning ijrosini 2030-yilgacha boʻlgan davrda yillar kesimida aniq mezonlar asosida baholash imkoniyati yaratildi.
Yangi tahrirdagi strategik hujjatda har bir aniq maqsad va vazifa boʻyicha masʼul davlat organi yoki tashkilot ochiq-ravshan belgilangan. Shuningdek, ularni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy manbalar, resurs va ijro muddatlari aniq koʻrsatilgan. Bu esa strategiyaning umumiy niyatlar va deklarativ maqsadlar majmuasidan aniq ijro mexanizmlari, javobgarlik va hisobdorlikka asoslangan amaliy dasturga aylanishini taʼminlaydi.
Bu borada, avvalo, soha mutaxassislarining fikri alohida eʼtiborga olindi. Muhokama portalida ham, ommaviy axborot vositalarida ham sohaning koʻplab bilimdonlari strategiya loyihasidagi kamchiliklarni koʻrsatib berdi. Ular asosida vazirlik va idoralarga murojaat qilinib, qoʻshimcha koʻrsatkichlar shakllantirildi.
— “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi juda keng qamrovli va xalq manfaatlari asosida ishlab chiqilgan hujjat. Uni amalga oshirishda ham asosiy ishtirokchi xalq. Shu maʼnoda, yaʼni oddiy fuqarolar nuqtayi nazaridan qaraganda aholining turmush darajasini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kundalik hayotida qanday ijobiy oʻzgarishlarni taʼminlash koʻzda tutilgan?
— Strategiyaning yana bir muhim jihati — har bir fuqaro uchun tushunarli, hayotiy va amaliy boʻlishiga qaratilganida. Har bir yurtdoshimiz unga nazar solib, “Bu hujjat menga nima beradi, hayotimni yanada yaxshilashga qanday xizmat qiladi, oilam va farzandlarim kelajagi uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?” kabi savollarga aniq va ishonchli javob topa olsin. Yaʼni strategiyaning abstrakt shiorlardan iborat emas, balki har bir inson hayotida bevosita seziladigan, kundalik turmushida koʻrinadigan aniq oʻzgarishlar manbai boʻlishi koʻzda tutilgan.
Bu muhim hujjatda belgilangan oʻrta muddatli maqsadlar va samaradorlik koʻrsatkichlari yangi iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik chaqiriqlar, shuningdek, xalqaro maydondagi oʻzgarishlarga mos yangilanyapti.
Bunda strategiya ijrosini monitoring qilish tizimini toʻliq raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Vazifalarning ijro holatini real vaqt rejimida shaffof kuzatish aniq maʼlumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish imkoniyatini yaratadi.
Agar amaldagi strategiyada asosiy maqsad va ustuvor yoʻnalishlar belgilab berilgan boʻlsa, takomillashgan tahrirda har bir maqsad aniq yillik indikatorlar bilan bogʻlangan. Yaʼni 2026-2030-yillarda qaysi koʻrsatkichga qachon erishilishi, buning uchun qanday moliyaviy manbalar jalb etilishi hamda qaysi vazirlik yoki idora masʼul ekani aniq belgilab qoʻyildi.
Qisqasi, takomillashgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi, ochiq, izchil va amaliy dastur sifatida mamlakat taraqqiyotida mutlaqo yangi sahifani ochmoqda.
— 2030-yilgacha moʻljallangan strategiya doirasida iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish hamda investitsiya va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha asosiy maqsad va vazifalar, rejalarni izohlab bersangiz.
— Mamlakatimiz yetakchisi yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot formulasi sifatida iqtisodiyotni jamiyat hayotining tanasi sifatida taʼriflagandi. Iqtisodiyotning tarkibiy oʻzgarishi, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish va aholi daromadining barqaror oʻsishini taʼminlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Asosiy maqsad — 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini kamida ikki baravar oshirish, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni 5800 dollarga yetkazish hamda Oʻzbekistonni “daromadi oʻrtachadan yuqori davlatlar” qatoriga kiritishdan iborat.
