“O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK tomonidan tashkil etilgan ochiq eshiklar kunida OAV xodimlari shu kabi savollarga javob oldi.
2021-yil 2-iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi farmoni va “O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori e'lon qilingan edi. Ushbu hujjatlarga ko'ra tizimni tubdan isloh qilish va sohani rivojlantirishga oid vazifalar belgilangan bo'lib, “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DKga ham bir qator yo'nalishlarda islohotlarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
— Akkreditatsiya yurtimizda nisbatan yangi yo'nalishlardan hisoblanadi, — dedi “O'zbekiston Akkreditatsiya markazi” DK direktori Ansabxon Zokirov. — 1994-yildan mahsulotlarni sertifikatlashtirish tizimi amaliyotga kirib keldi. Sertifikatlashtirish — muvofiqlikni baholashning bir turi bo'lib, mahsulotning sifat talabiga qanchalik javob berishini ko'rsatadi. Tashkilotimiz ana shu muvofiqlikni baholashni amalga oshiradigan idoralar, xususan, sinov laboratoriyalari va sertifikatlashtirish idoralarini akkreditatsiyadan o'tkazishni amalga oshiradi. Ya'ni, yuqoridagi kabi idoralarning etarli kompetintetlikka asosan faoliyat yuritishi Akkreditatsiya markazi tomonidan tasdiqlanadi. Bugungi kunda yurtimizda 400 dan ortiq akkreditatsiyadan o'tgan muvofiqlikni baholash organlari bo'lib, shundan 289 tasi sinov laboratoriyalari, 100 tasi metrologiya laboratoriyalari, 70 tasi mahsulotlarga nisbatan sinov laboratoriyalari hisoblanadi.
Ochiq eshiklar kunida “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK tomonidan bu yo'nalishda olib borilayotgan ishlar batafsil so'zlab berildi. Jumladan, tizimda farmon va qaror ijrosi yuzasidan islohotlar amalga oshirilishi natijasida “xabardor qilish” vazifasi bo'yicha 4 ta sinov laboratoriyalari va 2 ta sertifikatlash organi Markazni xabardor qilishi uchun imkoniyat yaratiladi. “Majburiy attestatsiyani bekor qilish bo'yicha” 596 nafar ekspert-auditorlar va 6152 nafar sertifikatlangan xodimlar uchun majburiy sertifikatlashtirish talabi bekor qilinadi. Muvofiqlikni baholashdagi tashqi ko'rikni o'tkazish uchun akkreditatsiya olish talabi bekor qilinishi natijasida esa 268 ta laboratoriyada 52 tadan ko'rsatkich qisqartiriladi. Bu esa akkreditatsiya olish uchun sarflanadigan mablag'ning iqtisod qilinib, 1,26 mlrd so'm laboratoriya ixtiyorida qolishiga zamin yaratadi. Monopoliyaga chek qo'yilishi natijasida esa turizm, urug'chilik, ekologiya va dori vositalari yo'nalishlarida o'zaro teng sharoitdagi raqobat platformasi yaratiladi.
Jurnalistlar amaliy jarayonga bevosita guvoh bo'lish maqsadida “O'zbek-Turk test markazi” MCHJda bo'ldi. Ushbu korxona xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a'zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiya qilingani haqida “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DKni xabardor qilgan. Obyektda majburiy attestatsiya va tashqi ko'rik bekor qilingan.
Ma'lumot uchun, “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK O'zbekiston Respublikasining muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o'tkazish bo'yicha yagona vakolatli organ xisoblanib, ISO/IEC 17011:2017 talablariga muvofiq faoliyat olib boradi. 2021-yilning boshidan buyon Markaz tomonidan 120 ta buyurtmalar ko'rib chiqilgan, 32 ta muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiyadan o'tgan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri