Talaba parlament raisi boʻldi

    Keyingi avlod 10 Avgust 2020 6102

    Oʻzbekistonda Yoshlar parlamenti oʻz faoliyatini boshladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Yoshlar masalalari agentligi hamkorligida tashkil etilgan yangi tuzilmaning birinchi yigʻilishi onlayn formatda boʻlib oʻtdi. Unda Yoshlar parlamentining kelgusi faoliyatiga doir tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.

    Yoshlar parlamenti quyi palataning maslahat organi boʻlib, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan jami 250 nafar deputatdan tashkil topgan. Shundan 46 nafari Yoshlar parlamenti Respublika komissiyasining tavsiyasiga asosan tayinlangan, qolgani xalq deputatlari shahar (tuman) kengashlarining vakili hisoblanadi.

    Dastlabki yigʻilishda Yoshlar parlamentining raisi saylandi. Ushbu masʼuliyatli vazifaga Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Jamshid Boboyev loyiq topildi.

    Jamshid 1994-yilda Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida tugʻilgan. Ayni vaqtda jinoiy odil sudlov fakultetining 4-bosqichida tahsil oladi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotining kurs yetakchisi. BMT Taraqqiyot dasturi, USAID xalqaro tashkilotlari loyihalarida ishtirok etgan. Oʻqish barobarida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ham ishlab kelmoqda.

    Yoshlar parlamentining tuzilishini men yurtimiz qonun ijodkorligi sohasidagi unikal hodisa, deb bilaman — qayd etdi J.Boboyev. — Bugundan boshlab koʻp millionli Oʻzbekiston yoshlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi ishonchli vakiliga aylandim. Zimmamdagi vazifalar zalvorini toʻliq his qilib turibman. Biz, deputatlar yoshlarning qonuniy manfaatlarini ifoda etib, talab-istaklarini hukumatga yetkazishimiz, muammolari yechimida koʻmaklashishimiz kerak. Ishonamanki, Yoshlar parlamenti oʻzimiz uchun-da katta maktab boʻladi. Illo, kelgusida qonunchilik jarayonida bevosita ishtirok etib, huquqiy ongimizni oshiramiz, siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmamizni amalda boyitamiz. Shaxsan oʻzim uchun bu yurt koriga yarash, Prezidentimiz boshlagan ulkan islohotlarga kamarbasta boʻlish uchun qulay imkoniyatdir.

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi