Joriy yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb atalishi zamirida ham ayni shu ezgu g‘oya — ta’lim sohasida boshlangan islohotlarni davom ettirish, maktab infratuzilmasini takomillashtirish, o‘qituvchilik kasbining mavqei va ta’lim sifatini oshirishdek ezgu maqsad mujassam.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir. Shu bois, birinchi navbatda, e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investisiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratamiz”, degan edi.
Shu ma’noda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik fondi (GPE), YUNICYeF hamda milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda 2023-2026 yillarda ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangani katta voqea bo‘ldi.
Sifatli ta’limdan adolatli foydalanishni ta’minlashga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilish jarayonini jadallashtirish uchun juda muhim vositadir. Hujjat 2026 yilgacha maktabgacha va maktab ta’limini isloh qilishdagi ustuvor yo‘nalishlar, aniq va katta maqsadlarni o‘z ichiga olgan.
— “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqqanimiz hamkorlarimiz bilan birgalikda islohot dasturini amalga oshirish uchun mantiqiy va muhim qadam bo‘ldi. Ta’lim sektori uchun ishlab chiqilgan bu xarita nafaqat o‘qitish sohasida ishtirok etuvchi turli manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish, balki eng samarali yechimlarni kengaytirish imkonini berishi kutilmoqda, — deydi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova.
Ayni paytda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrovini 80 foizga yetkazish uchun maktabgacha ta’lim tizimida qo‘shimcha 620 ming o‘rin hamda 2026 yilgacha xalq ta’limi tizimidagi maktablarda 1,2 millionga yaqin o‘rin ochilishi kerak.
Ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar o‘rtasida sa’y-harakatlar muvofiqlashtirilmagani “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatdi. Endi mazkur “Yo‘l xaritasi” 54 hamkor tashkilotni birlashtirib, ta’lim sektoridagi islohotlarni amalga oshirish uchun aniq dastur ijrosini ta’minlaydi. Mazkur hujjat etika, vijdonli bo‘lish, korrupsiyaga qarshi kurash, adolat va inson huquqlarini amalga oshirish tamoyillariga asoslanadi.
— Inson kapitali davlatni taraqqiy ettirishning muhim omilidir. O‘zbekistondagi demografik imkoniyatlarni dividendga aylantirish uchun hamkorlar bilan birgalikda ta’limga sarmoya kiritishni ustuvor yo‘nalishga aylantirishda davom etish kerak. “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish jarayonida bu yo‘nalishdagi muhim vazifalar belgilab olindi, — deydi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — Bunga erishish uchun maktab va maktabgacha ta’lim infratuzilmasini kengaytirish va modernizasiya qilishga salmoqli sarmoya kiritish bilan birga sifatli inklyuziv ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash zarur.
“Yo‘l xaritasi” taqdimoti ta’lim sohasida yanada yuqori natijalarga erishish uchun yo‘lning boshlanishidir. Bu boradagi samarali hamkorlik adolatli ta’lim tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shadi.
— “Yo‘l xaritasi”da ta’lim sohasidagi o‘ziga xos muammolardan kelib chiqib vazifalar belgilangan. Maktabgacha va maktab ta’limida shu paytgacha to‘plangan masalalarni hal qilish ikkala tizimda ham sifatni ta’minlashga bevosita aloqador bo‘lgan, uni amalga oshiruvchi pedagog kadrlarning malakasi, dars berish jarayonini yaxshilash, u bilan bog‘liq bo‘lgan o‘quv dasturini takomillashtirish, maktablarda o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirishni nazarda tutadi, — deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Abdurahim Nosirov. — Keng qamrovli yo‘nalishlarni qamrab olgan “Yo‘l xaritasi” ustida uch-to‘rt oy mobaynida 54 ta hamkor xalqaro tashkilot vakillari bilan birga ishlandi. Dastlab olti, keyin ularni maqbullashtirgan holda to‘rtta yo‘nalishdagi vazifalar ishlab chiqildi. “Yo‘l xaritasi” bir necha bor muhokamalardan o‘tkazildi. Xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalari olindi.
O‘qitish sifatini ta’minlash juda ko‘p jihatdan o‘qituvchining salohiyatiga, dars berish mahoratiga bog‘liq. Shu bois, bugun ta’lim tizimida pedagog va rahbar kadrlarning faoliyat yuritayotgan tarkibini sifat jihatidan yaxshilash, o‘qitish mahoratini xalqaro tajribalar asosida takomillashtirish, yangi metodikalarga o‘rgatish, foydalanilayotgan darsliklar, metodikalarni yangilash, takomillashtirish kabi vazifalar yechimi kutilyapti.
“Yo‘l xaritasi”da pedagog kadrlar malakasiga katta e’tibor qaratilgan. Ma’lumki, o‘qituvchilarning sifat tarkibi doim ham bir xil bo‘lmaydi. Oliy ta’limni endi bitirib, sohaga kirib kelgan o‘qituvchi bilan tajribali pedagoglarning bilim berishida tafovut bor. Yangidan ish boshlayotganlarga ustozlarni biriktirib qo‘yish, yangi metodikalarni o‘rgatib borish orqali sifat, albatta, yaxshilanadi.
— Bu Markaziy Osiyoda nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan ishlab chiqilgan birinchi “Yo‘l xaritasi”dir, — deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining boshqarma boshlig‘i Laziz Xo‘jayev. — Hujjatni tayyorlash jarayonida hammaning fikri e’tiborga olindi. O‘quvchilar va o‘qituvchilar, vazirlik va idoralar, xalqaro hamkorlarning maslahat va kelishuvi asosida, “Yo‘l xaritasi” tuzildi. Unda belgilangan maqsadlarga birgalikda erishishni ko‘zda tutuvchi hujjatga qo‘l qo‘yildi. Bu, albatta, barchamiz uchun katta yutuq.
Endi xalqaro tashkilotlar tomonidan ta’limga berilayotgan moliyaviy ko‘mak, grant va investisiyalar aynan ushbu xaritada belgilangan maqsadlarga yo‘naltiriladi. Mazkur xarita bilan 2026 yilga qadar qaysi yo‘nalish bo‘yicha qancha mablag‘ sarflanishi, natijasi qanday bo‘lishini ko‘rsata oladigan tizim yaratildi.
“Yo‘l xaritasi”da maktablarni qurish va rekonstruksiya qilish, darsliklar ishlab chiqish va o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘quvchilar bilimini baholashning adolatli va shaffof tizimini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “Yo‘l xaritasi” umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish orqali farzandlarimizni har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli, ertangi kunimiz suyanchi va tayanchi bo‘la oladigan insonlar sifatida kamol toptirishga xizmat qiladi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri