Taʼlim transformatsiyasi: ixtisoslashtirilgan maktablar — umumtaʼlim tayanchi

    Fikr 20 Dekabr 2025 117

    Mamlakatimiz taʼlim tizimidagi islohotlar, xususan, iqtidorli yoshlar bilan ishlash hamda ularning xalqaro maydonda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar samarasi yana bir bor boʻy koʻrsatdi. Xususan, Xiva shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Shohjahon Koʻpalov xalqaro matematika chempionatida 50 dan ortiq davlatdan kelgan ishtirokchi orasida mutlaq gʻolib boʻldi.

    Namangan shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning iqtidorli ikki oʻquvchisi esa Pechak ligasiga kiruvchi, jahon universitetlari reytingining yuqori oʻrinlaridan birida turuvchi Pensilvaniya universitetiga oʻqishga qabul qilindi. Ayni natijalar Prezident maktablari tarmogʻida tatbiq etilayotgan zamonaviy taʼlim metodlari, individual yondashuv va ilmiy izlanishga yoʻnaltirilgan oʻquv muhiti samarasidir.

    Ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari erishayotgan natijalar Oʻzbekiston ilm-fanini dunyoga tanitishga xizmat qilayotir. Xalqaro fan olimpiadalarida oltin va kumush medallarni qoʻlga kiritgan yoshlarning 90 foizi ana shunday maktablar oʻquvchisi ekani fikrimizni tasdiqlaydi. Jumladan, oʻtgan yillar mobaynida ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari 24 ta oltin, 44 ta kumush, 55 ta bronza medal sohibi boʻlgan. Hatto bu yil xalqaro matematika olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan eng yosh qatnashchi — 7-sinf oʻquvchisi Umarbek Ubaydullayev ham Sergeli tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda oʻqiydi. Shu maʼnoda, bu tipdagi oʻquv muassasalariga ishonch ortib boryapti. Ular tajribasini umumtaʼlim maktablarida ham tatbiq etish ishlari boshlab yuborildi.

    Mamlakatimiz boʻylab 5000 ta umumtaʼlim maktabida oʻqitish sifatini oshirishga qaratilgan yangi baholash tizimini joriy etish va amaliyotga tatbiq qilish borasida ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari metodik hamda amaliy koʻmak berib kelmoqda. Oʻz navbatida, bu oʻquv jarayoni samaradorligini taʼminlash, taʼlim monitoringi bilan bogʻliq zamonaviy yondashuvlarni umumtaʼlim muassasalariga yetkazish va pedagoglar malakasini oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

    Shu yil 9-sentyabr kuni maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari yurtimizda 450 ming oʻquvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum borligi, lekin ularga yoshlarning qiziqishi, kasb topish koʻrsatkichi yuqori emasligini qayd etdi. Shuning uchun endi texnikumlarga ham Prezident va ixtisoslashgan maktablar tajribasi asosida xalqaro standart boʻyicha zamonaviy kasbga oʻqitish muhitini olib kirish zarurligi taʼkidlandi. Bu esa umumtaʼlim tizimidagi yangilanishlar samara berayotganiga ishora.

    2019-yilda ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari soni bor-yoʻgʻi 12 ta boʻlgan, bugun esa bu koʻrsatkich

    200 dan oshdi. Ushbu maktablarda faoliyat yuritayotgan pedagoglar 9000 ga yetdi. Oʻquvchilar soni esa 3500 dan 73 minggacha koʻpaydi. Shuningdek, 2025/2026 oʻquv yilida 17 ta hududiy ixtisoslashtirilgan maktab, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning filiallari ochildi. 9 ta ijod maktabi va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi mamlakatimizdagi yetakchi 10 talikka kirdi. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktablarda shaxmat darslari, “Yosh akademiklar” klubi faoliyati, akademiklarning mahorat darslari yoʻlga qoʻyildi. Taʼlim jarayoni 5 kunlik oʻqitish tizimiga oʻtkazildi.

    Mirzo Ulugʻbek va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda xalqaro IB oʻquv dasturi asosida dars berilmoqda. 30 ta ixtisoslashtirilgan maktabning 5-6-sinflarida STEM fanlar ingliz tilida — Kembrij taʼlim dasturi hamda darsliklari asosida oʻqitilmoqda. Xitoyning 5 ta nufuzli taʼlim tashkiloti bilan memorandum imzolandi.

    Bu maktablarda oʻquvchilar oʻqish va ijoddan boʻsh vaqtini sportda ham faollik koʻrsatish bilan oʻtkazyapti. Sport turlari boʻyicha 23 oʻquvchi milliy terma jamoa aʼzoligiga qabul qilingani, “Prezident olimpiadasi” sport musobaqasida boks boʻyicha 9 ta medal qoʻlga kiritilgani fikrimiz tasdigʻidir.

    Ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilariga oʻqishdan tashqari taʼlim doirasida iqlimshunoslik, bogʻdorchilik, dehqonchilik sirlarini oʻrgatib kelingani samarasi ham koʻrina boshladi. Prezidentimizning 2024-yil 1-apreldagi “Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida “Yosh akademiklar” klubini tashkil etish, har yili umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida taʼlim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim oʻzgarishi va qishloq ­xoʻjaligi yoʻnalishlarida yangi mahsulot yoki xizmat turini ishlab chiqishni nazarda tutuvchi “Ixtirochilikka qadam” tanlovini oʻtkazish belgilab qoʻyilgan. Shu maʼnoda, ixtisoslashtirilgan maktablarda ekologik taʼlim yoʻnalishiga ham alohida eʼtibor qaratilyapti.

    Ayni paytdagi global iqlim oʻzgarishlari, ekologik muvozanatning oʻzi ham taʼlim muassasalarida ekologik tarbiyaga jiddiy eʼtibor berilishi zarurligini koʻrsat­yapti. 2021-yildan buyon baʼzi maktablar “Eco-Schools Uzbekistan” xalqaro dasturida ishtirok etib kelayotgani, ularning 50 dan ortigʻida issiqxona barpo etilgani eʼtiborga molik. Bu, avvalo, biologiya yoʻnalishida tahsil olayotgan yoshlarning nazariy bilimini amaliyotda qoʻllashiga xizmat qilmoqda. Qolaversa, mahsulotlardan kichik startap sifatida foydalanishga ham yoʻl ochilyapti. Talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni sotish orqali maktabga kerakli jihozlar, issiqxona uchun koʻchat, urugʻ, oʻgʻit kabilarni sotib olish imkoniyati kengayadi. Issiqxona ortidan tadbirkorlar bilan shartnoma tuzib, daromad topayotgan oʻquvchilar bilan suhbatlashib, bunga ishonch hosil qildik. Namangandagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birining oʻquvchilari tayyorlagan innovatsion loyiha — harorat, namlik, shamol kuchi hamda boshqa meteorologik koʻrsatkichlarni aniqlaydigan “Clima Sense” ham maktablarda issiqxona xoʻjaligini yoʻlga qoʻyishda orttirilgan tajriba mevasidir.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Eco-Schools Uzbekistan” dasturi doirasida “Yosh fermer” loyihasi yoʻlga qoʻyilgan. Unga 2021-yili 22 ta, 2023-yili 40 ta, oʻtgan yili 89 ta, bu yil esa 139 ta maktab jalb etildi. Aʼzo maktablarga sharoitdan kelib chiqib, issiqxonalar qurib beriladi. Issiqxonaga ega boʻlgan maktablarda bogʻdorchilik uchun zarur sharoit yaratib berilgan. Oʻquvchilarning issiqxona xoʻjaligiga doir bilimini shakllantirish, iqlim oʻzgarishi va tuproq degradatsiyasiga taʼsirini oʻrgatish uchun ekspertlar ishtirokida mahorat darslari tashkil etilyapti. Bu loyiha koʻlami tobora kengayib, xalqaro tashkilotlarda ham qiziqish uygʻotayotir.

    Yigirmaga yaqin ixtisoslashtirilgan maktabda amaliyotga tatbiq etilgan “Zero Waste” (nol chiqindi) loyihasi chiqindi muammosiga yechim topishga qaratilgan. Bu yoʻnalishda ham koʻplab oʻquvchilar yangi-yangi gʻoyalar, startaplar ishlab chiqib, tanlovlarda gʻolib boʻlyapti.

    Hozir yoshlarning iqtidori, salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladigan tanlovlar juda koʻp. Ularning har biri oʻziga xos tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ayniqsa, yoshlarning sunʼiy intellektga qiziqishini oshiruvchi tanlovlarga ehtiyoj katta. Shu yil 28-noyabr kuni poytaxtimizda sunʼiy intellekt boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro forumda davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalar bunga yanada keng yoʻl ochadi. Ayni vazifalarni bajarish uchun Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi “Silkroad Innovation Hub” asoschisi bilan muhim kelishuvlarga erishdi. Bu orqali oʻquvchi va oʻqituvchilar sunʼiy intellektga asoslangan taʼlim dasturlari, zamonaviy oʻquv-seminarlar, onlayn taʼlim platformalaridan keng foydalanishi mumkin.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri