Taʼlim – tarbiyaga birdek masʼulmiz

    Yurtimizda dunyoni yangicha idrok etadigan, millat gʻururi va haq-huquqi uchun kurashadigan, oʻz taqdirini xalqi, Vatani taqdiri bilan bir deb bilib faoliyat koʻrsatayotgan yangi avlod shakllanmoqda.

    Jahonda boʻlayotgan voqea-hodisalar har birimizdan yangicha fikrlashni talab qilmoqdaki, bu falsafiy tafakkurning uzluksiz yangilanib borishi negizida amalga oshadigan jarayondir.

    Yangicha fikrlash dunyo manzarasini ongu tafakkurimizda qaytadan kashf qilish emas, aksincha, bilim va tafakkur kuchi bilan oʻz dunyoqarashimizda uni ilmiy-ijodiy aks ettirish demakdir. Tafakkur – inson aql-zakovati, uning voqea-hodisalar ichida adashib ketmasligi uchun yoʻl koʻrsatuvchi mashʼala. Shuning uchun ham yurtimizdagi har bir insonning, ayniqsa yoshlar ongu tafakkurini shakllantirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Tafakkurni shakllantirish orqali esa inson oʻzini anglaydi.

    Bu jarayonda mustaqillik tafakkurini shakllantirish, dunyoga yangicha yondoshuv, teran aql va tafakkur kuchi bilan voqea va hodisalarni baholay oladigan, masʼuliyat hissini chuqur anglab, loqaydlik va befarqlikka qarshi tura oladigan yosh avlod tarbiyasi masalasi ushbu muammoni hal etishning muhim omilidir. Shubhasiz, bugungi kunda ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan maʼnaviy-mafkuraviy, axloqiy-tarbiyaviy ishlarimiz oʻz samarasini bermoqda. Ayniqsa, bugungi kunda keng jamoatchilik orasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilk bor “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririning savollariga javoblarini aniq-ravshan bayon qilish orqali gʻoyaviy eʼtiqodni va mafkuraviy sobitlikni shakllantirish muhim vazifa oʻtayotganini koʻrishimiz mumkin. Davlatimiz rahbari intervyuda taʼkidlaganidek, barcha islohotlar xalqimiz farovonligi va ularga munosib turmush sharoitini yaratish uchun xizmat qilayotganini alohida taʼkidlash lozim.

    Aytish mumkinki, mazkur suhbatda “Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir”, deb taʼkidlashi bugungi va yaqin kelajakdagi maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlarimiz yoʻnalishlarini belgilab bermoqda.

    Shu oʻrinda aytish kerakki, yoshlarimizning maʼnaviy – axloqiy turmush tarzining kamolot darajasi bevosita ajdodlar madaniy merosini chuqur oʻrganish, falsafiy mushohada qilish va undan ijodiy foydalana olish qobiliyati bilan aniqlanadi. Suhbat mobaynida bildirilgan “...oʻtgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz “jadidchilik”, yaʼni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-maʼrifat va milliy oʻzlikni anglash gʻoyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ulugʻ zotlarning maqsadi – jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilgʻor kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yoʻliga olib chiqishdan iborat edi”, degan fikrlari mustaqillik yoʻlida ezgu maqsadlarimiz ifodasi hamda tayanchi boʻlgan yosh avlod tarbiyasida ibrat maktabi boʻladi.

    Qaysiki, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur oʻrganib, ularga tayanib, milliy taraqqiyot yoʻlimizni yangi bosqichda davom ettirish kerakligi Prezidentimiz tomonidan ustuvor vazifa etib belgilanmoqda. Suhbatda taʼkidlaganidek, “...har qaysi xalq hayotidagi maʼnaviy uygʻonish jarayonlari milliy oʻzlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtaradi...”.

    Dunyoning chegarasi boʻlmagani singari, inson bilimi va imkoniyatlariga xam chegara qoʻyib boʻlmaydi. Shu maʼnoda suhbatda taʼkidlanganidek, “... farzandlari doimo izlanish va intilishda boʻlgan, yuksak marralarni koʻzlab, oldinga qarab intiladigan xalq va davlat oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga albatta yetadi. Chunki bunday harakatlar ertaga qudratli toʻlqinga aylanib, hayotimizni bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshi va obod qilish, ongu tafakkurimizni yuksaltirishga olib keladi”. Bugun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalash nihoyatda dolzarb masalalardan biridir.

    Darhaqiqat, yurtimizda dunyoni yangicha idrok etadigan, millat gʻururi va haq-huquqi uchun kurashadigan, oʻz taqdirini xalqi, Vatani taqdiri bilan bir deb bilib faoliyat koʻrsatayotgan yangi avlod shakllanmoqda. Ular ham ajdodlar maʼnaviy merosini ham umumbashariy qadriyatlarni barobar oʻzlashtirmoqda. Maʼnaviyat insonning maʼlum darajadagi jismoniy, aqliy, axloqiy va ruhiy balogʻati va dunyoqarashini ifodalovchi tushunchadir. Shu nuqtayi nazardan, yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, yurtimizda milliy madaniyatni yanada rivojlantirish yoʻlida barcha birdek masʼul boʻlishi lozim.

    Salohiyatli mutaxassis kadrlar Oʻzbekistonning ertangi kunini, millat kelajagini belgilaydi. Shu bois, zamon talablariga javob beradigan yuksak madaniyatli, bilimdon yoshlarni tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanishi, oʻz navbatida “Uchinchi Renessans” poydevorini qurish yoʻlida bel bogʻlagan Yangi Oʻzbekiston uchun bu juda muhimdir.

    Bu jarayon uzluksiz milliy taʼlim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarini uygʻun va mutanosib rivojlantirishga alohida eʼtibor berishni taqoza etmoqda. “...Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan gʻoya asosida maktab taʼlimi tizimida ham katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida va hududlarimizda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni koʻpayib bormoqda” degan fikrlari yoshlarga har tomonlama keng yoʻl ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini taʼminlash, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarish, hayotda oʻz oʻrnini topishiga yordam berish Prezidentimiz diqqat markazida ekanligi eʼtiborimizni tortmoqda. Bu yoʻlda katta hayotga ulkan orzular bilan kirib kelayotgan yoshlarga tobora koʻproq imkoniyatlar yaratish, ularning oliy taʼlimga qamrovini kengaytirish, oʻqishi, maʼnaviyatini toʻgʻri shakllanishi, tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish uchun zarur boʻlgan ishlar amalga oshirilyapti.

    Jumladan, yurtimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarni Samarqand davlat chet tillar instituti miqyosidagi oddiy bir misol bilan ifodalasak. Hozirda Samarqand viloyati xalq taʼlimi tizimidagi 49 ta tayanch va 9 ta tajriba-sinov maktablarida tabiiy fanlarni chet tilida oʻqitish, uzluksiz taʼlim tizimining keyingi uzviy bosqichi boʻlgan kasb-hunar kollejlarida chet tili taʼlimini yangi sifat bosqichiga koʻtarish borasida institutimiz tomonidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oqdaryo Pedagogika kollejida va Narpay tumanidagi 32-oʻrta maktabda hamda qator boshqa taʼlim markazlarida institutimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan seminar va konferensiyalarda oʻrta maktab va kasb-hunar kollejlari oʻqituvchilariga chet tillarini oʻqitishda amaliy-uslubiy koʻmak berish, oʻqitish uslublari va mazmuniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni jadal va samarali tatbiq etish, yangi, xalqaro standartlarga mos oʻquv adabiyotlarini yaratish va amaliyotda qoʻllash, oʻrta maxsus taʼlim tizimi subyektlari uchun nofilologik fanlarni chet tillarda olib boradigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash kabi dolzarb masalalar muhokama etilib, tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu borada institutda tashkil etilgan Til oʻrgatish markazi, yosh mutaxassislarga metodik yordam koʻrsatuvchi Kasbiy mahorat maktabi, Kompetensiya maktabi, Ota-onalar uchun chet tili kurslari kabi ilmiy-oʻquv markazlarning tajribasi, ayniqsa, kollej va oʻrta maktab oʻqituvchilari uchun tom maʼnoda tajriba maktabi boʻlib xizmat qiladi. Albatta, taʼlim muassasalarida darslarni samarali tashkil etishda yetuk kadrlar bilan bir qatorda taʼlimga doir meʼyoriy hujjatlar, oʻquv-metodik taʼminotning oʻrni ham benihoyat ahamiyatlidir. Oʻqitishning zamonaviy metodologiyasini yaratish va amaliyotga joriy etish, oʻquvchilarning ongli ravishda kasb-hunar tanlash ishtiyoqini kuchaytirish, darsliklarni yaratishga butunlay yangicha yondashish kabi dolzarb vazifalar aynan shu maqsaddan kelib chiqilgan holda qoʻyilmoqda. Haqiqatan ham globallashuv jarayonining jadallashuvi oʻquv dasturlarimizni tubdan qayta koʻrib chiqishni, keng bilimga ega boʻlgan, mantiqiy fikrlay oladigan yoshlarni voyaga yetkazishga xizmat qiladigan, takomillashgan meʼyoriy hujjatlar, yangi pedagogik texnologiyalarni yaratishni taqozo etmoqda.

    Xalq ishonchi va eʼtiqodini mustahkamlamoq yoʻlida yangilanish, tafakkur erkinligi va fikr mustaqilligiga alohida eʼtiborni qaratishimiz zarur. Chunki tanlagan yoʻlimizning xaqligiga ishonch hosil qilib, odamlarimiz ongu shuuriga ana shu qatʼiyat va ishonchni olib kira olmas ekanmiz, boshqa sohalarda olib borayotgan ishlarimiz, erishayotgan muvaffaqiyatlarimiz oʻzining mustahkam zaminiga ega boʻla olmaydi. Bu yoʻlda “...biz jonajon Vatanimizga boʻlgan cheksiz mehrimiz va sadoqatimizni muqaddas bayroq qilib, bor bilim va tajribamiz, aql-zakovatimizni ishga solib, yagona xalq, yagona millat boʻlib, koʻzlagan ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz”. Biz jahon taraqqiyoti bilan birga odim tashlashni maqsad qilgan ekanmiz, mamlakat oldida turgan amaliy vazifalarni hal etishda koʻp millatli jamiyatimizning xususiyatlarini eʼtiborga olishimiz zarur. Boshqacha qilib aytganda, olgʻa harakatning belgilovchi omili boʻlmish millatlararo inoqlik tajribasini doimo nazarda tutib, shunga amal qilmoq lozim boʻladi.

    Shu oʻrinda taʼkidlashimiz kerakki, Prezidentimizni “Necha-necha ajdodlarimiz orzu-niyat qilib oʻtgan mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirish bugun bizga nasib etgan ekan, bu oʻzligini anglagan har bir vatandoshimiz uchun chinakam baxt va sharaf emasmi?”, degan fikrlari bugungi kunda islohotlar shiddat bilan ketayotgan yurtda ishlash va yashash yanada yoqimli va totli ekanligini his etasan kishi. Qaysiki, xalq manfaatlari ustuvor boʻlgan mamlakatda amalga oshirilayotgan yangiliklar, oʻzgarishlar kishi qalbiga katta kuch, gʻurur va iftixor bagʻishlaydi. Insonni maʼnaviy yuksalishiga, har oʻtayotgan daqiqalarimizdan hikmat qidirishga daʼvat etadi.

    Xulosa qiladigan boʻlsak, Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” mavzuidagi javoblari barcha yurtdoshlarimizni oʻz Vatani uchun nima qilishi kerakligini anglashiga, Yangi Oʻzbekistonni har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanishiga oʻz hissalarini qoʻshishiga xizmat qiladi.

    Ilxom TOʻXTASINOV,

    Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, professor