Janubiy Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilgan Toshkent shahridagi Inha universiteti ana shunday nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan sanaladi. Mazkur oliygoh, asosan, axborot texnologiyalari sohasi bo'yicha malakali kadrlar tayyorlaydi. Ma'lumki, dunyo miqyosida mazkur soha shiddat bilan rivojlanmoqda hamda IT mutaxassislariga bo'lgan talab juda yuqori. Chunki bugun birorta soha rivojini axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo'lmaydi.
Inha universitetining ana shunday kadrlarni yetkazib berishdagi o'rni qanday? Axborot texnologiyalarining dunyo ilm-fani rivojidagi ahamiyati nimada?
Toshkent shahridagi Inha universiteti o'qituvchisi, elektrotexnika va kompyuter fanlari bo'yicha falsafa doktori, Janubiy koreyalik Hong Jeong bilan suhbatimiz ana shu masalalar atrofida kechdi.
— Janob Hong Jeong, avvalo, ta'lim sohasidagi faoliyatingiz haqida qisqacha to'xtalib o'tsangiz.
— Men AQSHning Kembrij shahrida joylashgan Massachusets texnologiya institutining elektrotexnika va kompyuter fanlari bo'yicha falsafa doktoriman. Pedagogik faoliyatimning asosiy qismi Janubiy Koreyaning Pxoxan fan va texnologiyalar universiteti (POSTECH) bilan bog'liq. Mazkur universitetda 30 yil talabalarga dars berdim. Xitoyning Beijing Jiaotong universitetida ikki yil faoliyat yuritdim. Shu yilning fevral oyidan buyon Toshkent shahridagi Inha universitetida ishlab kelyapman.
— Universitet pedagogik jamoasi talabalarga qaysi yo'nalishlarda ta'lim beradi?
— Mazkur ta'lim muassasasi Janubiy Koreyaning Inha universiteti filiali sifatida 2014 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda universitetda 1500 nafardan ortiq talaba tahsil oladi. Universitet IT, menejment va logistika sohalari bo'yicha malakali kadrlar tayyorlaydi. Darslar ingliz tilida o'tiladi. Oliy ta'lim muassasasida o'zbekistonlik, koreyalik, hindistonlik va boshqa davlatlarning yetuk o'qituvchilari talabalarga yuqori darajada ta'lim berib keladi. O'quv rejasi elektrotexnika va kompyuter fanlari, shuningdek, logistika, menejment va buxgalteriya hisobi bo'yicha asosiy kurslarni o'z ichiga oladi. Shuningdek, Mobil dasturlash (Mobile programming), Chuqur o'rganish (Deep learning), “Internet narsalar” (Internet of things) va Blok zanjiri (Blocks chain) kabi eng zamonaviy mavzular bo'yicha ham fanlar o'tiladi.
Universitet o'zining zamonaviy o'quv va laboratoriya majmualariga ega. U laboratoriya ishlarini bajarish uchun ko'chma modullar, talabalar ishini monitoring qilish va baholash uchun dasturiy ta'minotni o'z ichiga oladi. Masalan, universitetda SAP next gen lab laboratoriyasi va SAP, Oracle Academy, Microsoft Imagine Academy, Aspex BI School, Cisco Academy kompyuter laboratoriyalari ochilgan.
Bugungi kunda Inha universiteti Janubiy Koreyadagi eng rivojlangan universitetlarning yuqori o'ntaligidan o'rin olgan. Universitetning yutuqlarga yetaklovchi shiori uch muhim g'oyani birlashtiradi: “Ijodkorlik, mehnatsevarlik va jamiyatga xizmat qilish”.
Toshkent shahridagi Inha universitetining asosiy vazifasi jamiyat va millat taraqqiyoti, axborot texnologiyalari sohasining rivoji uchun o'z hissasini qo'sha oladigan, yuqori malakali, har tomonlama barkamol mutaxassislarni yetkazib berishdan iborat. Universitet oldiga qo'ygan ustuvor vazifani oqlash maqsadida bakalavriat va magistrlik yo'nalishlari bo'yicha tahsil olayotgan talabalarga xalqaro standartlar asosida ilm olishga imkoniyat beradi.
Universitet uchun ilmiy izlanishlar, kashfiyotlar, shaxsiy qobiliyat va mas'uliyat kabi tushunchalar katta ahamiyatga ega. Universitet qonun-qoidalariga rioya etish, talabalarda axloq va mas'uliyat hissini o'stirish shu jamiyat a'zolarining vazifasiga kiradi. Shuningdek, talabalarning ilmiy izlanishlari, fan va texnika olamidagi yangi g'oya va dasturlarini amalga oshirishlarida keng imkoniyatlar, zarur shart-sharoitlar yaratiladi va ular rag'batlantiriladi.
— Toshkentda tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalarning Janubiy Koreyaning Incheon shahridagi Inha universitetida o'qishi va amaliyot o'tashi uchun qanday imkoniyatlar yaratilgan?
— Toshkent shahridagi Inha universiteti filiali 10 nafar faol va iqtidorli talabalarga Janubiy Koreyadagi Inha universitetining yozgi maktabida bepul o'qish imkoniyatini beradi. Har yili eng yaxshi ishlanmalar tanlov asosida tanlanadi. Bu asl va amaliy mahsulotlar yoki Toshkent shahridagi Inha universitetini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bo'lishi mumkin. Eng yaxshi loyihalar mualliflari yozgi maktabga ruxsatnoma oladi. Talabalar u yerda “Koreys tili”, “Sharqiy Osiyoning siyosati va xalqaro aloqalari”, “Koreya va uning madaniyati”, “Koreyadagi iqtisodiyot va biznes”, “Yangi texnologiyalar” kabi kurslarda amaliyot o'taydi.
— O'zbekistonlik yoshlarning IT bo'yicha bilim va malakasini qanday baholaysiz? Mazkur universitet bitiruvchilari qaysi yirik kompaniya yoki tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda?
— Men universitetda axborot texnologiyalari bo'yicha bir qator fanlardan dars o'taman. Xususan, mobil dasturlash fani bo'yicha uyali aloqa vositalari, smartfonlarning dasturlari, ularning qanday yaratilishi, o'rnatilgan dasturiy ta'minot fanidan esa mikrokontrollerdan foydalangan holda o'rnatilgan tizimlar uchun dasturiy ta'minotni loyihalash bo'yicha talabalarga saboq beraman. Ularning nazariy va amaliy ko'nikmalarini oshirib, ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarishga harakat qilaman.
IT sohasi bo'yicha o'zbekistonlik talabalar orasida iqtidorlilar ko'p. Biroq ta'limning keyingi bosqichida davom ettiruvchilar nisbatan kamroq. Bitiruvchilarning aksariyati o'qishni tamomlab, ishga joylashishga harakat qiladi. Shunga qaramay, bu sohada muvaffaqiyat qozonayotgan yoshlar talaygina. Misol uchun, Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchisi Darxonbek Mamataliyev 2019-yil fevral oyida AQSHning Filadelfiya shahridagi EPAM Global kompaniyasida katta dasturchi — dasturiy ta'minot bo'yicha katta muhandis sifatida ish boshladi. Inha universiteti bitiruvchisi Nuriddin Iminoxunov Google Developer Group Tashkent (GDG Tashkent) jamoasini yaratdi. U GDG DevFest festivalining tashkilotchisiga ham aylandi. Universitetning 4-bosqich talabasi Abdulloh Asqarov talabalar orasida “Microsoft” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi yagona hamkoridir. Umuman olganda, universitetni bitirgan talabalar orasida dunyoning nufuzli va yirik korporatsiyalarida, shuningdek, hukumat muassasalarida, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida faoliyat yuritayotganlar kam emas.
— Axborot texnologiyalari sohasida nazariy bilimlarni amaliyotda qo'llash, talabalarda ijodkorlik, yaratuvchanlik qobiliyatini shakllantirishda universitetning roli qanday bo'lmoqda?
— Avvalo, shuni aytish joizki, IT sohasi rivojida ta'limning o'rni beqiyos. Inha universiteti jadal rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari asriga mos keladigan bilimli, qobiliyatli va yaratuvchan yoshlarni yetishtirib chiqarish maqsadida tashkil etilgan. Universitet o'z talabalariga nafaqat nazariy va amaliy bilim beradi, balki shu bilimni kelajakda ish faoliyatida qo'llay olishlariga barcha shart-sharoitlarni yaratib beradi. Chunki ta'limning asosiy negizini amaliy tajribalar tashkil qiladi. Talabalar universitetda ham texnik ta'minot (hardware), ham dasturiy ta'minot (software) bo'yicha o'qitiladi. Sodda qilib aytganda, ular ham axborot-texnologiya vositalarini ixtiro qila oladigan, ham ular uchun dastur yarata oladigan yetuk muhandislar bo'lib yetishadilar.
Bugun zamon shiddati axborot texnologiyalari sohasida, ayniqsa, ko'proq ko'zga tashlanmoqda. Bugun chiqarilgan smartfon ko'p o'tmay “eskiryapti”, o'rniga modernizatsiyalangan yangisi chiqarilmoqda. U yanada takomillashtirilgan dasturlari va imkoniyatlari bilan avvalgisidan o'zib ketmoqda. Bu zamon shiddati, olimlarning tinimsiz izlanish, yangilik yaratishga bo'lgan intilishlari mahsuli. Shu bois, “Microsoft” kompaniyasi asoschisi, dunyoning eng boy insonlaridan biri Bill Geyts: “Agar yangi dastur ishlab chiqqan bo'lsang, demak u allaqachon eskiribdi”, degan edi.
Biz talabalar ongiga shu jihatlarni singdirishga harakat qilamiz. Ularning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga, yangi loyiha, ishlanmalar va dasturlar ustida izlanishga undaymiz.
— Axborot texnologiyalari sohasi kelajagini qanday tasavvur qilasiz? U qaysi sohalar rivojiga yanada keng yo'l ochadi, deb hisoblaysiz?
— So'nggi ikki yuz yildan ko'proq vaqt davomida dunyo uchta sanoat inqilobini boshdan o'tkazdi. Birinchi sanoat inqilobi davrida fabrikalar tashkil etildi. Bug' dvigatellari, undan so'ng poyezdlar kashf etildi. Ikkinchi sanoat inqilobi bundan-da tezroq kechdi: insoniyatga telegraf, avtomobilni tuhfa etdi, elektro energetika va neft-kimyo singari ishlab chiqarish sohalari rivojiga yo'l ochdi. Uchinchisi kompyuter, mikroprotsessor, uyali aloqa vositasi, internet, ijtimoiy tarmoqlar yuzaga kelishiga va rivojiga yo'l ochdi.
To'rtinchi sanoat inqilobi endi boshlanyapti. Lekin u hozirdanoq o'z mevasini beryapti. Zamonaviy texnologiyalar barcha sohalarga tatbiq etilib, har qanday biznesning asosi bo'lib xizmat qilmoqda. Yirik korporatsiyalar zamon talabiga moslashish uchun IT-kompaniyalarga aylanib boryapti. Barcha sohalarda robotlardan, sun'iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda, haydovchisiz avtomobillar, poyezdlar, qayiqlar sinovdan o'tkazilmoqda. Bularning barchasi to'rtinchi sanoat inqilobi fonida yuzaga kelayotgani e'tiborga molik. Odatiy dasturchilar, tizim ma'muri, veb-dizayner, iOS-dasturchisi, 3D-animator, kompyuter grafikasi rassomi kabi IT sohasi mutaxassislari qatorida yangilari paydo bo'lishi kutilmoqda. Neyrointerfeyslar loyihachisi, tarmoq yuristi, raqamli tilshunos singarilar shular jumlasidan. Bu esa, o'z navbatida, zamon talab va ehtiyojlariga mos kadrlarni tayyorlashni ham taqozo qiladi.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ilmiy tadqiqotlar, IT texnologiyalar, startap g'oyalar, kompyuter savodxonligiga juda katta e'tibor berilmoqda. Chunki bugungi tezkor zamonda faqatgina ilm-fan yutuqlari va yangi texnologiyalar orqali iqtisodiy o'sishga erishish mumkin. Shu bois, mazkur soha rivojiga e'tibor kuchayib boraveradi. Qolaversa, IT juda serdaromad sohalardan sanaladi. Dell Technologies, IBM, Cisco Systems, Accenture, Oracle, Fujitsu singari dunyoga mashhur IT kompaniyalar axborot texnologiyalari eksportidan yiliga milliardlab foyda ko'radi. Birgina Dell Technologies kompaniyasining o'tgan yilgi daromadi 92 milliard dollarni tashkil etdi.
IT texnologiyalarning insoniyat uchun naqadar ahamiyatli ekani pandemiya davrida — karantin sharoitida yanada ko'proq namoyon bo'ldi, desak ko'pchilik fikrimga qo'shilsa kerak. Masofadan turib ishlash, o'qish, oziq-ovqat, kiyim-kechak buyurtma qilish va boshqa masalalarda axborot texnologiyalarning imkoniyatlari o'z so'zini aytdi. Demakki, axborot texnologiyalari taraqqiy etavergani sayin unga barcha sohalarda ehtiyoj ortib bormoqda, aholiga qulaylik yaratib, ularning turmush tarzi va farovonligini yaxshilanish imkonini bermoqda.
— O'zbekistonda IT sohasini yanada rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak, deb o'ylaysiz?
— Bugungi kunda O'zbekistonda axborot texnologiyalari rivojiga alohida e'tibor qaratilmoqda. 2019-yilda Toshkentda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki — IT Park hamda viloyatlarda uning filiallari ochilgani so'zimiz tasdig'i bo'la oladi. Bu startap loyihalarni amalga oshirish, yoshlarni dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishga keng jalb qilish, qobiliyatli yoshlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shunga qaramay, mamlakatingizda elektrotexnika va mashinasozlik yo'nalishida asbob-uskunalar ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirishga ehtiyoj tug'ilmoqda. Bu yangi ish o'rinlari yaratish, mutaxassislar safini kengaytirish imkonini beradi. Mazkur tarmoqlarda infratuzilmaning kam rivojlangani tufayli bitiruvchilar asosan IT sohasining dasturiy ta'minot va boshqa xizmatlar sohasida ishlashga majbur bo'lmoqda.
Yana bir masala. Axborot texnologiyalari bo' yicha xorijda tahsil olgan kadrlarni O'zbekistonga qaytarish va ularga munosib ish topib berish maqsadga muvofiq, deb o'ylayman. Bu IT sohasidagi ilg'or xorij tajribasini mamlakatingizda keng tatbiq etish, bilim va tajribani yoshlarga yetkazish, pirovardida sohani yanada taraqqiy ettirishga keng yo'l ochib beradi.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Shahzod G'afforov
suhbatlashdi.