Jumladan, 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot qiymatini 240 milliard dollarga yetkazish, inflyatsiya darajasini 5-6 foiz atrofida barqarorlashtirish, konsolidasiyalashgan byudjet taqchilligini YAIMga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik hamda davlat qarzini 50 foizdan yuqori boʻlmagan darajada ushlab turish rejalashtirilgan. Bu choralar iqtisodiyotning tashqi iqtisodiy shok — mamlakat iqtisodiyotiga tashqaridan (xalqaro bozorlar, geosiyosat) taʼsir etuvchi, kutilmagan va noxush oʻzgarishlar (narxlar sakrashi, logistika uzilishi)ga chidamliligini oshirib, ijtimoiy dastur va infratuzilma loyihalarini uzluksiz moliyalashtirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yoʻnalish — soliq-byudjet va moliyaviy boshqaruv tizimi islohoti haqida gapirmaslikning iloji yoʻq. Jumladan, soliq tushumlarining YAIMdagi ulushini 17,3 foizgacha oshirish va bojxona tushumlarining YAIMdagi ulushini 4,4 foizdan kam boʻlmasligini taʼminlash koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, 52 ta vazirlik va idorani toʻliq “dasturiy byudjetlashtirish” tizimiga oʻtkazish orqali davlat xarajatining samaradorligi oshiriladi, byudjetdagi har bir soʻmning aniq natija berishi taʼminlanadi.
Sanoatni rivojlantirish va yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish strategiyaning markaziy yoʻnalishlaridan. 2030-yilga qadar sanoatda texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2,5 baravar oshirish, sanoatda qoʻshilgan qiymat hajmini 36,5 milliard dollardan 60 milliard dollarga yetkazish hamda 1,8 million yuqori daromadli ish oʻrinlarini ochish rejalashtirilgan. Ishlab chiqariladigan yengil avtomobillar sonini 1 milliontaga yetkazish, mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika sohalarini rivojlantirish orqali iqtisodiyotning yangi “drayver” tarmoqlari shakllantiriladi. Bu esa yoshlar bandligini taʼminlash va hududlarda iqtisodiy faollikni oshirishda juda muhim.
Yangi strategiyada “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishga ham alohida eʼtibor qaratilgan, maqsad va rejalar aniq raqamlarda aks etgan. Xususan, 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy quvvatini 25 ming megavattga yetkazish, ularning elektr energiyasi generatsiyasidagi ulushini 54 foizga chiqarish hamda issiqxona gazlari intensivligini 2010-yil darajasiga nisbatan 35 foiz qisqartirish belgilangan. Bu ekologik barqarorlik bilan birga energiya xavfsizligi va uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydi.
Umuman olganda, yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi faqat ulkan raqamlar yoki rejalar yigʻindisi emas. U har bir fuqaroning hayot sifati, barqaror ish oʻrinlari, daromadlar oʻsishi va kelajakka ishonchni mustahkamlashga qaratilgan kompleks dasturdir.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun esa inson kapitali rivoji, sogʻliqni saqlash, taʼlim sifati, ijtimoiy himoya, bandlikni taʼminlash va raqamli xizmatlarni keng joriy etish kabi yoʻnalishlarga alohida urgʻu berilgan.
— Davlat boshqaruvi tizimini raqamlashtirish jarayoni jadallashib borayotgan bir sharoitda davlat xizmatlarini raqamli formatga oʻtkazish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish, idoralararo axborot almashinuvini kuchaytirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun xizmatlardan foydalanishni yanada sodda va qulay qilish borasida qanday ustuvor maqsad va aniq vazifalar belgilangan?
— Davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasida belgilangan maqsadlar, avvalo, aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonini yanada sodda, tezkor va qulay shaklga oʻtkazishga qaratilgan. Ushbu yoʻnalishda elektron shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish vazifasi belgilangan. Bu esa xizmatlarning asosiy qismini masofaviy va raqamli mexanizmlar orqali taqdim etish, inson omilini qisqartirish, maʼmuriy jarayonlarni soddalashtirish hamda xizmatlardan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Shu bilan birga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mobil ilovasida joriy qilingan xizmatlarning yagona portaldagi xizmatlarga nisbatan ulushini 90 foizga yetkazish belgilangan. Bu davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini nafaqat veb-portal, balki mobil platformalar orqali ham kengaytirishni nazarda tutadi.
Davlat xizmatlarining 20 foizini xususiy sektorga oʻtkazish orqali davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, xizmat koʻrsatishda raqobat muhitini shakllantirish va aholiga yanada sifatli servis taklif etish maqsad qilingan. Bu esa davlatning barcha jarayonni bevosita amalga oshiruvchi emas, balki tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi subyekt sifatidagi rolini kuchaytiradi.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida 110 dan ortiq maʼlumot va hujjatlarni talab qilishni bekor qilish vazifasi ham qoʻyildi. Bu davlat organlari ixtiyorida mavjud maʼlumotlarni fuqarolardan qayta talab qilmaslik, idoralararo axborot almashinuvini kuchaytirish va ortiqcha hujjatbozlikni qisqartirishga xizmat qiladi.
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish mamlakatni zamonaviy, samarali va shaffof boshqaruv tizimiga olib chiqishning muhim omili sifatida belgilangan. Davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali xizmatlar sifatini oshirish hamda aholi va biznes uchun qulay raqamli muhit yaratish maqsad qilingan.
Strategiyaga muvofiq, davlat organlari faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, davlat xizmatlarini elektron shaklda taqdim etish koʻlamini kengaytirish va ularning shaffofligi hamda tezkorligini taʼminlash choralari koʻrilayotir. Bu orqali aholi va tadbirkorlar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish jarayoni soddalashtirilib, byurokratik toʻsiqlar yanada kamaytiriladi.
Raqamli texnologiyalarni sanoat, moliya, savdo, transport va boshqa tarmoqlarga joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va innovatsion xizmatlar ulushini kengaytirish milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ijtimoiy sohalarda raqamli texnologiyalarni keng qoʻllash ham ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Masalan, tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish koʻlamini 2030-yilga qadar 100 foizga yetkazish, elektron tibbiy kartalarni joriy etish va raqamli sogʻliqni saqlash yagona platformasini toʻliq ishga tushirish koʻzda tutilgan.
Qisqasi, davlat xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, tibbiyot va ijtimoiy xizmatlar sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali davlat boshqaruvi samaradorligi oshirilib, aholi va biznes uchun qulay raqamli muhit barpo etilishi kutilmoqda.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning muhim omillaridan. Chunki shu orqali investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy sektor faolligini kuchaytirish va tadbirkorlikni ragʻbatlantirishga qaratilgan qator yangi mexanizmlar qoʻllanadi. Bu yoʻnalishda aniq raqam va maqsadlarni keltirib oʻtaman.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini yillik oʻrtacha 7 foiz oshirish, qimmatli qogʻozlar bozorida erkin muomaladagi savdolar hajmini 8 milliard dollarga yetkazish va davlat ishtirokidagi 40 ta korxonani “Xalq IPO”siga chiqarish rejalashtirilgan. Bu orqali aholining investitsiya jarayonidagi ishtirokini kengaytirish va kapital bozorini rivojlantirishga erishiladi.
Shu bilan birga, strategiyada davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor rolini kuchaytirish koʻrsatilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish va raqobat muhitini kengaytirish orqali iqtisodiyotda xususiy biznesning ulushini oshirish maqsad qilingan. Bu esa bozor mexanizmlari yanada samarali ishlashini taʼminlash va xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushini 85 foiz oshirish imkon beradi.
Strategiyada tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash alohida oʻrin egallagan. Jumladan, tadbirkorlik subyektlari uchun maʼmuriy toʻsiqlarni qisqartirish, litsenziya va ruxsatnomalar berish tartibini soddalashtirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali biznes yuritish jarayonlarini yengillashtirish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun infratuzilmani rivojlantirish ham muhim yoʻnalish sifatida belgilangan. Sanoat zonalari, erkin iqtisodiy zonalar va texnoparklar faoliyatini kengaytirish, transport va logistika infratuzilmasini yaxshilash orqali investorlar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish hududlarda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.
Xorij investitsiyasini jalb qilish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar bu boradagi muhitni yaxshilash, kapital bozorni rivojlantirish, davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor rolini kuchaytirishga qaratilgan. Bu chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotida tadbirkorlik faolligini oshirish, yanada koʻp yangi ish oʻrinlarini ochish hamda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda gʻoyat muhim.
— Biz soʻz yuritayotgan bu muhim hujjat mamlakatimizning tashqi siyosat yoʻnalishini ham qamrab oladi. Unda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzini mustahkamlash, tashqi siyosiy faoliyatni yanada samarali tashkil etish yuzasidan belgilangan yangicha yondashuvlar haqida nimalar deya olasiz?
— Yangilangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatini xalq va davlat manfaatlari yoʻlida izchil amalga oshirish, Markaziy Osiyoda amaliy hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, anʼanaviy hamkorlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirishni nazarda tutadi.
Bu boradagi maqsadlarga erishish uchun yillar kesimida aniq chora-tadbir va maqsadlar belgilangan. Jumladan, Oʻzbekiston fuqarolari vizasiz kirishi mumkin boʻlgan mamlakatlar sonini 50 taga, soddalashtirilgan tartibda kirish mumkin boʻlgan davlatlarni esa 60 taga yetkazish, xorijiy davlatlardagi diplomatik va konsullik vakolatxonalarimiz orqali konsullik xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini 60 mingtaga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa vatandoshlarni tizimli qoʻllab-quvvatlash hamda xorijda mehnat faoliyatini yuritayotgan fuqarolarga har tomonlama koʻmaklashishni nazarda tutadi.
Shuningdek, tashqi siyosiy faoliyatning savdo-iqtisodiy va diplomatik jihatlariga alohida eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va Afgʻoniston bilan oʻzaro savdo hajmini 15 milliard dollargacha oshirish, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar tarmogʻini 65 tagacha kengaytirish, faxriy konsulliklar sonini 30 taga yetkazish hamda Jahon savdo tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va dunyoning boshqa muhim mintaqalaridagi davlatlar bilan strategik hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Amerika qitʼalari bilan savdoni kengaytirish, investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish, global ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlariga qoʻshilish, transport va logistika koridorlarini rivojlantirish koʻzda tutilgan.
Umuman olganda, yangilangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasidagi maqsad va vazifalar mamlakatning tashqi siyosatini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli yondashuvni oʻzida aks ettiradi. Bu esa mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va hamkorlik koʻlamini rivojlantirishga xizmat qiladi.
— Amaliyot shuni koʻrsatadiki, qabul qilingan davlat dasturlari va strategiyalarning ijrosi ayrim hollarda kutilgan darajada taʼminlanmay qolishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, belgilangan maqsad va vazifalarning toʻliq va samarali ijrosini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish borasida qanday mexanizm va institutsional instrumentlar nazarda tutilgan?
— Ha, qabul qilingan davlat dasturlari va strategiyalarning ijrosi obyektiv sabablarga koʻra kutilgan natijani bermasligi ham mumkin. Shu bois, belgilangan vazifalarning toʻliq va samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida zamonaviy monitoring va baholash tizimlari joriy etilmoqda.
Xususan, har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha aniq indikatorlar, maqsadli koʻrsatkichlar va amalga oshirish muddatlari belgilab qoʻyildi. Bajarilayotgan ishlar yuzasidan muntazam tahlil va hisobotlar tayyorlanadi, natijalar asosida zarur hollarda qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilanadi.
Shu bilan birga davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligi, parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali strategiya ijrosining shaffofligi va samaradorligi taʼminlanadi. Raqamli boshqaruv va nazorat platformalari joriy etiladi.
— Belgilangan barcha ustuvor maqsad va vazifalar izchil va toʻliq amalga oshirilsa, 2030-yilga borib, Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti, ijtimoiy sohalar rivoji hamda aholi turmush darajasida sifat jihatidan qanday yangi oʻzgarishlar kutilmoqda?
— “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan barcha ustuvor maqsad va vazifalar izchil amalga oshirilsa, siz taʼkidlagan muddatga borib, mamlakat taraqqiyoti sifat jihatdan yangi bosqichga chiqadi. Bunda, avvalo, milliy iqtisodiyotning barqaror oʻsishi taʼminlanib, yuqori qoʻshimcha qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlari, innovatsion texnologiyalar va raqamli iqtisodiyotning ulushi sezilarli darajada ortadi.
Shu bilan birga, yangi ish oʻrinlari ochilishi, aholi daromadi oshishi va kambagʻallik darajasining izchil qisqarishi aholi turmush darajasining sezilarli yaxshilanishiga xizmat qiladi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlaridagi islohotlar natijasida aholi uchun sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengayadi. Natijada Oʻzbekiston mintaqada iqtisodiy jihatdan raqobatbardosh, investitsiyalar uchun jozibador va inson kapitali yuqori zamonaviy davlat sifatida oʻz pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi. Bularning barchasi xalqimizni taraqqiyot yoʻlidagi umumiy maqsad atrofida jipslashtiradi. Ezgu orzular roʻyobi, qadamma-qadam erishadigan yutuqlarimiz yurtimizning har bir fuqarosi hayotida aks etadi.